Amerika Ichki xavfsizlik vazirligi vaqtincha ishdan to'xtashi mumkin

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obamaning aytishicha, Ichki xavfsizlik vazirligi ishdan to'xtasa, Amerika iqtisodiyoti va xavfsizlik zarar ko'radi.

Oq uyda gubernatorlar bilan ko'rishgan Obama so'zlariga qaraganda, vazirlik ishidagi uzilish 100 ming chegarachi, sohil soqchilari va aeroportlar xavfsizlik xodimlarini maoshdan ayiradi.

Vazirlikning 40 milliard dollarlik byudjetida pul shu haftagacha yetadi, xolos. Kongress immigratsiya masalasida kelisha olmayotgani sababli idoraning byudjeti ham tasdiqlanmayapti.

230 ming nafar ishchilar ishini davom ettiradi, lekin Kongress yangi byudjetni ma'qullaganidan keyin maosh oladi.

Prezident Obama o'tgan yilning noyabrida Kongressni chetlab o'tib, immigratsion tizimni tubdan isloh qilishga doir farmon chiqargan edi. Hujjat qariyb besh million noqonuniy immigrantni deportatsiyadan himoya qiladi.

Muxolif Respublikachilar partiyasi Obama Kongress bilan hisoblashmay, o'zicha farmon berganidan norozi.

Farmon bekor qilinsagina, muxolifat Ichki xavfsizlik vazirligi uchun moliyani ma'qullashga rozi.

Bu orada, hukumat Texasdagi federal sudyadan Prezident Obamaning farmonini to'suvchi qarorini bekor qilishni so'ramoqda.

Texas shtatidan sudya Andryu Hanen 26 shtatdan kelgan shikoyatni qondirib, prezidentning farmonini vaqtincha to'sgan edi.

Aksariyat demokratlar Obamaning immigrantlarga kengroq imkon berish siyosatini qo'llab-quvvatlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG