O'zbekiston rahbariga: Konstitutsiyani ardoqlash inson huquqlarini qadrlashdan boshlanadi


Xalqaro tashkilot Islom Karimovni haqiqiy islohot boshlashga chaqirmoqda

Xalqaro tashkilot Islom Karimovni haqiqiy islohot boshlashga chaqirmoqda

8-dekabr O'zbekistonda Konstitutsiya kuni, bosh qomus qabul qilingan sana. Shu munosabat bilan Nyu-Yorkda asoslangan xalqaro tashkilot, huquq targ'ibotchisi "Human Rights Watch" (HRW) Islom Karimov va uning ma'muriyatini "haqiqiy islohotlar" qilishga undamoqda.

Respublika rahbari 6-dekabr kuni qilgan ma’ruzasida mamlakatda islohotlar jadal tarzda ketmoqda dedi:

“Haqiqatan ham, 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Konstitutsiyamiz O‘zbekiston tarixida, uzoq, davomli maqsad va vazifalarimizni aniq belgilab berishda o‘zining puxta o‘ylangan tamoyil va qoidalari bilan ishonchli va hal qiluvchi omil bo‘ldi, deb ta’kidlashga barcha-barcha asoslarimiz bor.

Konstitutsiyamiz negiziga qo‘yilgan talab va qoidalarga to‘liq mos keladigan, dunyo hamjamiyatida “o‘zbek modeli” deb nom qozongan, mamlakatimizni isloh etish va modernizatsiya qilish yo‘li naqadar to‘g‘ri ekanini bugun hayotning o‘zi tasdiqlab bermoqda”.

Karimov yana shuni ham ta’kidladiki:

“Faqatgina biz tanlagan bosqichma-bosqich, tadrijiy rivojlanish yo‘li xalqimiz ko‘zlagan ezgu niyatlarga erishishga, zamonaviy demokratik talablarga javob beradigan davlat, inson manfaatlari, huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat bo‘lgan, qonun ustuvorligini ta’minlaydigan jamiyat barpo etishga olib kelishi muqarrar. Buni hayotimizning o‘zi bugun isbotlab bermoqda”.

Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow), HRWning Markaziy Osiyo bo'yicha bosh eksperti, bunga javoban shunday deydi:

"Erkin fikrini ochiq aytib, tinch yo'l bilan harakat qilgan jurnalistlar, huquqbonlar, yozuvchilar, muxolifatchilar va taqvodorlarni panjara ortiga tashlab, ularni asossiz jazolab, qiynab-azoblab kelayotgan hukumat qanday qilib islohotlar haqida gapirishi mumkin?"

O’zbekiston bosh qomusi haqiqatdan ham insonning uzviy huquqlarini, jumladan erkin fikr, erkin so'z va vijdon erkinligini kafolatlaydi. Fuqaro siyosiy va diniy erkinlikka ega deya tan oladi.

HRW ta'biricha konstitutsiyani ardoqlash begunoh qamalgan insonlarni ozodlikka chiqarishdan boshlanishi kerak. Shu bois ham HRW siyosiy sabablar bilan qamalganlarga, ya'ni tuzum tanqidchilariga erkinlik berishga chaqirmoqda.

Konstitutsiya kuni oldidan odatda amnistiya e'lon qilinadi. Yengil jinoyatlar uchun qamalganlar, ahloqi namunali bo'lgan shaxslar, keksa va kasalmandlar, ayollar va yosh mahbuslar avf etiladi.

Lekin amnistiya siyosiy va diniy sabablar bilan sudlanganlarga nasib etmaydi, masalan tuzumga tahdid solganlikda aybdor deb topilgan fuqarolarga.

Yaqinda BMTning Qiynoqlarga qarshi qo'mitasi O'zbekistondagi ahvolni ko'rib chiqib, mamlakatda mahbuslarga nisbatan noinsoniy munosabatga chek qo'yilmagan va qiynoq usullari hamon muntazam ravishda qo'llanadi deya xulosa qildi.

Vaholanki, respublika rasmiylari Jenevada o'tgan majlisda BMT ekspertlari oldiga chiqib, hech kim qiynoqqa solinmaydi dega qayta-qayta ta'kidladi. Xalqaro mutaxassislar bu bayonotlarga ishonmadi.

Qo'mita O'zbekiston hukumatiga qiynoqlar haqida qilingan har bir shikoyatni izchil ko'rib chiqib, javobgarlarni jazoga tortishni; yuqori lavozimda o'tirganlar ham qiynoqlarni qoralab ochiq gapirishini; ichki ishlar organlarida bu borada targ'ibot ishlari olib borib, qamoqxonalarda qiynoqlarga qarshi keskin choralar ko'rishni tavsiya etdi.

BMT to'plagan ma'lumotlarga ko'ra, aynan huquq faollariga nisbatan beshavqat munosabatda bo'linadi.

Masalan, deydi HRW vakili Stiv Sverdlov qo'mita oldida gapirar ekan, A'zam Formonov ismli huquq himoyachisi 2006-yildan beri Jasliq qamoqxonasida o'tiribdi. Bir necha bor qattiq qiynoqqa solingan. Sudlanishidan oldin va sudlanganidan keyin. Unga nisbatan qilingan jinoyatlar haqida advokat va qarindoshlari 2008 va 2011-yillarda ishonchli ma'lumotlar olgan va bu dalil-isbotlar HRWga yetib borgan. Mahbusni hatto qiynoqqa solinmadim deb xat yozishga ham majburlashgan. Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasi, insonparvarlik tashkiloti, "Jasliq" ni ko'zdan kechirishga borganida A'zam Farmonovni vaqtincha boshqa joyga ko'chirishgan. Mehmonlar kelib ketgach, yana qayta olib kelishgan. Qiynoqlar davom etgan.

Inson haq-huquqlarini talab qilganlikdan boshqa biror aybi yo'q insonlar misolida HRW quyidagi shaxslarni keltiradi: Solijon Abdurahmonov, A'zam Farmonov, Mehriniso Hamdamova, Zulhumor Hamdamova, Isroiljon Xoldarov, Nosim Isoqov, G'aybulla Jalilov, To'raboy Jo'raboyev, Abdurasul Xudoynazarov, G'anixon Mamatxonov, Cho'yan Mamatqulov, Zafarjon Rahimov, Yo'ldosh Rasulov, Bobomurod Razzoqov, Dilmurod Saidov, Nematjon Siddiqov va A'zam Turg'unov.

Konstitutsion tizimga qarshi jinoyatlarda aybdor deb topilganlar qatorida, shuningdek, tanqidiy fikrlari bilan tanilgan adiblar, ziyolilar va muxolifatchilar: Muhammad Bekjonov, Botirbek Eshqo'ziyev, Ruhiddin Faxriddinov, Xayrullo Hamidov, Bahrom Ibragimov, Murod Jo'rayev, Davron Qobilov, Matluba Karimova, Samandar Qo'qonov, G'ayrat Mehliboyev, Erkin Musayev, Yusuf Ro'zimurodov, Qudratbek Rasulov, Rustam Usmonov, Ravshanbek Vafoyev va Akrom Yo'ldoshev.

Bu ko'zga ko'ringan insonlardan tashqari qamoqxonalarda yana minglab taqvodor fuqarolar o'tiribdi, deya bildiradi HRW. Ular ekstremizmda, diniy mutaassiblikda aybdor deb topilgan insonlar. Ular ham o'z e'tiqodi va diniy qarashlari tufayli tuzumga raxna solganlik aybi bilan hibsga olinib, sudlangan va uzoq muddatga qamalgan.

11 yildirki, O'zbekiston hukumati BMTning biror maxsus vakiliga eshikni ochmaydi. Oxirgi marta 2002-yilda Qiynoqlarga qarshi maxsus elchi turmalarni ko'zdan kechirgan va "sistematik qiynoqlar" haqida axborot bergan.

O'zbekiston rahbariyati bugun vaziyat o'zgacha, islohotlar orqali ahvol yaxshilangan deya ta'kidlaydi.

Xo'sh, nega unda xalqaro tashkilotlar buni ko'rishi uchun sharoit yaratilmayapti? O'zbekiston BMT a'zosi sifatida burch va majuburiyatlarini qanchalik bajarayotganini nima uchun isbotlay olmayapti? BMT ekspertlari, HRW va boshqa tanqidchi tomonlar shu savolni o'rtaga tashlaydi.

Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasi, neytral insonparvar tashkilot, shu yilning aprelidan boshlab mamlakat qamoqxonalaridan qadamini uzdi. Vaholanki, u to'plagan ma'lumotlarni hech kimga ko'rsatmaydi. Qo'mitaning yagona maqsadi - mahbuslarning holidan xabar olish, ularga ruhan va tibbiy yordam berish.

Toshkentdagi vakolatxonaga ko'ra, hibsxona va turmalarga kirish juda qiyin va tashkilot o'z vazifalarini bemalol ado eta olmay qolgan. Uzoq davr mobaynida kuzatilgan qiyinchiliklar sabab shunday qarorga kelingan, ya'ni faoliyat olib borish deyarli mumkin emas. O'zbekiston hukumati bu da'volarni asossiz deb biladi va tashkilotni o'zi xohlab ishlamay qo'yganlikda ayblaydi.

Yaqinda Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasining Markaziy Osiyo bo'yicha vakili Jak Villett (Jacques Villette) Toshkentda O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashgan. Qo'mitaning bildirishicha, bu uchrashuvdan hech qanday o'zgarish kutilmayapti.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG