Vashingtondagi azim madaniy dargoh Xovard teatri yana eshiklarini ochdi

  • Amerika Ovozi

Ta'mirlash ishlaridan oldin Xovard teatrining kiraverishi

Ta'mirlash ishlaridan oldin Xovard teatrining kiraverishi

1910-yildan beri Xovard teatri (Howard Theater) afro-amerikalik xonanda va sozandalar beshigi sanaladi. Ella Fitsjerald va Dyuk Ellington kabi yulduzlar shu dargohdan boshlagan faoliyatini.

1980-yildan keyin teatr xarob ahvolga kelib, buzilishi kutilgan edi. Lekin san’at ixlosmandlari birlashib, imoratni saqlab qolishga va avvalgi mahobatini tiklashga kirishdi.

Vashingtondagi Xovard teatri qayta jonlanmoqda.

1910-yilda afro-amerikalik xonandalar va tomoshabin uchun bunyod etilgan eng yirik konsert zali bugun ham musiqa sadolariga cho’mgan. Ajib go’shaga hayot qaytdi. Teatr qora tanlilar tarixining ajralmas qismidir.

1930-yillarda Vashingtonda tug’ilib o’sgan kompozitor va ansambl sardori Dyuk Ellington Xovard teatrida ilk bor sahnaga chiqadi.

Dayana Ross va “Suprims” kabilar qo’shiq kuylagan bu yerda.

Musiqa olamining nufuzli Gremmi sovrini sohibi Marvin Gey kashf qilingan shu sahnada.

Smoki Robinson teatr sahnasiga chiqqanida hali o’smir edi.

U va boshqa qora sozandalar musiqa dargohi tiklanganidan mamnun.

“Shu teatrda voyaga yetganman. Belanchagimiz bu. Musiqa yozish kompaniyasidan kelishardi. Eng aziz xotiralarim shu yer bilan bog’liq va qayta ochilganidan shodman”, - deydi Robinson.

“Brodvey” teatr sahnalari ustasi, qo’shiqchi Lesli Uggams ham xursand:

“Bu kabi teatrlarda joningni jabborga berib kuylashing kerak edi, chunki auditoriyasi g’oyat talabchan, pala-partish ishni darrov sezadi. Bundan tashqari, “Brodvey” sahnalarida bugun qanday rollar bilan chiqayotgan bo’lsam, haftasiga sakkiz bor chiqish qilaman, mana shu Xovard qo’llab-quvvatlovi mahsuli barchasi”.

O’nlab yillar davomida Xovard teatrida vodevillar, myuzikllar va boshqa shoular sahnalashtirildi. “Qora Brodvey” deb atashar edi uni. Irqiy tengsizlik hukmron paytlarda afro-amerikaliklar uchun faqat alohida joylar ajratilar edi.

Leata Blont teatrdan ikki qadam narida yashagan. Hayot qaynar edi, deydi u:

“Haqiqiy bal edi. Nyu-Yorkdagi qoralar mahallasi Garlemning o’zginasi. Ko’chada raqsga tushib ketaverar, teatr sadolarini tinglardik”.

Biroq 1968-yilgi irqiy to’qnashuvlar paytida teatr vayron bo’lgan. 1975-yilda qisqa paytga ochildi-yu, yana yopildi. 30 yil davomida teatr sukunatda, xarob bir ahvolda edi.

Ikki yil oldin madaniy dargohning avvalgi mahobatini tiklash uchun haqiqiy hashar boshlandi. Ichkarisi zamonaviy uslubda bezatildi, chiroqlar, ekranlar o’rnatildi.

Teatrning ochilish marosimiga borganlar hayratdan yoqa ushladi.

Eypril va Edvard Ellington uchun bino juda qadrli. Otalari Dyuk Ellington auditoriyani o’ziga mahliyo qilgan bu yerda.

“Ajoyib ish qilishibdi remontdan chiqarib. Otamning ruhi shod ekaniga ishonchim komil”, - deydi Edvard.

“Blue Note Entertainment” kompaniyasi prezidenti Stiven Bensusan so’zlariga ko’ra, maqsad Xovard teatrini Nyu-Yorkdagi mashhur jaz klublari bilan bog’lash:

“Katta rejalarimiz bor. Yosh, talantli san’atkorlarni qo’llab-quvvatlab, Xovard teatrini XXI asrning haqiqiy madaniyat go’shasiga aylantirmoqchimiz”.

Teatr yana ishga tushar ekan, ixlosmandlar nazarida majmua afro-amerikalik sozandalar va qo’shiqchilar uchun Makka rolini o’tashda davom etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG