Qirg’izistonda OITS bilan og’riganlarda hayotga ishonch bor


Qirg’izistonda OITS bilan og’riganlarda hayotga ishonch bor

Qirg’izistonda OITS bilan og’riganlarda hayotga ishonch bor

BMT hisobicha, 1999-2009-yillar orasida VICH, immunitet taqchilligi virusini yuqtirganlar soni dunyo bo’ylab 20 foizga kamaygan. Bugun 30 milliondan ziyod odam shu kasallik bilan yashaydi.

Rossiyada VICH bemorlari soni aholining bir foiziga teng. Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo respublikalarida ham virus keng tarqalgan.

Aniq raqamlarni bilish qiyin, chunki yopiq jamiyatlarda bu oshkor etmaydi.

To’rt yil ilgari Qirg’iziston janubida mahalliy shifokorlar aybi bilan 150 nafar bolaga VICH infektsiyasi yuqtirilgan edi. O’shandan beri tibbiy muassasalarda nazorat kuchaytirilgan.

Ko’plab bolalarning birdaniga kasallanishi to’rt yil muqaddam O’sh yaqinida qayd etilgan. Tekshiruvlar mahalliy shifoxonalardagi sharoit sabab bo’lganini ko’rsatgan. Bir necha shifokor ishdan haydalgan edi.

Oradan shuncha vaqt o’tsada, jabrlangan xonadonlar o’ziga kelgan emas. Ko’pchilikning moddiy, ruhiy ahvoli yaxshi emas.

“Qaysi yerda bolaga kasalni yuqtirgan bo’lsang, o’sha yerga bor, deb kuyovim bizni tashlab Rossiyaga ketdi. Qayerga boraman? Ota-onamning, qaynota-qaynonamning o’z tashvishlari ko’p”.

“Uy quraman-mi, ota-onamga qarayman-mi, seni davolatman-mi, qaysi biriga yetaman, deydi kuyovim. O’zim bozorda kartoshka sotsam. Bir qizing bo’lsa, mayliydi. O’zing ham qo’shilding. Ikki kishini men qanday qilib davolataman, deb so’kdi”, - deydi xonadon bekalari.

Qirg’iziston qonunlariga binoan, davlat VICH kasaliga chalingan bolalarga balog’at yoshiga yetganga qadar nafaqa to’laydi. Ammo pensiya miqdori juda kam va berilgan pul ko’pga yetmaydi.

Davlat, shuningdek, xalqaro tashkilotlar ko’magida qisman tibbiy yordam ko’rsatadi. Mutaxassislarning aytishicha, to’liq yordam uchun o’lka g’aznasi imkon bermaydi.

Bu o’rinda ko’pchilik mahalliy nodavlat tashkilotlar ko’magiga umid qiladi.
O’shdagi “Reynbou” deb nomlangan jamoat jamg’armasi yuzlab xonadonga xomiy. Jamg’arma rahbari Fotima Qo’shoqova 2007-yildan buyon zikr qilingan oilalarga huquqiy, ijtimoiy va ma’rifiy yordam ko’rsatamiz, deydi.

“Bizning ko’magimizda 12 xonadon mahkama orqali moddiy to’lovlar oldi. Bundan tashqari, bizning huquqshunos ularga hujjat ishlarida ham yordam beradi”, - deydi u.

Suhbatdosh so’zlariga ko’ra, so’nggi yillarda bolalarning ko’plab VICHga yo’liqishi qayd etilgan emas.

Nodavlat tashkilotlar oilalar moddiy va ma’naviy ahvolini o’nglash uchun ularni biron faoliyatga jalb qilishni afzal ko’radi.

“Ikki yildan buyon VICH pozitiv bolalalik xonadonlarga imtiyozli kreditlar berishni ko’zda tutgan loyihani amalga oshirayapmiz. Ya’ni biz bu oilalarni biron amaliy ish bilan mashg’ul bo’lishga, bolalar kelajagini o’ylashga undayapmiz”, - deydi suhbatdosh.

Ushbu nodavlat tashkilot ko’magida zikr qilingan xonadonlar ayollari uchun to’qish-bichish ustaxonalari kabilar ochilgan. Vaqti-vaqti bilan oziq-ovqat paketlari, kiyim-kechak ham berib turiladi.

Ayni paytda VICHga chalingan bolalar manfaatlarini himoya qilishda talay muammolar mavjud. Aytaylik, Qirg’iziston qonunlarida bu o’rinda ancha bo’shliklar bor.

“Reynbou” jamg’armasi rahbari Fotima Qo’shoqova qonunda tibbiyot muassasalarida kasallikka chalingan bolalar uchun kompensatsiya to’lovlari ko’zda tutilgan, deydi.

“Ammo to’lovlar miqdori aniqlanmagan. Yana boshqa kamchiliklar va nomutanosibliklar ham bor qonunda. Hozir o’shalarni bartaraf qilish ustida ish olib borilmoqda”, - deyd u.

Mutaxassislar fikricha, qilinayotgan ishlar samarasiz ketmagan. Eng asosiysi, odamlarda kelajakka ishonch paydo bo’lgan.

“Avvaliga ular ertangi kunga ishonmay qo’ygan edi. Kasal bolalar ertami-kech nobud bo’ladi, degan xavotir ularni qiynardi. Ko’plari tushkunlikka tushgandi. Hozir esa butunlay boshqa. Chunki ular tibbiy yordam, yaxshi ta’minlangan va nazorat qilingan bola barcha kabi to’laqonli hayot kechirishiga, uzoq yashashiga ishonadi”, - deydi Fotima Qo’shoqova.

XS
SM
MD
LG