O'zbekiston: Xalqaro tashkilot huquq himoyachisi taqdiridan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Nyu-Yorkda asoslangan xalqaro organ, inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" tashkiloti e'tiborni O'zbekistonning Qashqadaryo viloyatida faollik ko'rsatib kelayotgan Gulshan Qorayeva (Karaeva) taqdiriga qaratmoqda.

Tashkilotning Markaziy Osiyo bo'yicha bosh mutaxassisi Stiv Sverdlovning qayd etishicha, 34 yoshli, farzandli huquqbonning hayoti xavf ostida.

O'zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati (MXX) xodimlari bu ayolni hamkorlikka majburlashga uringan, rad javobini olgach turli yo'llar bilan uni qo'rqitish, sha'ni va hayotiga tahdid solishga tushgan, deyiladi "Human Rights Watch" 25-may kuni chiqargan bayonotda.

Gulshan Qorayeva - O'zbekiston Inson Huquqlari Jamiyatining Qashqadaryodagi boshlig'i. Aholini qiynayotgan muammolar, paxta dalalaridagi vaziyat va safdosh huquqbonlar boshdan kechirgan tazyiq va qamoqxonalardagi qiynoqlarni fosh etib tanilgan.

Faol "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, hukumat nafaqat norozilik, balki har qanday tanqidga nisbatan ayovsiz chora ko’rishga shay ekanini ko’rsatmoqda.

“Haqiqatan ham shikoyat ko’p. Bular ham ko’rib o’tiribdi, men dushman emasman. Men xalqning bir vakiliman. Faqat bo’layotgan narsalarga ko’zimni yumub qarab turolmayman. Men biror namoyish o’tkazayotgan bo’lmasam, odamlarni olib chiqmayotgan bo’lsam. Men faqat tanqid qilganim va xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikni rad etganim uchun jazolanayapman”, - deydi Gulshan Qorayeva.

5-may kuni faol MXXga ayg'oqchilik qilishga ko'nmagani haqida internetda yozgan edi.

Shundan beri nafaqat organlar bosimi, balki ko'chada begona odamlar tomonidan zo'ravonlikka ham uchragan.

Huquq himoyachilarini bezori guruhlar orqali qo'rqitish O'zbekistonda odatiy holatga aylanib bo'lgan, deya bildiradi Stiv Sverdlov, "Human Rights Watch" vakili.

O'zbekiston hukumati bu muammoni tan olmasa, faollarning huquqlarini buzayotgan, ularni tazyiqqa olayotgan tomonlarga nisbatan chora ko'rsin, ularning erkinligi himoyalansin, deydi Sverdlov.

Gulshan Qorayevaning aytishicha, MXX huquqbonlar faoliyati haqida informatsiya uzatib tursang, seni tinch qo'yamiz deya uni hamkorlikka ko'ndirishga uringan. Faol 2009-2010-yillarda hibsga olingan, qayta-qayta so'roq qilingan.

19-may kuni Qorayevani ko'chada ikki notanish ayol do'pposlagan. Ichki ishlar xodimlari voqeani tekshirishdan bosh tortgan.O'sha kuni kechqurun faolning uyi devorlariga uyatsiz so'zlar va haqoratlar yozib ketilgan. 21-may kuni ichki ishlar bo'limi Gulshan Qorayevani chaqirtirgan, lekin ayol borishga xavfsiraganini aytadi.

Qarshida yashaydigan Qorayeva paxta dalalarida bolalar ishlatilishi va qamoqxonadagi ahvol haqida axborot to'plab, xususan, panjara ortidagi safdoshi Gaybulla Jalilov taqdiri yuzasidan tashqi dunyoga ma'lumot uzatib keladi.

2011-yilning kuzida, paxta yig'im-terimi paytida, yana bir safdoshi Nodir Axatov bilan birga bir oz hibsda ushlab turilgan, keyin qo'yib yuborilgan edi.

"Human Rights Watch" hozirda O'zbekiston qamoqxonalarida kamida 10 faol o'tirganini eslatib, xalqaro hamjamiyatni respublikadagi vaziyatga befarq bo'lmaslikka chaqirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG