Rog'un deb ko'chirilgan aholi taqdiri achinarli - HRW shunday xulosa qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Tojikiston hukumati yirik GES qurish yo’lida yuzlab oilalarni ko’chirgan, biroq ularning xarajatlarini qoplamagan. Ko’plab fuqarolar uy-joy, mol-holidan ayrilgan. Aholi oziq-ovqat, ichimlik suvi va ta’lim sohasida jiddiy muammolar bilan yuzlashib kelmoqda, deyiladi xalqaro huquq tashkiloti “Human Rights Watch” (HRW) hisobotida.

81 sahifalik yangi tahlilnoma “Ko’chib ro’shnolik ko’rmadik: Tojikistondagi Rog’un to’g’oni bois aholini ko’chirishda yo’l qo’yilgan huquqbuzarlik hollari” deya nomlanadi.

“Human Rights Watch” 2009-yildan beri 1500 oilaning ahvolini o’rgangan. GES qurilishi uchun 42 ming odam uyidan ko’chirilgan. Bu odamlar yer, qora moli uchun kompensatsiya olmagan. Ba’zi oilalar ko’chgan joylarda maktablar yo’q.

Tojikiston Markaziy Osiyoning eng qashshoq davlatlaridan va energiyaga nihoyatda muhtoj, ayniqsa, qish oylarida. Sovuq mavsumda chekka joylarda tok kuniga bir necha soatga beriladi xolos. Bu ehtiyojni qondirish, iqtisodiyotni oyoqqa turg’izish uchun hukumat yirik to’g’onni ko’tarishga kirishdi. Jahon banki hisobicha, Rog’unni suvga to’ldirish uchun 16 yil kerak bo’ladi.

HRW o'z tahlilnomasida faqat huquqbuzarlik hollarini yoritib, hukumatga o'z maslahat-tavsiyalarini uzatmoqda. Rog'un qurilishi kerakmi yoki yo'q degan savolga tashkilot "betarafmiz" deb javob beradi.

Tojikiston rahbariyatiga tavsiya:

- Evakuatsiya qilingan aholining xarajatlarini qoplang. Uy-joy, zarur shart-sharoit bilan ta'minlang. Ularning turmushi va tirikchiligi davlatning boshqa maqsadlari sabab buzilmasligi lozim.

- Ichimlik suvi, elektr toki, sog'liqni saqlash va ta'lim singari talablar qondirilsin.

- Vaziyat yaqindan idora etilsin, kuzatilsin va aholi dardi tinglansin.

- Fuqaro jamiyati, nohukumat tashkilotlar masala bilan shug'ullana olsin. Axborot vositalari aholi ahvolini yorita olsin.

- Nogiron, imkoniyati cheklangan, qarovsiz va yolg'iz fuqarolarga zarur yordam ko'rsatilsin.

Xalqaro donorlarga, xususan Jahon bankiga tavsiya:

- Inson huquqlari buzilmasligini ta'minlagan holda Rog'un GESi deb ko'chirilgan aholi manfaatlari yo'lida mablag' ajrating.

- Hukumat bilan hamkorlikda hududdagi vaziyatga jiddiy e'tibor bering, kuzating, tegishli xulosa chiqaring.

- Hukumatni fuqaro jamiyati uchun imkoniyatlar yaratishga undang. Aholi turmushi va tirikchiligiga yetkazilgan zararni qoplash kerak. Bu esa davlatning ustuvor vazifasi. Qashshoqlikka qarshi kurash va taraqqiyotni asosiy vazifasi deb biluvchi Jahon banki respublika rahbariyatiga buni tushuntira olishi lozim.

Hisobot bilan to'liq holda mana bu yerda tanishing.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG