Jinsiy tajovuz qurbonlariga yangicha ruhiy yordam

  • Amerika Ovozi

Indoneziyalik ayollar jinsiy tajovuzga qarshi namoyishda.

Indoneziyalik ayollar jinsiy tajovuzga qarshi namoyishda.

Yangi tadqiqotga ko’ra, urushga tortilgan, yuqori malakali ruhshunoslar tanqis jamiyatlarda jinsiy tajovuz qurbonlari bilan guruhlarda terapiya o’tkazish yaxshi samara beradi.

2000-yildan buyon BMT Xavfsizlik kengashi ayollarga nisbatan jinsiy tajovuz inson huquqining toptalishi deya sanalishi haqida to’qqiz rezolyutsiya qabul qildi.

Zo’rlangan xotin-qizlar jismoniy va ruhiy salomatligiga jiddiy zarar yetadi, ular tushkunlikka tushadi, turli ruhiy muammolarga yuz tutadi, deydi Merilenddagi Jons Hopkins salomatlik instituti professori Judit Bass.

Ayollarga tajovuz gobal muammoga aylangan, bunday holatlar qurbon yashaydigan jamiyatlarga ham salbiy ta’sir ko’rsatadi, deydi ruhshunos:

“Ayollarga nisbatan jinsiy tajovuz, shunchaki, zo’ravonlik emas. Afsuski bu, shuningdek, urushda bir tarafning dushmanga mansub aholini kamsitish va tahqirlashning vositasi bo’lib xizmat qiladi”.

Kongo demokratik respublikasida mana 30 yildirki fuqarolar urushi davom etmoqda. Bass va hamkasblari jinsiy tahqirlash qurbonlarini guruhlarga ajratib, psixologik sessiyalar tashkil etishga qaror qildi. Badavlat g’arb mamlakatlarida zo’rlangan ayollar bilan aynan shunday terapiya samara bergan.

Tadqiqotda yoshi 18 dan oshgan 157 ayol qatnashdi. Yana 248 ayol bilan yuzma-yuz terapiya o’tkazildi, ular ruhshunos-maslahatchilar bilan o’z qo’rquvlari va hissiyotlari haqida gapirishga rag’batlantirildi.

Olti oydan so’ng yuzma-yuz davolashdan o’tgan xotin-qizlarning 42 foizi depressiyadan davolandi. Guruhlarda davolangan ayollarning orasida bundaylar soni 70 foizga yetdi.

Bass deydiki, qishloqlarda yashaydigan qurbonlar ruhshunos-maslahatchi kasbini endi egallagan mutaxassislar bilan guruhlarda shug’ullanishi mumkin. Mutaxassislarning yuqori malakali professional bo’lishi shart emas.

“Ular bu ishni uddalaydi. Maxsus ta’lim olmagan bo’lsa-da, xotin-qizlar bilan ishlay oladi”, - deydi Bass.

Qurbonlar asosan maslahatchi-mutaxassislar bilan ishlaydi, vaqti-vaqti bilan yuqori malakali ruhshunoslar ko’rigidan o’tishi talab qilinadi. Bunday strategiya yaxshi natija berishiga umid qilaman, deydi professor Judit Bass.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG