Respublikachilar latino saylovchilar ko'ngliga yo'l topmoqchi

  • Amerika Ovozi

Florida shtatining Tampa shahrida davom etayotgan respublikachilar qurultoyi kun tartibidan bir qator muhim masalalar o’rin olgan. Partiya strateglari saylovda g’alabani ta’minlashga qodir saylovchi guruhlarga diqqat qaratmoqda. Ana shunday guruhlardan biri ispan tilida so’zlashuvchi fuqarolar. Ular odatda demokratlarga ovoz beradi. Respublikachilar esa latino fuqarolarni o’ziga og’dirmoqchi.

Respublikachilar qurultoyiga mezbonlik qilayotgan Tampa shahrida ispan tilida so’zlashuvchi amerikaliklar azaldan istiqomat qiladi. Ularga tegishli Kuba sigarasi do’konlari va restoranlar syezd delegatlari diqqatini jalb etdi. Ammo maqsad faqat lazzatli taomlaridan rohatlanish emas, balki Obamaga xayrixohligi bilan tanilgan saylovchilar guruhi ko’ngliga yo’l topish.

Mamlakatda ushbu guruh vakillari yakdil siyosiy qarashga ega emas. Masalan, Florida va mamlakat janubi-g’arbidagi ayni aholi qatlami siyosiy yondashuvida tafovutlar ko’zga tashlanadi.

Ular, hatto Tampada ham yaxlit siyosiy guruh emas. Masalan, asli kubalik sartarosh Xose Mario Farina Mitt Romni tarafdori.

“Men Obamaga ovoz bermayman, chunki u o’tgan to’rt yilda hech narsa qila olmadi. Biror o’zgarish bo’lgani ham yo’q”, - deydi u.

Kolumbiyalik muhojir Yelena Alfonso esa Obamani yoqtiradi.

“Uning muhojir talabalarga imkoniyat bergani menga ma’qul. Uning bu ishi juda yaxshi”, - deydi u.

Floridalik senator Marko Rubio va Nyu-Meksiko gubernatori Syuzana Martinez kabi ispan tilida so’zlashuvchi aholi orasidagi taniqli respublikachilar latino saylovchilar e’tiborini qozonishga urinmoqda.

Bu ishda hatto Romnining ispan tilini biladigan o’g’li Kreg Romni ham yordam bermoqda.

Uning aytishicha, agar bu aholi otasini yaxshiroq tanisa, albatta, unga ovoz beradi.

Muhojirlarga qarshi qattiq siyosati bilan tanilgan Arizona shtati delegatlari ham ispan tilida so'zlovchi saylovchilar ko'nglini olish payida. Asli kubalik vakil Xose Boraxeroning aytishicha, latino aholi respublikachilar himoya qiluvchi konservativ qadriyatlarni qo’llab-quvvatlashi kerak.

“Asosiy maqsadimiz shu haqiqatni targ’ib etish. Ya’ni, ispanzabon saylovchilarga aytmoqchimizki, familiyangiz unli tovush yoki “z” harfi bilan tugasa, liberal demokrat bo’lishingiz mumkin emas”, - deydi u.

Latinolar ko’nglini ovlash oson emas. Agar bunga erisha olmasak, kelajakda ahvolimiz bundan ham yomon bo’lishi mumkin, deydi partiya rahnamolari. Chunki saylovchilar orasida ularning soni borgan sari oshib bormoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG