Human Rights Watch: "Andijonni unutmang"

  • Amerika Ovozi

Andijonning Bobur maydoni, 2005-yilning 13-mayi

Andijonning Bobur maydoni, 2005-yilning 13-mayi

Human Rights Watch, xalqaro huquq tashkiloti Andijon voqealarining yetti yilligi munosabati bilan G’arb davlatlarini O’zbekistondagi vaziyatga ko’proq va yaqinroq e’tibor qaratishga chaqirmoqda. Islom Karimov va uning ma'muriyatidan konkret o'zgarishlar talab qilish kerak, deyiladi bu borada chiqarilgan bayonotda.

Tashkilot tahlilicha, 2005-yilning 13-mayida Andijonning Bobur maydonida namoyishga chiqqan insonlar hukumat buyrug’i bilan o’qqa tutilgan va yuzlab odamlar halok bo’lgan.

O’shandan beri respublikada huquq ahvoli yanada og’irlashdi va G’arb bugunga kelib, Andijondagi qatliomga muhim omil sifatida qaramay qo’ygan, deydi Xyu Villiamson, Human Rights Watch ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo’limi rahbari.

O’zbekiston hukumati pozitsiyasi shuki, 12-maydan 13-mayga o’tar kechasi Andijonda qurollangan jinoiy guruh qamoqxonaga bostirib kirgan, odamlarni o’ldirgan va ertasiga ommani markaziy maydonga yig’ib, qo’zg’olon qilishga, konstitutsion tuzumga qarshi bosh ko’tarishga, odamlarning qonini to’kishga undagan. Hukumat vaziyatni qo’lga olish uchun kuch ishlatishga majbur bo’lgan va uzog’i bilan 200 ga yaqin fuqaro, asosan harbiylar halok bo’lgan.

Huquq himoyachilari buning aksini aytadi. Norasmiy hisoblarga ko’ra, Andijonda 500 dan ortiq odam o’lgan, asosan tinch aholi vakillari, jumladan bolalar va ayollar.

AQSh va Yevropa Ittifoqi hukumat tutgan yo’lni keskin tanqid qilib, Islom Karimov va uning ma’muriyatini qatliomda ayblagan, mustaqil tergov talab qilgan va siyosiy-iqtisodiy cheklovlar qo’yib, aloqalar susaygan edi.

Bugunga kelib, rishtalar ancha faollashgan. Vashington Toshkent bilan Afg’oniston yuzasidan hamkorlik qilishga majbur ekanini aytib keladi. Yevropa Ittifoqi ham muloqot tarafdori.

Human Rights Watch singari xalqaro kuzatuvchilar nazarida diplomatiya kuchli qurol va unga zo’r berish kerak, ammo G’arb O’zbekistonda fuqaro erkinliklari cheklanganini ochiq tan olib, hukumatni o’zgarishlarga undashi lozim. Amerika va Yevropa rasmiylari shunday qilinayotganini aytadi.

Huquq himoyachilari fikricha esa G’arb faqat o’z manfaatlati ketidan chopib, O’zbekistonda huquq muntazam ravishda buzilishi, so’z va matbuot erkinligi yo’qligi, qamoqxonalardagi qiynoqlar va milliy xavfsizlik xizmati o’tkazayotgan tazyiqlarga ko’z yumib kelmoqda.

Andijon fojiasidan yetti yil o'tib... Haqiqatni kim biladi?

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG