Huquq tashkiloti: AQSh O'zbekistondagi vaziyatga ko'z yuma olmaydi


Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow), Human Rights Watch tashkilotining O'zbekiston bo'yicha vakili

Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow), Human Rights Watch tashkilotining O'zbekiston bo'yicha vakili

Inson huquqlari bo’yicha xalqaro tashkilot Human Rights Watch Amerika hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkilotidan O’zbekistondagi vaziyatni yaxshilash uchun muayyan choralar ko’rishni so’ramoqda.

Jumladan BMT Inson huquqlari kengashi qoshida aynan O’zbekiston bilan shug’ullanadigan maxsus vakil tayinlash. Shuningdek, huquq himoyasi bilan mashg’ul guruh va tashkilotlarning ro’yxatga olinishi uchun Toshkentga bosimni oshirish; qiynoqlar va adliya tizimidagi tub muammolarni ochiqchasiga tanqid qilib, O’zbekiston hukumatini konkret o’zgarishlar qilishga undash; xavfsizlik va harbiy sohada hech qanday yordam bermaslik; huquqbuzarliklarda qo’li borligi gumon qilingan rasmiylarni AQShga kelishini man etish va O’zbekiston bilan imzolangan harbiy va boshqa turdagi har qanday shartnomalarni oshkor etib, Amerika puli nimaga sarflanayotganini qat’iy nazorat etish.



Bu tavsiyalar Obama ma’muriyati va Kongress a’zolariga taqdim etilgan. Inson huquqlari aloqalardagi eng nozik mavzu. Human Rights Watch tashkilotining O’zbekiston bo’yicha vakili Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow) fikricha bu eng muhim masala sifatida qaralishi kerak. Chunki vaziyat kun sayin og’irlashib bormoqda, deydi u.

“2011-yil bu borada bag’oyat achinarli yil bo’ldi. Qiynoqlar hamon keng tarqalgan. Ahvolni kuzatuvchi mustaqil organlar yo’q. Bizning tashkilotimizni o’tgan yilning iyun oyida chiqarib yuborishdi. Fuqaro jamiyati faollari doimiy tazyiq ostida. Xorijdan biror jurnalist kiritilmaydi, masalan yaqinda “Bi-Bi-Si” (BBC) va “Novaya gazeta” muxbirlari aeroportdanoq orqaga qaytarilgan. Vaziyat yomonlashsa yomonlashayapti-ki, yaxshilanayotgani yo’q”.

Hisobot "Guvohlar qolmadi" deb nomlanadi

Hisobot "Guvohlar qolmadi" deb nomlanadi

O’zbekiston hukumati odatda bunday bayonotlarga javob bermaydi. Hukumat pozitsiyasi shuki, respublika adliya tizimi islohot ostida va fuqaro jamiyati tobora barq urmoqda. Inson huquqlari himoyasi bilan mashg’ul davlat idoralari va nohukumat tashkilotlar bor. Xorijiy, ayniqsa G’arbda asoslangan tashkilotlar vaziyatni yaxshi bilmaydi va ahvolni juda tor ma’noda tahlil qiladi. Tanqid qilayotgan tomonlarning o’z g’araz maqsadlari bor, xususan Human Rights Watch tashkilotining.

Stiv Sverdlov bu iddaoni inkor etadi va tashkilot huquqni professional ravishda himoya qiladigan global organ ekanini eslatadi. Xolis ishlaymiz, maqsad huquq himoyasi, deydi u.

“Agar O’zbekistonda hammasi joyida bo’lsa, unda ko’raylik… Xalqaro tashkilotlarga eshikni ochishsin. Huquq himoyasida qanday yutuq va kamchiliklar borligini bilish uchun imkoniyat yaratishsin. O’zbekiston hukumati kim uni tanqid qilsa, o’sha tomonni yo haydaydi yoki umuman kirgizmaydi. Buning o’zi qonunbuzarlik, huquqbuzarlik. Masalani muhokama qilishdan bosh tortadi. Masalan, paxta dalalarida bolalarning majburan ishlatilishi. Xalqaro Mehnat Tashkiloti vaziyatni o’rganmoqchi, lekin hukumat ularni kiritmayapti”.

Prezident Islom Karimov

Prezident Islom Karimov

O’zbekiston BMTning inson huquqlari bo’yicha ekspertlarini ham o’ziga yaqinlashtirmaydi. Bu xalqaro talab va majburiyatlarni bajarmaslik degani. Oxirgi marta BMT maxsus vakili O’zbekistonga bundan 10 yil oldin borgan. Qiynoqlar bo’yicha maxsus vakil bor, diniy erkinliklar va advokatlar bo’yicha ham. Hammasi joyida bo’lsa, nima uchun O’zbekiston ularni kiritmayapti”?

Stiv Sverdlov Kongress, Davlat departamenti, Mudofaa vazirligi va boshqa idoralarda bo’lib, O’zbekistondan olingan ma’lumotlarni ularga tahlil qilib bermoqda. Hisobot 100 dan ortiq fuqaro bergan guvohliklar, mutasaddilar bilan anonim suhbatlar, tasdiqlangan isbot-dalillarga asoslangan. Militsiyaxonalar va turmalardagi vaziyat, qiynoqlar, zo’rlik bilan aybga iqror qildirish hollari xususida gap ketadi.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton 2011-yilning 23-oktabrida Toshkentda "GM-O'zbekiston" qo'shma korxonasida so'zlaganida erkinlik va demokratik taraqqiyotga ham urg'u berib o'tgan. Oqsaroyda prezident Islom Karimov bilan ikki yarim soatlik muloqotida h

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton 2011-yilning 23-oktabrida Toshkentda "GM-O'zbekiston" qo'shma korxonasida so'zlaganida erkinlik va demokratik taraqqiyotga ham urg'u berib o'tgan. Oqsaroyda prezident Islom Karimov bilan ikki yarim soatlik muloqotida h

Shimoliy Ta’minot Tizimi (Northern Distribution Network), Afg’onistondagi xalqaro koalitsiyaga yuk tashiladigan yo’nalishning katta qismi O’zbekistondan ham o’tadi. Bunga ruxsat berib, Karimov ma’muriyati millionlab dollar daromad olmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, AQSh Markaziy Osiyo respublikalariga tranzit uchungina yiliga 500 million dollar to’laydi. Kongress Pentagon va Davlat departamentiga shunday yo’riqnoma bergan: AQSh dollari korrupsiyaga botgan va yulg’ichlikka o’rgangan tuzum ravnaqi uchun xizmat qilmasligi kerak. Mablag’ qayoqqa ketayotgani nazorat qilinsin.

Afg’oniston yuzasidan hamkorlik qilish juda muhimligini bilamiz, deydi Stiv Sverdlov, lekin AQSh, Yevropa Ittifoqi va boshqalar kim bilan sherik ekanini yodda tutishi kerak, deydi u.

“O’zbekiston barqaror va farovon jamiyat bo’lsin, ishonchli hamkor bo’lsin desa bu davlatlar huquq himoyasini chetga surmasligi kerak. Erkinlik, oshkoralik, qonun ustuvorligi tomon harakat qilmagan davlat na barqaror bo’ladi, na tayansa bo’ladigan sherik”.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, AQSh Markaziy Osiyo respublikalariga tranzit uchungina yiliga 500 million dollar to’laydi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, AQSh Markaziy Osiyo respublikalariga tranzit uchungina yiliga 500 million dollar to’laydi.

O’zbekiston bilan aloqalarga mas’ul bosh rasmiy, Davlat kotibi muovini Robert Bleyk (Robert Bleyk) deydiki, huquq va demokratiya targ’iboti asosiy o’rinda. Islom Karimov va uning ma’muriyati bilan muzokaralarda bu hech qachon chetga surilmaydi. Vashington O’zbekistonni oshkoralik va qonun ustuvorligi tomon qadam tashlashga undab keladi. Doimiy muloqot bunday nozik mavzularni ham yuzma-yuz o’tirib muhokama qilish, “bir-birimizning pozitsiyamizni tushunish imkoniyatini bermoqda”, - deya Bleyk “Amerika Ovozi” bilan suhbatlarda.

Human Rights Watch buni ijobiy baholaydi, lekin, deydi Stiv Sverdlov:

Kapitoliy, AQSh qonunchilik organi Kongress joylashgan bino

Kapitoliy, AQSh qonunchilik organi Kongress joylashgan bino

“Kongress o’zi qo’ygan cheklovlarga istisno tarzida O’zbekistonga harbiy yordam ko’rsatishga qaror qildi. Repressiv tuzumni bunday imtiyozlar bilan siylash huquq himoyasi uchun xizmat qilmaydi. Vashington qiynoqlar va boshqa dahshatli holatlar yuzasidan qattiqroq gapirishi, ularga befarq emasligini eslatib turishi kerak. Bizning so’nggi hisobotimiz O’zbekiston huquq- tartibot va adliya tizimida vaziyat qanchalik og’ir ekanini yaqqol ko’rsatadi. Ularga ko’z yumsangiz, O’zbekiston hukumati o’z bilganini qilaveradi. Azobini esa oddiy xalq tortadi”.

Human Rights Watch va uning O’zbekiston bo’yicha vakili Stiv Sverdlov G’arbga shunday deydi: Afg’onistonda barqarorlikni ta’minlaymiz deb, qo’shni davlatda vaziyat izdan chiqishi uchun hissa qo’shmang. Hamkorlik qiling, lekin o’z qadriyatlaringizga ham sodiq qoling.

Suhbat ingliz tilida to'liq holda/The original version of the interview with Steve Swerdlow:

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG