HRW: O'zbekistonda siyosatni tanqid qilish qamoq va qiynoq degani


"Human Rights Watch" yangi tahlilnomasi 34 siyosiy mahbusning taqdiri va yana 10 sobiq siyosiy mahbusning ishi hamda ular bergan ko'rsatmalarga asoslanadi.

"Human Rights Watch" yangi tahlilnomasi 34 siyosiy mahbusning taqdiri va yana 10 sobiq siyosiy mahbusning ishi hamda ular bergan ko'rsatmalarga asoslanadi.

Nyu-Yorkda asoslangan xalqaro tashkilot, inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" (HRW) o'zining 121 betlik yangi hisobotida tahlil qilishicha, O’zbekiston inson huquqlari keng ko’lamda poymol etiladigan davlat; so'z va fikr erkinligi faqat qog'ozda; bu huquqlarni amalda qo'llash - qamoq va qiynoq tomon yo'l.

"Inson huquqlari faollari, jurnalistlar va tuzumning boshqa tanqidchilari O’zbekiston hukumati tomonidan nishonga olinadi va qamaladi. Siyosiy sabablar bilan hibsga olinganlar qiynoqqa solinadi va og’ir sharoitlarda saqlanadi", - deyiladi HRW bayonotida.

Unda keltirilgan ma'lumotlar 34 siyosiy mahbusning taqdiri va yana 10 sobiq siyosiy mahbusning ishi hamda ular bergan ko'rsatmalarga asoslanadi.

O'zbekiston hukumati shu kungacha o'z qamoqlaridagi biror odamni "siyosiy mahbus" deb tan olmagan. Inson huquqlari bo'yicha bosh rasmiy Akmal Saidov hamda boshqa mutasaddilar panjara ortidagi odamlarni ayblari isbotlangan jinoyatchilar deb keladi.

Biroq "Human Rights Watch" va boshqa tashkilotlar, xususan O'zbekistondagi mahalliy inson huquqlari himoyachilari respublika rahbariyatini yolg'onchi va vijdonsiz tuzum deb ataydi.

“Biz to’plagan yangi isbot-dalillar shu qadar asosliki, O’zbekiston hukumati “bizda siyosiy mahbuslar yo’q” degan bahona bilan qutula olmaydi”, - deydi Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow), "Human Rights Watch" tashkilotining Markaziy Osiyo bo’yicha yetakchi mutaxassisi.

“Eng so’nggi lahzagacha: O’zbekistondagi siyosiy mahbuslar” deb nomlangan hisobotda ishi ko'rib chiqilgan 34 mahbusdan ikki nafari dunyoda eng uzoq payt panjara ortida saqlangan jurnalistlar - Muhammad Bekjonov va Yusuf Ro'zimurodov. Ular "Erk" muxolifat gazetasining muharrirlari bo'lgan.

Yana biri 20 yildan oshibdiki qamoqda o'tirgan sobiq deputat Murod Jo'rayev.

"Mahbuslarga berilgan jazo muddati ko’p hollarda hech qanday asossiz uzaytiriladi. Xususan Murod Jo'rayevniki to'rt bor cho'zdirilgan", - deydi Sverdlov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

"O’zbekiston siyosiy motivlar bilan qamalgan har bir shaxsni zudlik bilan ozod qilishi va ularning jazo muddatini asossiz uzaytirish amaliyotiga chek qo’yishi lozim. Mahbuslarni qiynash bas qilinsin".

Tashkilotga ko'ra, siyosiy mahbuslar "zamonning eng iste’dodli, zukko odamlari bo’lib, ular korrupsiyaga qarshi ochiq gapira olgan va haqiqiy demokratik islohotlarga undagan. Ular san’at, madaniyat, din, falsafa va boshqa sohalarda o’ziga xos yangiliklar qilgan va qilishga qodir odamlardir. Ba’zilarining yagona aybi shuki, ularni hukumat “davlat dushmani” deb bilgan. “Konstitutsiyaga qarshi harakat”, “diniy ekstremizm” singari ayblovlar juda mujmal va noto’g’ri qo’llangan va tushuntirilgan. Pora talab qilish, tovlamachilik va pul undirish kabi soxta ayblovlar qo’yilgan."

Hisobotda qayd etilishicha, mahbuslarning aksariyati qiynoqqa solingan. Rezinka tayoqlar va suv to’ldirilgan butilkalar bilan do’pposlangan. Elektr shokka solingan. Qo’l va oyoqlaridan osib qo’yilgan.

"Jinsiy tajovuz va xo’rlash, boshni selofan paketlar bilan yopib bo’g’ish, gaz maskalari taqish, suv va ovqat bermaslik hamda yaqinlariga zulm o’tkazish tahdidi singari yo’llar bilan qo’rqitilgan yoki shunday holga solingan",- deyiladi HRW bayonotida.

"Azam Farmonov, 2006-yildan beri qamoqda o’tirgan huquq faoli, militsiya uning boshida niqob taqib, bo’g’ishga uringani, oyoqlariga qattiq urganini aytadi. Maqsad mahbusni soxta ayblarga iqror qildirish bo’lgan. Suddan oldin hibsda uning boshiga suv to’la butilkalar bilan urishgan, Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari esa oyoq barmoqlariga mix qoqishi haqida aytib qo’rqitgan. Shuningdek, mahbusga yaqinlari hayoti xavf ostida ekani aytilgan. Farmonov qattiq qiynoqlarni boshdan kechirgan. Sud paytida rafiqasi bilan gaplashganida mahbus shunday degan: “Eng so’nggi lahzagacha chidayman”.

​Jazo muddati ko’pincha nihoyasiga yetishdan sal avval arzimas bahona, asossiz va mavhum sabablar bilan uzaytiriladi.

Masalan, Murod Jo’rayevning muddatiga 2012-yilda “qamoqxona oshxonasida sabzini noto’g’ri archgani” uchun yana bir necha yil qo'shilgan.

HRW tahlil qilgan masalalardan yana bir shuki, ayrim siyosiy mahbuslar O’zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan xorijdan o’g’irlab olib kelingan.

"Qonunlar buzilgan. Jarayonda mahbusning huquqlari butkul poymol etilgan",- deya bildiradi tashkilot.

Siyosiy mahbuslar orasida qattiq kasallar bor. Uzoq payt izolyatorda o’tirish oqibatida va zarur tibbiy muolaja berilmagani bois ularning ahvoli og'irlashadi. Shafqatsiz va noinsoniy munosabat esa o'lganning ustiga tepgandek gap, deya tushuntiradi Stiv Sverdlov.

"Bu esa xalqaro inson huquqlari bo’yicha burch va majburiyatlarning O’zbekiston hukumati tomonidan qo’pol tarzda buzilishidir."

Qayd etish joiz, huquq faoli Abdurasul Xudoynazarov shu yilning may oyida qamoqdan chiqarilgach, oradan 26 kun o’tib, olamdan o’tdi. O’pka rakiga chalingan mahbusga, yaqinlarining aytisicha, yordam berilmagan.

"Sakkiz yil mobaynida Xudoynazarovga zarur tibbiy muolaja olishi uchun ruxsat berilmagan",- deyiladi HRW tahlilnomasida.

Siyosiy mahbuslarning ishlari ko'p hollarda advokatsiz olib boriladi va ular orasida uzoq vaqt bedarak ketganlari bor. Masalan, Andijonda 2005-yilning mayida yuz bergan qonli voqealarda ayblangan dindor Akrom Yo’ldoshev haqida oxirgi marta 2009-yilda eshitishgan.

"Shundan beri hech qanday xabar yo’q. Tirikmi yo o’lik, hech kim aytmaydi. Bu esa xalqaro qonunlarga ziddir. Biror shaxsni qamoqqa olib, u haqda axborot bermaslik mahbusni majburan yo’qotib yuborish hisoblanib, bu bilan u huquqiy va qonuniy himoyadan mahrum qilinadi. Bu degani u qattiq qiynoqlarga solinishi va azoblanishi mumkin", - deya bildiradi Human Rights Watch.

"Qiynoq, o’g’irlash, axborot bermaslik, izolyatorda saqlash, jazo muddatini uzaytirish – hech kimga ravo ko’rilmaydigan azoblardir”, – deydi Sverdlou. “20 yildan beri qamoqdami yoki undan oz, bu insonlar asossiz sudlangan va jazolangan. Shunday ekan, ular ortiqcha bir kun ham o’tirmasligi va darhol ozod etilishi kerak”.

Hukumat oxirgi marta BMT maxsus vakilini, xususan Qiynoqlarga qarshi elchini 2002-yilda mamlakatga kiritgan. Shundan beri darvozaga qulf osilgan.

Vaholanki, deydi Sverdlov, O’zbekiston BMT a'zosi ekani bilan faxrlanib keladi, uning konvensiyasi va hujjatlariga imzo chekkanini ro'kach qiladi. Aslida esa ularga tamoman ko'z yumib kelmoqda, deydi HRW vakili.

Prezident Islom Karimovning repressiv siyosatini ochiq qoralamay, G'arbdagi hamkor davlatlar, jumladan AQSh, Yevropa Ittifoqi va blokning muayyan a'zolari, O'zbekiston xalqi kelajagi, shuningdek, o'z qadriyatlariga xilof ravishda ish tutmoqda, deya bayon qiladi xalqaro tashkilot.

Tavsiyalardan biri shuki, "bu davlatlar vijdonan ish tutib, respublika hukumatiga cheklovlar qo’yish, xususuan huquqbuzar rasmiylarga viza berishni man etish, ularning xorijdagi mulklarini muzlatish hamda O’zbekistonga harbiy ko’mak ko’rsatishni to’xtatish singari choralar ko’rishi kerak."

Yana bir tavsiya: BMT Inson huquqlari kengashiga a’zo davlatlar O’zbekistondagi mudhish holat bilan alohida shug’ullanuvchi organ tuzib, maxsus vakil tayinlash taklifini quvvatlasin.

Nima uchun aynan bu 34 shaxs taqdiriga e'tibor qaratdingiz degan savolga Sverdlov shunday javob beradi:

"Minglab odamlarni aslida siyosiy mahbuslar deyish uchun asos bor. Lekin biz ko'rib chiqqan ishlarda ayblanuvchilar va sudlanganlar nufuzli shaxslar bo'lgan: faollar, jurnalistlar, diniy yetakchilar... Ularni qamab, hukumat atrofdagilarga seni ham shu kunga solishim mumkin degan qabilda signal yuborgan. Karimov siyosati qo'rqinchni qurol qilgan holda jamiyatni boshqarishga asoslangan".

Toshkent tomonidan tuhmatchi va ig'vogar deya tamg'alangan "Human Rights Watch" xususiy donorlar va xayriyadan tushgan pulga ishlaydi. 2010-yilda siyosiy bosim ostida O'zbekistondan chiqib ketgan. Shundan buyon qaytib kirishni so'rab keladi. AQSh hukumati Karimov rahbariyatini HRW va boshqa huquq tashkilotlari xodimlariga viza berishga undab keladi.

“AQSh, Yevropa Ittifoqi va boshqa yirik davlatlar Islom Karimovning qilmishlarini yaxshi biladi. O’zbekiston prezidenti mustaqil jurnalistika, inson huquqlari, diniy va siyosiy erkinliklar talabini olg’a surgan odamlarni qamoq va qiynoq bilan jazolaydi”, – deydi Sverdlou. “O’zbekistonning xalqaro maydondagi sheriklari Prezident Karimovga shuni aytishi kerakki, tinchlikparvar faollar, jurnalistlar va dindorlarni qamash va qiynash amaliyoti to’xtatilmas ekan, oqibatlari jiddiy va og’ir bo’ladi”.

"O'zbekiston qiynoqlar makoni emas" deya norozi rasmiylarga BMT va G'arb diplomatlarining doimiy maslahati shuki, mamlakat nufuzini ko'tarmoqchi bo'lsangiz va inson huquqlari haqiqatan e'zozlanayotganini isbotlashni istasangiz, tashqi dunyoga darvozani kengroq oching.

Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasi, dunyodagi eng xolis organlardan biri, 2013-yilning aprelidan beri O'zbekiston qamoqxona va hibsxonalaridan qadamini uzgan. Sabab - bu tashkilot xodimlari o'z ishini bajara olishi uchun sharoit yo'q.

Xo'sh, O'zbekiston HRWning bu safargi hisobotiga qanday javob beradi? Hozircha lom-mim deyilmayapti. Sverdlovning aytishicha, ayrim hollarda unga O'zbekiston Inson huquqlari milliy markazidan elektron maktublar keladi. Mujmal va tushunarsiz matnlar, deydi mutaxassis.

BMTning inson huquqlari bo'yicha yig'inlarida so'zlagan Akmal Saidov, yuqorida tilga olingan markaz rahbari, O'zbekistonda bugungi ahvol oldingi yillardan bir necha karra yaxshiroq, qiynoqlarga chek qo'yilgan, ularga qo'l urgan odamlar katta sonlarda sudga tortilib, jazosini olayapti; respublika qonunchiligi bugun xalqaro talablarga javob beradi, deya ko'p marta gapirgan.

Sverdlov esa yangi tahlilnomada tilga olingan 34 mahbusning birortasi O'zbekiston davlatiga qarshi jinoyat qilmaganini aytadi. Shunday ekan, bu insonlar zudlik bilan ozod etilishi kerak yo ishlari odil sudda qayta ko'rilishi lozim, deydi huquq himoyachisi.

Varshavada sentabrning oxirgi haftasida o'tayotgan xalqaro anjuman Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining yillik majlisi bo'lib, unda O'zbekistonning taniqli huquq himoyachilari Vasila Inoyatova va Mo'tabar Tojiboyeva singari faollar so'zga chiqqan va qamoqxonalardagi vaziyat haqida tanqidiy hisobotlar bergan. Konferensiya doirasida siyosiy mahbuslarning ozod etilishiga chaqiruvchi namoyishlar ham o'tmoqda.

"Human Rights Watch" siyosiy mahbuslar taqdiri haqida chiqargan hujjatli video:

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG