Anevrizmadan omon qolish uchun ilg’or texnologiya zarur

  • Amerika Ovozi

Har yili dunyo bo’ylab yarim million odam anevrizmalar sababli olamdan o’tadi. Anevrizma miyadagi qon tomirlarining shishishi va yorilishidir. Omon qolganlar ko’pgina hollarda ko’r yoki soqov bo’lib qolishi, xotirasini yo’qotishi mumkin. Ammo yangi texnologiyalar bu kasallikka chalinganlar hayotini saqlab qolish imkonini bermoqda. Amerikada taniqli askiyachi Bomon Bekon anevrizma nimaligini juda yaxshi biladi. “Amerika Ovozi”ga u o’z kechinmalari haqida hikoya qiladi.

“Yigit uylansa avval bulutda yurgandek sezadi o’zini. Keyin bo’yindagi ola-xurjun nimaligini tushunadi,” - hazil qiladi Bomon Bekon.

Kasbi - odamlarni kuldirish, ko’nglini ko’tarish. Hozir u yangi konsert dasturiga tayyorlanmoqda. Hayotidagi eng dahshatli damlar hamon ko’z oldida.

“Bomon Bekon bilan suhbatga marhamat. Bugungi mavzu - hayotimning muhim voqealari. Aniqrog’i - miyam. 2010-yil 31-yanvar kuni miyamdagi ikkita tomir yorildi. Boshimga ikki musht gurs etib tushgandek bo’ldi o’shanda. Shundoq ko’zim o’rtasiga,” - hikoya qiladi u hazil aralash.

Anevrizma yuz berganida, ya’ni qon tomiridagi shish yorilganida 50 foiz hollarda bemor olamdan o’tadi. Bekonni davolagan neyroxirurg Maykl Aleksander uning ahvoli juda og’ir edi, deya eslaydi. Bunday ko’rgulikdan tirik chiqish ko’p narsa talab qiladi.

“Miyaning peshona qismida tomir yorilib, qon ketgan. Shundoqqina ko’zlari orqasida. Miyaning qon quyilgan o’sha qismi taxminan tovuq tuxumidek edi. Bu juda katta hisoblanadi,” - deydi doktor Aleksander.

Bekon omadi bor ekan, omon qoldi. Chunki uning shifokori Los-Anjelesdagi Sedars-Sinay kasalxonasining Neyro-qon tomir markazini boshqaradi.

Kuchli mutaxassislar, zamonaviy apparatura, ilg’or texnologiya. Masalan, tomirdagi qon ketgan joyga katetr kiritilib, platina simlar bilan bog’lab qo’yiladi va bu bilan tromb shakllanishining oldi olinadi.

“Bosh suyagini yoki miyani kesish va jarrohlik operatsiyasini o’tkazishga hojat yo’q. Katetr ham, simlar ham arteriyadan kiritiladi. Bu miyaga qon quyilishi oldini oladi. Bemorning so’gayishi davri ham ancha qisqaroq,” - deydi shifokor.

Bekonning sog’ayish davrida shifokorlar miyadagi shishni qaytarish va tomirlardagi spazmlarga yo’l qo’ymaslikka harakat qildi.

Anevrizmadan omon qolgan Bomon Bekon

Anevrizmadan omon qolgan Bomon Bekon

U bir oy komada yotdi. Shifokorlar bemor bir umrga shol qolishi, soqov, ko’r bo’lishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Ammo mehribon turmush o’rtog’i va muolajalar yordamida Bekon oyoqqa turdi.

“Uning kuchiga va hayot uchun kurashganiga qoyil qolish kerak. Turmush o’rtog’iga suyandi,” - deydi doktor Aleksander.

“Koma haqida yettita narsa bilishingiz kerak. Birinchisi: komaga tushmang. Ikkinchisi: birinchi punktga qarang,” - hazil qiladi Bekon.

Miya anevrizmalari jamg’armasiga ko’ra, qattiq boshog’riq tomirlarning yorilishining birinchi belgisi bo’lishi mumkin. Bundan ogoh bo’lish va doktorga vaqtida murojaat qilish kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG