Bayramlar amerikaliklar uchun mehr-muruvvat ulashish davri

  • Amerika Ovozi

AQShda bayramlar mavsumi. Nasroniylar va yahudiylar o'z muqaddas ayyomlarini nishonlaydi, qolaversa Yangi yil. Oilalar va do’stlar bir davraga to’planadi.

Ammo shodlik tatimaydigan insonlar ham bor. Uy-joysiz amerikaliklar.

Ko’ngillilarning qo’li qo’liga tegmaydi. Ular Vashingtondagi kambag’al odamlarga bayram taomi tayyorlamoqda. Erika Stin rahbarligida tashkil etiladigan tadbirda har yili 15 ming kishiga ovqat tarqatiladi.

“Vashingtonda to’yib ovqatlanolmaydigan odamlar borligini bilamiz. Ular yil bo’yi och yuradi. Hech bo’lmaganda, bu insonlarning bayramni biz kabi nishonlashga haqqi bor”, - deydi Stin xonim.

U - Yahudiylar jamiyati rahbari.

Xayriya tadbiriga 500 dan ortiq ko’ngilli yig’ildi. Ulardan birining aytishicha, ehson qilish juda muhim.

“Bugun bu yerda ko’ngillilar va boshqa yordam guruhlari muhtojlarga yordam berish uchun amalga oshirayotgan ishlarimizning ahamiyati katta. Nochor iqtisodiyot bois qiynalib qolgan yoki ish topib yana o’z hayotini izga solishga urinayotgan odamlar uchun bir yordam bo’ladi bu”, - deydi Al Strenstrap.

Jessika Adler uchun jamoat ishlarida qatnashish - odat.

“Boshqa odamlar bilan birga bunday ish qilish menga juda yoqadi. Hayotda Xudo menga ko’p ne’mat berdi. Boshqalarga ham berish kerak”, - deydi u.

Vashingtonning markaziy oshxonasida ham ko’ngilli yordamchilar taom tayyorlash bilan band. Ularning maqsadi muhtojlarni xursand qilish.

“Hayotda eng muhim narsa – mehr-muruvvat. Bu mening shiorim. Boshqalarga ehson qilish, bir-birimiz uchun qayg’urish jamiyat uchun chuqur ahamiyat kasb etadi”, - deydi ko’ngillilardan biri Siara Saymonson.

Bet Erikson va uning qizi Xollis ham ko’ngillilar orasida.

“Ishimiz - yordam berish va xizmat qilish va buni yoshlarga o’rgatish”, - deydi Bet Erikson.

“Har bir odam kamida ikki kun yoki hech bo’lmaganda ikki soat vaqtini muhtojlarga yordam berish uchun ajratishi kerak”, - deydi Xollis.

Charlz uysiz va bu ehsonlardan boshi ko’kka yetgan.

“Bu odamlar faqat ehson qiladi. Ehson qilish va olish ham bir ne’mat”, - deydi u.

Ayniqsa, bayram arafasidagi bunday ehsonlar ko’pchilikka cheksiz quvonch bag’ishlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG