Huquqbonlar: Bizni qanchalik qoralashmasin, jamiyatga kerakmiz


Rassom va huquq himoyachisi Azimjon Asqarov Qirg'izistonda bir umrga qamalgan faollardan... Huquq va erkinlik insonga havodek zarur deya u Jalol-Obodda "Vozdux" degan nohukumat tashkilotga asos solgan edi. (Surat faol haqidagi hujjatli filmdan olingan: youtu.be/reSkiGBAR6U).

Rassom va huquq himoyachisi Azimjon Asqarov Qirg'izistonda bir umrga qamalgan faollardan... Huquq va erkinlik insonga havodek zarur deya u Jalol-Obodda "Vozdux" degan nohukumat tashkilotga asos solgan edi. (Surat faol haqidagi hujjatli filmdan olingan: youtu.be/reSkiGBAR6U).

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 1998-yilda qabul qilgan deklaratsiyada inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanuvchi va erkinlikni targ’ib qiluvchi insonlar adolatparvarlar deya tan olinadi. Ularning hayotiga xavf solish yoki faoliyati uchun jazolash qoralanadi.

Dini va elatidan qat’i nazar, huquq faoli yoki huquqbon deya ataluvchi bu shaxslar turli kasb egalari bo’lishi mumkin, masalan o’qituvchilar, shifokorlar, advokatlar, muhandislar, san’atkorlar, jurnalistlar va adiblar. Nafaqaxo'rlar, uy bekalari yohud talabalar...

Huquq himoyachisi odatda biror nohukumat tashkilot vakili. Mustaqil va ko’ngilli xizmatga bel bog’lagan inson yoki huquq targ’iboti bilan mashg’ul xalqaro tashkilotning mahalliy xodimi bo’lishi mumkin.


Faollar hamisha nishonda

Sobiq ittifoqdagi qay o’lkaga bormang, hukumatlar va ko’plab fuqarolar huquqbon yoki faolni chet el agenti yoki G’arbdan pul olib, vatanini yomonlab yurgan shaxs sifatida ko’radi.

O’zbekiston singari yopiq jamiyatlarda amaldagi siyosatni qoralab namoyishga chiqish, davlatdan nimanidir ochiq talab qilish ahmoqlik va kaltabinlik sifatida talqin qilinadi. Kaltaklanmagan, hujumga uchramagan, so'roq qilinmagan yo hibsga olinmagan faolni topish qiyin.

Bu insonlar adliya va huquq-tartibot organlaridagi muammolarni, jamiyatdagi adolatsizliklarni ko’tarib chiqadi, ularni fosh etishga harakat qiladi.

O’zbekistonda huquq himoyachilari orasida hukumatni tanqid qilgani uchun qamoqda o’tirib chiqqanlar, sobiq militsionerlar, taniqli shifokorlar, iste’fodagi diplomatlar, qonunbuzarliklardan to’ygan fermerlar va o’qituvchilar, qolaversa oddiy fuqarolarni ko’rasiz. Ko’plab faollar man etilgan muxolif guruhlarning a’zolari hamdir.

Chetdan yordam oladi deya ularga nisbatan ishonchsizlik kuchli, ammo ularning xizmatidan minnatdor va huquqbonlarni jasur fuqarolar sifatida ko’radiganlar ham ko’p.

Fuqaroni ogoh qilish - eng qiyin ish

Qishning sovuq bir oqshomida, qalin qor yog’ayotgan damlarda Vashingtondagi siyosiy-ijtimoiy kafe, tinchlik va adolatni targ’ib qiluvchi klubda Yevrosiyo davlatlaridan kelgan huquq himoyachilarini tinglar ekanmiz, Qozog’istonda faoliyat olib boruvchi Viktoriya Tyuleneva “oldimizdagi eng qiyin ish fuqarolarni ogoh qilish, huquq va qonun ustuvorligini ular ongiga singdirish” deydi.

Viktoria Tyuleneva, Qozog'istonda tanilgan huquq faoli

Viktoria Tyuleneva, Qozog'istonda tanilgan huquq faoli

Qozog’iston dunyoga o’zini tezlikda rivojlanayotgan, zamonaviy bir jamiyat deb tanishtiradi.

"Aslida esa qonunlar va inson huquqlari muntazam ravishda buziladigan, erkinlikdan yiroq va men singari faollar tuzum dushmanlari deb ko’riladigan yurt bu… Farzandlarimiz va kelajak haqida o’ylashimiz kerak. Men yuristman va huquq himoyasini eng muhim vazifa deb bilaman”,- deydi Tyuleneva.

Vitis Yurkonis, Belarusda huquq va erkinlik uchun kurashmoqda

Vitis Yurkonis, Belarusda huquq va erkinlik uchun kurashmoqda

Belarusda erkinlik uchun kurashib kelayotgan faollar yetakchisi, ayni damda Litvada asoslangan idora rahbari Vitis Yurkonis fikricha, huquq targ’iboti cheksiz kurash, cheksiz matonat va sabr-toqat talab qiladi.

“Freedom House”, AQSh moliyasi bilan ishlaydigan xalqaro tashkilot ko’magida yaqinda Belarusdagi vaziyatni tasvirlovchi multfilm ishlandi.

“Kartoshka yurtidagi ahvol” tasvirlanadi unda, deydi Yurkonis. Prezident Aleksandr Lukashenko eng katta kartoshka, fuqarolar esa mayda kartoshkalar… Satira shaklidagi multfilm targ’ibot vositasi sifatida ishlatilmoqda, maqsad – odamlarni o’ylantirish.

Huquqbonning ishi tahlikali

Qirg’izistondan Askat Dukenbaev “Freedom House” ning bu davlatdagi rahbari. Aslida Qozog’istonda katta bo’lgan. Olim. Amerikada ta’lim olgan, malaka oshirgan.

Uning nazarida Markaziy Osiyo millatchilik, loqaydlik va repressiya iskanjasida ekan, huquq himoyachilarining ishi tobora og’ir va xavfli.

Askat Dukenbaev, Qirg'izistonda tanilgan huquq himoyachisi

Askat Dukenbaev, Qirg'izistonda tanilgan huquq himoyachisi

Bir umrga qamoqqa tashlangan Azimjon Asqarov taqdiri bunga yaqqol misol, deydi u, bu faol haqida ishlangan hujjatli filmdan parcha ko’rsatar ekan.

Asqarov Jalol-Obod farzandi, o’zbek. O’zbekistonda bilim olib, vataniga qaytib, asl kasbi rassomchilik qilib kun ko’rgan, oilasini boqqan. Lekin atrofdagi adolatsizliklarga chiday olmay, huquq himoyasi uchun kurashga kirgan. Yurtdoshlari yuzlashayotgan muammolar haqida tanqidiy maqolalar yozgan. Keyinroq “Vozdux” (Havo) degan tashkilotga asos solgan. Huquq va erkinlik insonga havodek, kisloroddek zarur narsa, deya targ’ibot ishlari olib borgan. 2010-yilning yozida Qirg’iziston janubida etnik xunrezliklar avj olarkan, ular haqida ma’lumot to’plab, tashqi dunyoga uzatgan Azimjon Asqarov militsiyaga qarshi jinoyatlarda, xususan qotillikda ayblanib, panjara ortiga tashlandi.

Sud adolatsiz kechdi, isbot-dalilsiz bu insonga eng og’ir hukm o’qildi, deydi Askat Dukenbaev. Asqarov faqat o’zbeklarni himoya qilgan degan iddaolar asossiz, deydi u. Asqarov hamma uchun turib bergan va buni minglab guvohlar isbotlab berishi mumkin.

Toshkent

Toshkent

O'zbekistondagi manzara: ko'plab faollar xorijda

“Freedom House” O’zbekistonni bir necha yil oldin siyosiy bosim ostida tark etgan. Tuzumga qarshi propagandada ayblangan. Hozir respublikada huquq himoyasi bilan mashg’ul yoki bu boradagi vaziyatni kuzatadigan biror xorijiy tashkilot yo’q.

Vasila Inoyatova boshchiligidagi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rasman tan olingan yagona mustaqil nohukumat tashkilot va mamlakat bo’ylab o’z a’zolariga ega. Yaqinda Toshkentda Inoyatovaning o'g'li pichoqlanib, qattiq jarohatlangan.

Ko'plab hollarda huquqbonlar chet eldagi muxolifatning vakillari. Ularga har bir so’m qayerdan kelayotganini tekshirib turgan hukumat bu faollardan ko’zini uzmaydi.

Siyosiy va diniy mahbuslar, yopiq sudlar, tergov va adliya jarayoni yuzasidan ma'lumot to'plab tanilgan Surat Ikromov - O'zbekiston Mustaqil inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhi lideri. Ikromov bir necha marta do'pposlab ketilgan, organlar tomonidan tekshirilgan. Noma'lum to'dalar uni nishonga olingan.

Surat Ikromov, huquq himoyachisi

Surat Ikromov, huquq himoyachisi

Faollar doimiy tazyiq ostida, deya ogohlantiradi “Human Rights Watch” (HRW) tashkiloti, O’zbekistondan quvilgan yana bir xalqaro organ. O’nlab huquqbonlar qamoqda, deyiladi HRW yillik hisobotida.

Fransiyada ro’yxatdan o’tgan ikki tashkilot – Nadejda Atayeva rahbarligidagi Markaziy Osiyo Inson Huquqlari Uyushmasi va Mo’tabar Tojiboyeva yetakchiligidagi “O’tyuraklar klubi” mamlakatdagi vakillari orqali yig’ilgan ma’lumotlarni internetdagi sahifalari va axborot vositalarida e’lon qilib, turli jinoiy ishlar va nohaqliklar xususida ommani boxabar qilib keladi.

Nadejda Atayeva o’tgan yili Toshkentda otasi va ukasi qatorida sudlanib, moliyaviy firibgarliklarda aybdor deb topilib, qamoq jazosiga mahkum etildi. Sud sudlanuvchilarsiz o’tdi. Oddiy qilib aytganda, Atayeva quvg’indagi faol.

Mo’tabar Tojiboyeva esa tuzumga qarshi jinoyatlarda ayblanib, qamoqda o’tirib chiqqan, qiynoqlarni boshdan kechirgan huquqbon. G’arb undovi bilan ozod etilgan va vatandan chiqib ketgan Tojiboyeva “diktaturaning asl basharasini ochib berish – burchim”,- deb keladi.

Huquq himoyachilari va faollarni tushunmagan odam, deydi bu insonlar, jamiyatdagi asl vaziyatdan ogoh emas yoki unga ko’z yumishni ma’qul ko’rishadi.

Mayli, faollarni qoralashsin, lekin aynan shu faollar tanqidchilarning haq-huquqlari uchun ham kurashmoqda, avvalo erkin so’z va fikr uchun, deydi ular.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG