Huquq faoli G’anixon Mamatxonovga qarshi yangi jinoiy ish


Xalqaro tashkilotlar va G’arb inson huquqlari masalasida rasmiy Toshkent bilan muloqot o’rnatishga harakat qilgan bir paytda mamlakatda faollarga bosim kuchaygani seziladi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, jazo muddatini o’tab bo’lgan, lekin ozod etilmagan huquq himoyachisi G’anixon Mamatxonovga nisbatan yangi jinoiy ish ochilgan. Sal oldin yana bir necha faol qamoqqa olingan edi.


61 yoshli huquq himoyachisi G’anixon Mamatxonov belgilangan besh yillik jazo muddatini shu yilning 10-mart kuni o’tab bo’lgan edi, ammo huquq faoli qamoqdan chiqarilmadi. Qamoqxona ichki tartibini buzish aybi bilan unga nisbatan yana jinoiy ish ochilgani xabar qilinmoqda.

“… uni ehtiyot chorasi sifatida qamoqda ushlab turish haqida Novoiy viloyat sudining ajrimi chiqarilgan. Bu haqda uning oilasi xabardor qilingan. Sudning bu xati huquq faoliga nisbatan qamoqxona ichki tartibini buzish aybi bilan jinoiy ish qo’zg’atilganidan darak beradi. Jazo chorasiga asos qilib Mamatxonovni uch marta hojatxonaga so’roqsiz chiqqani ko’rsatilgan”, - deydi Mamatxonov ishi bilan shug’ullanayotgan “O’t yuraklar” tashkiloti tahbari Mo’tabar Tojiboyeva.

G’anixon Mamatxonovning yaqinlariga advokat yollash maslahat berilgan.

“Qon bosimi oshib ketgan, kasal, yoshi katta, tez-tez zaruriyat bo’yicha chiqib turishga majbur. Oxirgi marta ko’rgani borganimda ham, menga o’g’lim bir chorasini qil, qiynalib ketdim degan edi. Shu paytgacha biror marta jarima haqida aytmagan edi. Hozir endi advokat orqali gaplashishimizni so’rashyapti. Advokatga esa mablag’ yo’q. Nima qilishni bilmasdan qiynalib ketdik, yoshi katta, hozirgacha amnistiyaga ham tushmadi”, - deydi Mamatxonovning o’g’li Jamolxon.

O’zbekistondagi inson huquqlari masalasi kuni-kecha Bryusselda o’tgan O’zbekiston- Yevropa Ittifoqi uchrashuvida muhokama qilingan edi. O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri boshliq delegatsiya va Yevropa rasmiylari o’rtasida kechgan muhokama natijalariga ko’ra, ittifoq O’zbekiston tomonining inson huquqlari bo’yicha ochiq muloqotga tayyorligini olqishlab chiqdi. Jazo muddatini o’tab bo’lgan huquq faoliga nisbatan qamoqxonada ish qo’zg’atish qarori shu muzokarlar ortidan kuzatilmoqda.

“O’zbekiston hukumati inson huquqlari masalasida Yevropani ham, BMTni ham nazar-pisand qilayotgani yo’q. O’zbekiston hukumati xalqaro majburiyatlarini bajarish niyatida emas. Aynan shu kunlarda, ya’ni Abdulaziz Komilovning Bryussega kelib muzokarlar o’tkazishi, inson huquqlari bo’yicha muloqotning navbatdagi qismi o’tishi ortidan Mamatxonovga nisbatan bunday chora qo’llangani, Toshkentning, qo’pol bo’lsa-da, senlarni bir tiyinchalik ham ko’rmayman, qabilidagi javobiga o’xshaydi”, - deydi Tojiboeva.

Toshkent va G’arb o’rtasida huquq bobida muloqot mamlakatda faollarga nisbatan bosim va tazyiqlarga biror ijobiy ta’sir ko’rsatmagan.

Biroz avval muxolifatdagi “Erk” partiyasining ikki nafar faoli Faxriddin Tillayev va Nuriddin Jumaniyozovlar odam savdosida ayblanib, 10 yildan qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Huquq faollarining aytishicha, muxolifatchilarga qo’yilgan ayblov sudda o’z tasdig’ini topmagan, uzoq yillik jazo muddati belgilanishi esa ularning muxolifatdagi siyosiy faoliyati bilan bog’liq ko’riladi.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG