Gonkong rahbari Xitoy taklif etayotgan saylov islohotini olqishlamoqda

  • Amerika Ovozi

Gonkongda namoyish

Gonkongda namoyish

Gonkongda Xitoyda kommunistik tuzumning 65 yilligi munosabati bilan o'tkazilgan tadbirda namoyishchilar Xitoy madhiyasi yangrayotgan payt hayqiriqlar bilan xitob qildi.

Faollar Pekinning Gonkongda saylov tizimiga aralashayotganidan norozi. Xitoy 2017-yilda bo'ladigan saylovlardan oldin nomzodlar maxsus qo'mita orqali tasdiqlanishi haqida aytgan. Namoyishchilar Pekindan bu choradan voz kechishni talab qilmoqda.

Gonkong boshqaruvchisi Lyan Chjenin nazarida Xitoy taklif etayotgan reja hozirgisidan ma'qulroq. Amaldagi saylov qoidasiga ko'ra, Gonkong rahbarini maxsus qo'mita saylaydi, Pekin esa saylovlarni ochiq qilishni, ammo nomzodlarni oldindan elakdan o'tkazishni taklif qilmoqda.

"Saylovda barchaning qatnashgani yaxshiku, axir. Rahbarni 1200 kishilik qo'mita tanlagandan ko'ra besh million odam saylagani ma'qul. Odamlar uyda o'tirib, televizor orqali 1200 kishining rahbarni tanlashini tomosha qilgandan ko'ra o'zlari saylov uchastkalariga chiqib ovoz bergani yaxshi", - dedi Gonkong rahbari.

Lyan aholini namoyishlarni bas qilishga chaqirib, munozarani muloqot orqali hal etaylik, dedi.

Bugun chiqishlar sabab ayrim joylarda idoralar, do'konlar ochilmadi, shaharda transport qatnovida uzilish hosil bo'ldi. Gonkong qimmatbaho qog'ozlar bozorida aksiyalar bahosi tushdi.

Salkam ikki yuz ming odam AQSh Prezidenti Barak Obamaga internet orqali yo'llagan murojaatnomani imzolab, Xitoydan namoyishni kuch bilan bostirmaslikka chaqirishni so'radi.

Oq uy bayonot chiqarib, Xitoy hukumatini vazmin bo'lishga chaqirdi. AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bugun Vashingtonda Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Yi bilan uchrashib, vaziyat xususida gaplashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG