Qozog'istonlik ekspertlar: Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi barqaror ittifoqqa aylanishi aniq


Jorj Vashington universitetida o’tgan anjumanda Qozog’istondagi al-Farobiy milliy universiteti professorlari Karimjon Shokirov, Fotima Kukeyeva va Quralay Bayzakova ma’ruza qildi.

Jorj Vashington universitetida o’tgan anjumanda Qozog’istondagi al-Farobiy milliy universiteti professorlari Karimjon Shokirov, Fotima Kukeyeva va Quralay Bayzakova ma’ruza qildi.

Qozog’istonlik ekspertlarning ta’kidlashicha, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi barqaror tuzilmaga aylanishi aniq, Ukrainadagi ssenariy esa Qozog’istonda ro’y berishi gumon.

Jorj Vashington universitetida o’tgan anjumanda Qozog’istondagi al-Farobiy milliy universiteti professorlari Karimjon Shokirov, Fotima Kukeyeva va Quralay Bayzakova ma’ruza qildi.

Karimjon Shokirov xalqaro aloqalar fakultetining dekani. Fotima Kukeyeva Qozog’iston tashqi siyosatini belgilovchi ilmiy asarlar muallifi. Quralay Bayzakova esa Ostonadagi hukumatda ishlovchi har bir rasmiyga xalqaro aloqalardan dars bergan.

Professor Shokirovning aytishicha, har qanday ittifoq yaralganda, uning savolga tutilishi tabiiy. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi ham istisno emas.

Ittifoq joriy yilning yanvaridan ish boshladi va unga hozir Qozog’iston, Belarus, Rossiya va Armaniston a’zo. Qirg’iziston may oyidan tashkilot safiga kirishi kerak. Tuzilma Yevropa Ittifoqiga qiyoslanadi va rejaga ko’ra, a’zo mamlakatlar o’rtasida bozorni gurkiratishi, savdoni yengillashtirishi lozim.

Biroq Ukrainadagi ixtilof, bu nizo sababli Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalar, rublning qadrsizlanishi Kreml bilan ittifoq tuzgan Qozog’istonni sergak torttirishi kerak. Rossiyaning arzon mahsuloti Qozog’iston bozorlariga oqib kelayapti-yu, Qozog’istonning tovari raqobat qilolmayapti. Bundan tashqari, Qozog’iston shimolida rus aholi ko’p ekani va Ukraina ssenariysi u yerda ham takrorlanishi mumkinligi haqida xavotirlar bor.

Zarurmidi shu ittifoqni tuzib? Karimjon Shokirov bunaqa savollar tug’ilishi tabiiy, deydi.

Foydasi bormi Qozog’iston uchun? “Ha, albatta, - deydi u. - Chunki Yevropaga chiqishimiz osonlashdi. Ikkinchidan, Qozog’iston logistika markazlari Xitoy va Yevropa o’rtasida ko’prik rolini o’tay boshladi”.

Professorning aytishicha, bu tuzilmaning xalqaro hamjamiyatga xavfi yo’q. Chunki Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida har qanday qaror murosa yo’li bilan qabul qilinadi. Bugun Qozog’istonning jahon bilan munosabatlarini oladigan bo’lsak, ko’p vektorlilik asos qilib olingan, deydi u. Masalan, Amerika Rossiyaning bozorlariga kirishni xohlasa, bemalol Qozog’iston orqali o’tishi mumkin.

“Qozog’istonning savdo hamkorlarini olaylik, - deydi Shokirov. - Yevropa Ittifoqi bilan shartnomalar 53 milliard dollarni tashkil etadi. Rossiya bilan savdo sohasidagi hamkorlik 20 milliard, Xitoy bilan 17 milliard dollar. Ya’ni Qozog’iston xorijiy davlatlar, xususan, Qo’shma Shtatlar bilan hamkorlikka ochiq”.

Professor Fotima Kukeyevaning aytishciha, Qozog’istonda o’tkazilgan ayrim ijtimoiy so’rovlarga ko’ra, aholining 50 foizdan ko’pi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi tarafdori.

Qozog’istonning geosiyosiy joylashuvini (Xitoy, Rossiya kabi gigantlarning biqinida va dengizga chiqolmaydi) inobatga olsak, deydi u, mamlakat ko’pvektorli siyosat yuritishda davom etishga majbur. Ha, Rossiya va Qozog’iston xalqaro, xususan, Ukraina masalasida farqli fikrlashi mumkin. Lekin Kiyev-Kreml rishtalaridan farqli ravishda, Ostona va Moskva orasi muntazam rivojlanib borayapti, aloqalar jonli, deb hisoblaydi Kukeyeva.

Xavotir shuki, Moskva Qozog’istondagi ruslarni himoya qilish bahonasi bilan Ukrainadagi kabi qiliqlar qilishi mumkin.

Olima nazarida bu ehtimoldan yiroq.

“Chunki, birinchidan, Qozog’iston qo’shnilar bilan chegarani puxta belgilab chiqqan. Ikkinchidan, Qozog’iston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining a’zosi ekanini ham unutmaylik. Ittifoqning kelajagi Qozog’istonga bog’liq ekani sir emas. Buning ustiga, shimolda yashovchi ruslarning ko’ngli to’q, chunki mamlakat barqaror, iqtisodiyot o’sayapti”, - deydi professor.

Bu orada, Putin yaqinda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida yagona valyuta joriy etish taklifi bilan chiqqan.

Professor Quralay Bayzakovaning aytishicha, hali erta buning uchun. A’zo mamlakatlar rahbarlarining siyosiy xohish-irodasidan tashqari, tomonlar iqtisodiy jihatdan yaqinlashishi lozim. Davlatlar o’rtasida savdo-sotiq hali silliq emas.

“Lekin taklif nima uchun bugun yangrayotganini tushunsa bo’ladi. Ya’ni davlatlar bu haqda gapirar ekan, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida qolish va uni rivojlantirish niyatini ko’rsatmoqchi”, - deydi Bayzakova.

Boshqa iqtisodiy tashkilotlarga a’zo bo’lish-bo’lmaslik esa muammo emas. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bunga to’siq bo’la olmaydi, deya ishontiradi bu mutaxassislar.

Xo’sh, Ostona bu borada Kremlning yo’rig’i bilan ish tutadimi? Qozog’iston G’arb bilan biror tuzilmaga kirmoqchi bo’lsa, Moskvaning maslahati qanday, degan savolga olimlar javobi shunday:

“Moskvadan hech qanday tavsiya bo’lmadi. Bo’lgan taqdirda ham Qozog’iston Rossiyaning buyrug’iga quloq solmaydi”, - deya ta’kidlaydi professor Karimjon Shokirov.

Qozog’istonning o’z pozitsiyasi bor va biror tashkilotga a’zo bo’lishni lozim topsa, o’zi qaror qabul qiladi, deydi bu mutaxassislar. E’tibor bering, deya eslatadi Quralay Bayzakova, joriy yilda Qozog’iston Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni oshirishga doir bitimni imzoladi va hozir uning ijrosi ustida ish ketayapti.

Ekspertlarning aytishicha, yagona valyuta haqida biror yechimga kelishdan oldin boshqa qator muammolarni hal qilib olish kerak. Neft bahosi va rubl qiymati yana tiklansin, sanksiyalar nihoyat olib tashlansin - bular bir necha yil talab qiladi. Ana undan keyin yagona pul birligi haqida jiddiy gaplashsa bo’ladi.

XS
SM
MD
LG