Breaking News

Urushdan qaytgan ayol askarlar uchun panoh


Amerikada 300 mingdan ziyod faxriy boshpanasiz. Bu davlat qurolli kuchlarida ayollar ko’paygani sari uysiz faxriylar orasida ham ular safi kengaymoqda. Bu veteranlarga nafaqat hukumat, balki oddiy kishilar yordam qo’lini cho’zmoqda.

Faxriy askar ayollarga yordam/Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:55 0:00
Yuklab oling

Masalan, “Final Salute” nodavlat tashkiloti askar xotin-qizlar va ularning farzandlarini suyab, oyoqqa turib olgunicha boshpana beradi.

Kundalik Eshittirish
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:29:58 0:00
Yuklab oling

Ozora Kassanova bir yil oldin uysiz qolaman deb o’ylamagan edi.

“Student edim. Yarim stavka ishim bor edi. Askarlik ham qilardim. Rafiqa edim”, - deydi u.

Lekin zobit ayol ishidan ayrilib, ajrashdi; hisobida bir chaqa puli qolmadi va ijaradan turgan uyidan haydab solishdi. Xayriyat, yarim yil oldin “Final Salute” haqida xabar topib, Virjiniyadagi olti xonali uyga ko’chib kirdi. Vaqtincha. Faqat nomi boshpana, aslida haqiqiy xonadon, oila, deydi u.

“Rezyume yozishni o’rgatishdi. Ishonchli ustozlar topdim. Xo’jalik, kundalik hayot uchun zarur mahsulotga pul berib turishadi. Yegulik va boshqalarni o’ylab boshim qotmaydi”, - deydi Ozora.

Shu yordam bois u ish qidirib, yana o’qishga qaytishga e’tibor qarata oldi. Shunday muammolardan o’tgan boshqa xotin-qizlar uni qo’llab yubordi.

“Tajribasi bilan o’rtoqlashadi. To’g’ri qarorlar qabul qilishni o’rgatadi. Men bunday yo’l tutgan edim, shunday qilgan edim, deyishadi. Bir-birimizdan o’rganamiz”, - deydi Ozora.

Urush faxriysi Ashli Dayer besh oy uy izlab, nihoyat iyunda ko’chib kirdi: “Hayotimdagi eng og’ir damlar edi”.

Dayerning qo’lida qalami bor, kinorejissyor bo’lishni orzu qiladi. “Final Salute” asoschisi Jas Butdan ilhom olaman, deydi u.

“Misoli ota-onaday g’amxo’rlik qiladi menga. O’zimning oilam, ota-onam bo’lmagani uchun buning qadriga yetaman. U har doim menga ishonch bag’ishlaydi, muvaffaqiyat qozonasan, deb chin dildan ishonadi. Agar astoydil harakat qilmayotgan bo’lsam, buni ochiq aytadi”, - deydi Ashli.

Jas But avval o’zi ham 13 ming uysiz ayol faxriylardan biri edi. O’shandan keyin “Final Salute” loyihasini ta’sis etdi. Muhtoj askar xotin-qizlarga yordam berishni maqsad qildi.

“Hamma faxriylar ham reabilitatsiyaga muhtoj emas. Ba’zilariga oddiy yordam kerak, masalan, boshpana. Oyoqqa turib olish uchun vaqt. Biroq veteranlarga atalgan hamma dasturlar ham bunga mo’ljallangan emas”, - deydi Jas.

Oxirgi ikki yilda “Final Salute” yordamida to’qqiz faxriy va besh bola uyli bo’ldi. Vaqtincha bo’lsa ham, haqiqiy xonadondan hech qolishmaydi.

“Uy qidirib yurganimda birinchi bo’lib o’zim, farzandlarim uchun qanday joy xohlagan bo’lar edim, deb o’yladim. Shinam bir mahallada, kattagina hovlida yashashning gashti boshqacha, to’g’rimi? Oziq-ovqat yoki kiyim-bosh haqida o’ylashi kerak emas, faqat o’z ustida ishlasa bo’ldi”, - deydi Jas.

“Final Salute”ning ikkinchi idorasi yaqinda ishga tushadi. Ya’ni yana bir necha askar ayol nafasini rostlab olib, hayotga qaytish imkoniga ega bo’ladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG