Breaking News

HRW: Huquqbuzar hukumatlarni izza qilish - ishimizning bir qismi


Ostona, 2012... Tub muammo shuki, deydi HRW vakillari, deyarli chorak asrdan beri hukmron Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev tanqidni dushmanlik deb ko’radi.
Ostona, 2012... Tub muammo shuki, deydi HRW vakillari, deyarli chorak asrdan beri hukmron Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev tanqidni dushmanlik deb ko’radi.
Global miqyosda inson huquqlarini himoya qilib tanilgan “Human Rights Watch” (HRW) tashkilotidan biror hukumat rozi emas. "Chunki biz barcha davlatlarni tanqid qilamiz, ularning siyosatini savolga tutamiz", - deydi Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow), tashkilotning Markaziy Osiyo bo’yicha bosh mutaxassisi.

Huquq va erkinlik kuychisi bo’lmish Amerikaning siyosati ham, xususan Guantanamo qamog’i, u va boshqa turmalardagi qiynoqlar, “Human Rights Watch” tomonidan keskin qoralanadi.

Markaziy Osiyoga kelganda, deydi bu tashkilot ekspertlari, ikki yirik jamiyat - O’zbekiston va Qozog’istonda huquqbuzarlik tabiiy hol.

Inson huquqlari-O'zbekiston-Qozog'iston-HRW-Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:17 0:00
Yuklab oling

HRW - Uzbekistan (Steve Swerdlow) & Kazakhstan (Mihra Rittman) at OSI Washington - 3-4-14.Mp3
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 1:18:37 0:00
Yuklab oling

“Human Rights Watch” desangiz, Toshkent va Ostona rasmiylari shu qadar chuqur uf tortishadiki, asabiylashganidan so’zini yo’qotadi. 2013-yilning oktabrida Jenevada O’zbekiston Inson huquqlari Milliy markazi direktori Akmal Saidov BMTning Qiynoqlarga qarshi qo’mitasi savollariga javob berar ekan, “Human Rights Watch” yolg’onchi va tuhmatchi dedi. O’zbekistondagi progressni ko’ra olmayotgan yovuz kuch, deya ta’rifladi Saidov.

O’zini Markaziy Osiyo lideri deb atayotgan Qozog’istonda ham rasmiylar bu tashkilotni g’azab bilan tilga oladi. Norozilik kuchli.

Hisobotlar xolis emas, respublika mustaqil yillarida ulkan yutuqlarga erishdi, inson huquqlarini bugun har qachongidan ham ko’proq hurmat qilinadi va oshkoralik ta’minlangan, deydi mamlakat diplomatlari, Vashingtonda HRW vakillari bilan o’tgan yuzma-yuz suhbatda. Ular fikricha ham bu tashkilot progressga ko’z yummoqda, “faqat tanqid va talab bilan cheklanmoqda”.

Markaziy idorasi Nyu-Yorkda joylashgan HRW 1978-yilda tashkil topgan. Xelsinki shartnomasi (1975-yilda G’arb va Sovet Ittifoqi boshliq kommunistik blok orasidagi aloqalarni yaxshilash va erkinlikni targ’ib qilish maqsadida imzolangan bitim) amaliyotini kuzatish uchun tuzilgani bois uni o’sha paytda “Helsinki Watch” deb atashgan.

Tashkilotning azaliy missiyasi - huquqbuzar va qonunbuzar hukumatlarni xalqaro maydonda izza qilish; dunyoni ogohlikka chorlash; axborot vositalari va ommaviy bayonotlar orqali huquq va qonunga e’tiborni oshirish; rahbarlarni adolatni ta’minlashga undash.

Shuningdek, HRW o’zini huquq himoyachisi deb biladigan Amerika va Yevropa Ittifoqiga, shuningdek, boshqa erkinlik targ’ibotchilariga ularning hamkorlari va ittifoqchilari o’z fuqarolariga qanday munosabatda ekanini eslatib turadi, ularni vijdonan ish tutishga chaqiradi.

Masalan, yaqinda AQShdagi yetakchi siyosiy nashr “Politico” Amerikaning eng nobop 25 ittifoqchisi degan tahlilnoma chiqardi. Ular orasida O’zbekiston, Qozog’iston, Tojikiston va Qirg’iziston ham bor. Material HRW to’plagan ma’lumotlarga asoslangan va mazmuni shuki, huquq va erkinlikni doimiy tarzda oyog’osti qilib kelayotgan davlatlar bilan hamkorlik qilish AQShga uyat.

Xususiy donorlardan mablag’ oladigan va yillik byudjeti 50 million dollardan ziyod HRW o’z muvaffaqiyatini haqiqatni yuzaga chiqarib, insonlar hayotini asrayotganlikda deb biladi. Izlanuvchilari - professional advokatlar, huquq himoyachilari. Asos va dalil – asosiy qurol, deydi Stiv Sverdlov.

“Bizni O’zbekiston singari repressiv davlatlardan chiqarib yuborishganining sababi ham shu. Biz haqiqatni aytamiz, haqiqat esa bu hukumatlarga yoqmaydi. O’z fuqarolarini, siyosatni tanqid qilgani uchun qiynoqqa mahkum etayotgan hukumat bu borada ma’lumot sizib chiqishini albatta istamaydi. Vaziyat, ular da’vo qilayotganidek yaxshi bo’lsa, qani, ko’rsating, ko’raylik, kuzataylik”, - deydi u, Karimov ma’muriyatining tanqidlariga nisbatan.

Yaqinda O’zbekiston davlat matbuotida HRWning yillik hisobotini qoralab, katta maqola chop etildi. Agar bu maqoladagi iddaolar rost bo’lsa, deydi Sverdlov, hukumat siyosiy fikri va tanqidiy qarashlari uchun qamalgan insonlarni qamoqdan ozod etsin. Masalan, sobiq deputat Murod Jo’rayev, jurnalistlar Solijon Abdurahmonov va Dilmurod Sayid, huquq himoyachilari A’zam Turg’unov va G’aybulla Jalilov.

12 yildirki, O’zbekiston hukumati BMTning inson huquqlari bo’yicha biror maxsus elchisini mamlakatga kiritmaydi. Oxirgi marta 2002-yilda kiritgan. Qiynoqlarga qarshi vakil Teo Van Boven vaziyatni o’rganib, respublikada “sistematik qiynoqlar” haqida ogohlantirgan edi.

Muammoni tan olmaslik davri o’tdi, deydi Stiv Sverdlov, O’zbekiston hukumati zarracha bo’lsa ham mas’uliyat his qilsa, huquqni hurmat qilishini amalda isbotlay boshlashi kerak, Toshkentning tinimsiz inkor etishlari o’rinsiz.

Qozog’istondagi ahvolni o’rganib kelayotgan Mira Rittman (Mihra Rittman) ham Nursulton Nazarboyev rahbar hukumatni haqiqatni tan olishga undaydi.

Iqtisodiy taraqqiyot fuqaroga kuch berishi aniq, deydi u, ammo jamiyatda siyosiy erkinlikka ham yo’l ochish kerak. Odamlar oddiy tanqidiy fikrlari uchun qamaladi.

Axborot vositalari, ularning muxbirlari va noshirlar, siyosatni savolga tuta olmaydi. Muxolifat va fuqaro jamiyati hukumat qo’lida o’yinchoq; o’yinchoq bo’lishdan bosh tortsa, ular tugatiladi, deydi Rittman o’zi olib borgan izlanishlarga asoslanib.

Neftdan tushgan boylik, afsuski, butun Qozog’istonni to’q va farovon qilib qo’yayotgani yo’q. Korrupsiya kundalik hol. Aholining katta qismi qashshoq, deydi ekspert. Neft sanoati joylashgan Janaozen shahrida 2011-yilda ishchilar bosh ko’tarib, o’nlab insonlar halok bo’lgan. Tergov va sud ishlari adliya tizimi mustaqil emasligini ko’rsatdi. Adolat qaror topmadi, deydi Mira Rittman.

Xalqninig huquqiy ongini oshirish - dolzarb vazifa. Biroq tub muammo shuki, deydi HRW vakillari, deyarli chorak asrdan beri hukmron Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev tanqidni dushmanlik deb ko’radi. Ular boshliq tuzumlar jamiyat har qanday tanqiddan toza bo’lishini ta’minlash uchun huquqbuzarlikka zo’r beradi.

Bu shu qadar normal holatga aylanganki, HRW singari xalqaro kuzatuvchilar “hoy, nima qilayapsizlar?” desa ularga ham toqat yo’q. Shu bois tashkilot bugun vaziyatni Toshkent yoki Ostona emas, Bishkekdagi idorasi va mahalliy hamkorlari orqali kuzatmoqda. Manbalarni ko’p hollarda sir tutadi, chunki ularning hayotini xavf ostiga qo’yishni istamaydi.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG