Xelsinki Komissiyasi qirg'iz hukumatini ishonch rishtalarini tiklashga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Komissiya nazarida referendum ketidan hukumatda vaziyatni barqarorlashtirish uchun qonuniy mandat bor.

AQShning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Komissiyasi yoki qisqacha Xelsinki Komissiyasi Qirg'izistonda o'tgan konstitutsion referendumni olqishlab, janubda vaziyat barqarorlashishiga umid bildirgan.

Komissiya raisi, senator Benjamin Kardinning aytishicha, referendum muvaqqat hukumatni qonuniylashtirdi. Endigi vazifa - etnik o'zbeklar bilan ishonch rishtalarini tiklab, korrupsiyaga qarshi kurashish. Kardin Qo'shma Shtatlar yordam tariqasida Qirg'izistonga 50 million dollar ajratilayotganini olqishlagan.

Komissiya hamraisi, kongressmen Elsi Xeystings Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotini Qirg'iziston janubidagi xunrezliklar jabrdiydalaridan dalillar to'plab, hududga kuzatuvchililk mandatiga ega qurolsiz politsiya kuchlarini kiritishga chaqirgan.

Xelsinki Komissiyasi a'zolaridan biri, kongressmen Jozef Pitts qon to'kishlarda qo'li borlarni sudga tortib, armiya va militsiyanining, ba'zi hollarda uchraganidek, zo'ravonliklarga qo'l urmasligini ta'minlash zarur, deydi.

Bu o'rtada BMTning qochqinlar bo'yicha agentligi O'zbekistondagi lagerlardan yurtiga qaytgan 100 mingga yaqin qirg'izistonlik qochqin va xunrezlikdan qochib, xavfsizroq joylarda jon saqlagan odamlarga yordam beryapmiz, deydi. O'zbekistonda 400 ga yaqin qochqin qolgan xolos. Ular kasalxonada davolanmoqda.

BMT agentligi vakili Adrian Edvardsning aytishicha, Qirg'iziston janubida 375 ming kishi yordamga muhtoj.

Unga ko'ra, qochqinlar agentligi mutaxassislari O'shdagi bir necha mahallalarda bo'lib, vaziyatni o'rgandi. Ko'plab uylar vayron bo'lgan, deydi Edvards.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG