Helen Tomas - AQShning 10 prezidentini yoritgan jurnalist

  • Amerika Ovozi

Helen Tomas 10 prezident faoliyatini yoritgan jurnalist, 1943-yilda Franklin Ruzveltdan tortib, Barak Obamagacha. 2010-yilda nafaqaga chiqqan edi. (Helen Tomas Oq uy rahbari Lindon Jonsonga savol bermoqda, 1968-yil, 25-aprel)

Helen Tomas 10 prezident faoliyatini yoritgan jurnalist, 1943-yilda Franklin Ruzveltdan tortib, Barak Obamagacha. 2010-yilda nafaqaga chiqqan edi. (Helen Tomas Oq uy rahbari Lindon Jonsonga savol bermoqda, 1968-yil, 25-aprel)

Qo’shma Shtatlarda Helen Tomas (Helen Thomas) desangiz, ko’pchilik ko’z oldiga davlat rahbarini birinchilardan bo’lib savolga tutadigan, haqiqatning tagiga yetish uchun bahslashishdan tolmaydigan onaxon keladi. U 20-iyul kuni Vashingtondagi uyida 92 yoshida vafot etdi.

1920-yilda Kentuki shtatida livanlik nasroniylar oilasida dunyo kelgan va o'zini hamisha arab-amerikalik deb tanishtirgan Helen Tomas 60 yil davomida Oq Uydan turib Amerika siyosatini yoritdi. Vashington, uning fikricha, bitmas-tuganmas siru-asrorlar o’chog’i.

Siyosatga qo’l urgan har bir shaxs omma oldida har bir qadami uchun javob berishi kerak, degan edi Helen Tomas “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

U AQShda prezident faoliyatini yaqindan sharhlagan birinchi ayol jurnalist.

“Bugungacha 10 rahbarni ko’rdim, juda murakkab shaxslar”, - derdi Tomas.

Xonim Vashingtonda muxbirlikni boshlaganida, AQSh poytaxtida ayol jurnalistlar yo’q edi hisob. 1943-yilda Amerika siyosat markazida faqat erkaklar hukmron edi.

"Har bir kunimiz o’ziga xos bir tarix. Yangilikni yoritishni hayotiy maqsadim deb bilaman”,- derdi muxbir.

1961-yilda Jon Kennedi prezidentlik paytida Helen Tomas Oq Uydan muntazam xabarlar uzata boshlaydi.

“Mengacha Oq Uyga ayol jurnalistlar kiritilmagan. Lekin Jon Kennedi yangi zamon odami edi. Yoshlar uchun katta eshik ochgan. Maqsadi buyuk edi”,- derdi Tomas.

Shundan beri Amerika 10 rahbar va 10 turli siyosatni ko’rdi. Ularning hammasini yaqindan kuzatgan va tahlil qilgan Helen Tomas tirik ensiklopediya edi. Keksa jurnalist prezidentlar bilan safarlarini yaxshi eslardi.

"Masalan 1972-yilda prezident Nikson bilan Xitoyga borganimizda, bu davlat AQSh bilan hech qanday aloqaga ega emas edi. Mening jurnalist sifatidagi vazifam xalqimga Xitoy haqida hamma narsani aytib berish edi. Sakkiz kunlik safar ko’zimni ochgan. Qaniydi hamma narsani yoritishning iloji bo’lsa… Xitoy biz uchun notanish bir dunyo edi”.

Helen Tomas Oq Uyda birinchi qatorda, o’z o’rniga ega edi. Prezident matbuot kotiblarini o’ziga xos dushman deb bilardi. Haqiqatni ayt deb qistardi.

Jorj Bush prezidentligi davrida hukumatni shu qadar ko’p savolga tutardiki, oradagi qizg’in bahslar har kuni telekanallarda qayta-qayta namoyish etilardi.

Mana bu so'zlashuv ulardan biri, Helen Tomas va prezident Bush orasida:

Helen Tomas: Bir savolim bor, janob prezident, Iroqqa bostirib kirish haqidagi qaroringiz sabab minglab amerikalik va iroqlikning yostig’i quridi. Yana minglab odamlar bir umrga jarohatlandi. Bu urushni asossiz boshlaganingiz hammaga ayon. Nega Iroqqa qarshi urush ochdingiz?

Prezident Bush: Savolingizga e’tirozim yo’q. Sizni jurnalist sifatida hurmat qilaman. Lekin, Helen, men urushni xohlagan emasman. Meni urush istaganlikda ayblash nohaqlik.

Di Di Mayers Bill Klinton davrida matbuot kotibasi bo’lgan. Oq Uyda bu kursini egallagan birinchi ayol.

“Helen Tomas hech narsadan toymasdi. Qo’rqmas jurnalist. Har kuni, har hafta, rahbariyatni nega, nima uchun, qanday deya savolga tutardi. Fakt - Helen Tomasning xudosi edi”,- deydi Mayers xonim.

Helen Tomas unga Vashingtonda “boshog’riq” sifatida qarashlarini bilardi:

“Albatta, achchiq haqiqat kimga ham yoqardi. Amaldorlar qattiq savollarni ko’tara olmaydi. Prezidentlar shu bois mening savollarimga javob bermaslikka harakat qiladi yoki o’zini eshitmaganga oladi. Lekin javob berishi shart, chunki jurnalist -xalq vakili”.


Uning nafaqaga chiqishiga sabab bo'lgan narsa ham siyosiy: Helen Tomas 2010-yilda bergan intervyusida Isroil yo'q bo'lishi kerak deb aytgan. Yahudiylar Yevropa, Amerika va boshqa joylarga tarqab ketishi kerak, chunki aslida ular bugungi Isroilga o'sha yerlardan kelgan degan gapi shu qadar norozilik uyg'otganki, Tomas xonim uni noto'g'ri tushunishganini aytib, iste'foga ketgan.

Lekin u 92 yoshida ham ijodda edi. Kundalik gazetalarga siyosiy sharhlar yozardi. Besh tahliliy-tarixiy kitob muallifi.

Ayol muxbirlar bugun ommaviy axborot vositalarida ko’pchilikni tashkil etadi. Lekin, derdi Helen Tomas, xotin-qizlar uchun hali ish ko’p.

“Ayollarimiz ulkan yutuqlarga erishdi. Har ishga qodir ekanini isbotlashdi. Ammo har jihatdan tenglikka erishdik deyolmaymiz. Ularni hamon kamsitishadi. Bunga chek qo’yish kerak”,- derdi Tomas xonim.

Oq Uyni yoritayotgan shogirdlari va yangi avlod jurnalistlariga “rahbarlarni so’roqqa tutishdan tortinmang” deya maslahat berardi.

“Bu osonmas, shijoat va aql kerak. Qarshingizda prezident turibdi, fursatdan foydalaning. O’tkir savollar bering. Mayli jahli chiqsin, nima bo’libdi”?- derdi jurnalist.

Omma fikrini tushungan, xalq orasida yurgan jurnalist rahbarlarga odamlar dardini yetkaza olishi kerak. Jurnalistlikning mohiyati shunda. Helen Tomasdan shunday ajoyib maslahatlar va 70 yillik ijod meros qoldi.

"Amerika Ovozi" Helen Tomas haqida 2010-yilda bergan reportajni tomosha qiling:


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG