Huquq tashkiloti: Qirg'iziston va O'zbekiston chegarani ochishi kerak


Inson huquqlari bo’yicha xalqaro tashkilot -- Human Rights Watch Qirg’iziston va O’zbekistonni chegarani ochishga, O’sh va Jalolobodda yashashdan qo’rqib, boshqa yerdan panoh izlayotgan o’zbeklar uchun sharoit yaratishga chaqirmoqda.

“BMT Qochqinlar agentligi va boshqa tashkilotlar aholiga bemalol yordam ko’rsata olsin, bunga yo’l bering”, - deydi O’shda ishlayotgan mutaxassis Jerri Simpson (Gerry Simpson).

Qirg’iziston rasmiylarining aytishicha, O’zbekiston bilan chegara ochiq. Lekin Human Rights Watchning O’shdagi xodimlari bu yolg’on gap deydi.

Jerri Simpson hozirda O'shda tekshiruvlar olib bormoqda

Jerri Simpson hozirda O'shda tekshiruvlar olib bormoqda

“Qirg’iziston xavfsizlik kuchlari aslida chegaraga hech kimni yaqinlashtirayotgani yo’q”,- deydi Jerri Simpson, vaziyatni o’rganib chiqqan mutaxassis.

Masalan, “Do’stlik” chegara postida qo’riqchilar soni oshgan, biror kimsa o’ta olmayapti.

Hukumatning o’zi vaziyat qaltis, zo’ravonlik to’lqini qaytishi mumkin deya ogohlantirib turgan ekan, o’zbek aholi doimiy qo’rquv ostida. Ko’plab odamlar vaqtincha bo’lsa-da, qo’shni davlatlarga, jumladan, O’zbekistonga borib jon saqlash ilinjida. Bunga ularning haqqi bor, deydi huquq himoyasi bilan mashg’ul tashkilot xodimi.

Qirg’iziston aholi xavfsizligini ta’minlay olmayotgani, qo’shni O’zbekiston esa bu insonlarga eshigini yopgani adolatsizlikdir, deydi Jerri Simpson.

Har ikki tomon bu masala yuzasidan o’z pozitsiyalarini ochiq-oydin aytishi kerak. Davlatlar imzo chekkan xalqaro qonunlarga binoan, fuqaro mamlakatni erkin tark etish, hayoti xavf ostida bo’lgan taqdirda chet eldan panoh so’rash huquqiga ega.

Human Rights Watch tarqatayotgan ma’lumotga ko’ra, qirg’indan qochib O’zbekistonga o’tgan o’zbeklar ko’p hollarda bosim ostida va yolg’on axborotga tayangan holda vatanga qaytgan.

”Ularni "endi kelsangiz bo’ladi, vaziyat tinch hozir, qaytmasangiz, mol-mulkingiz, uy-joyingizdan ayrilasiz" deb shoshiltirishgan. Qirg’iz rasmiylari borib, lagerlarda shunday tashviqot olib borgan. O’zbekiston rasmiylari bunga yo’l bergan. Odamlar referendum oldidan “bizni aldab chiqarib yuborishdi” deyishayapti, chunki qaytgach, yuzlab o’zbeklar qamoqqa olingan yoki bedarak ketgan”,- deydi Jerri Simpson.

Qirg’iziston Bosh prokuraturasi xunrezlik yuzasidan 1600 ga yaqin jinoiy ish ochildi, qariyb 160 kishi qamoqda, deb ma’lum qilgan. Lekin o’zbeklar hisobicha, hozirgacha hibsga olinganlar soni bir necha yuzni tashkil etadi.

Aniq raqamni bilish qiyin, deydi huquq faollari, biroq mahallama-mahalla yurib, odamlardan so’rasangiz, militsiya qancha-qancha erkakni olib ketganini bilasiz.

Odamlar qiynoqqa solinmoqda, tahqirlanmoqda, deydi Human Rights Watch vakillari.

Hozir kim bilan gaplashmang, “qaniydi, bir amallab chiqib ketsam” deydi. Puli borlar Rossiya va boshqa o’lkalarga ketayapti. Lekin ko’pchilik nochor, qo’lida ortiqcha mablag’i yoq. Vatanda kelajak yo’g deb ishonayotgan odamlar “kim bizni qabul qiladi” deb so’ramoqda.

Iyun oyidagi voqealarda yuz minglab xonadonlar vayron bo’lgan. Madad so’rab borishga joyi yo’q aholi ana shu vayronalar ichida yashamoqda. Hozir-ku yoz, ertaga kun sovusa, ularning holi ne kechadi?

Human Rights Watch singari xalqaro tashkilotlar mojaro hududlarida bemalol ish olib borayotganini, Qirg’iziston hukumati, jumladan xavfsizlik kuchlari ularning faoliyatiga to’sqinlik qilmayotganini aytadi.

Lekin odamlar bu tashkilotlar bilan so’zlashishdan hayiqadi. Ma’lumot yig’ilar, tekshiruvlar olib borilar ekan, aholi vakillari guvohlik berishdan bosh tortmoqda. Chunki, deydi Jerri Simpson, “biz bilan gaplashgan fuqarolar bosimga uchrayapti”.

Human Rights Watch asosan O'shda ishlayapti. Jalolobodda xodimlari yoq, lekin mahalliy nohukumat tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG