Huquq faoli Shavkat Hojixonov chegarani buzganlikda ayblanmoqda



Norvegiyadan O’zbekistonga qaytgan marg’ilonlik huquq himoyachisi Shavkat Hojixonov ustidan tergov ishlari boshlangan. Markaziy Osiyo inson huquqlari tashkiloti a’zosi chegarani buzib o’tganlikda ayblanmoqda. U hibsda qiynoqqa solingani va qattiq kaltaklangani haqida ma'lumotlar bor.

Fransiyada ro’yxatdan o’tgan Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasiga ko’ra, faol O’zbekistonga og’ir avholda yotgan onasini ko’rish maqsadida borgan.

14-aprel kuni Qirg’iziston orqali O’zbekistonga o’tgan Hojixonov 15-aprel kuni Marg’ilondagi uyida hibsga olingan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko’ra, huquq faolini vaqtincha hibsda ushlash muddati uch oyga uzaytirilgan.

Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasi a'zosi, Norvegiyada siyosiy qochqinlikda yashayotgan Baxtiyor Qo’ziboyev deydiki, Shavkat Hojixonovning hibsga olinishi uning inson huquqlari borasidagi faoliyati bilan bog’liq.

“U yashagan dom 20 ga yaqin militsiya, yana shuncha fuqarolik kiyimidagi maxsus xizmat xodimlari tomonidan o’rab olingan. Uni go’yoki bir uyushgan jinoyatchilik vakiliga o’xshatib hibsga olishgan, butun domdagilar vahimaga tushib qolgan. Uni hibsga olishlari sababiga kelsak, u juda faol edi, biror joyda miting qilamizmi, uchrashuv bo’ladimi, siyosatchilarni kutib olishmi, birortasi Shavkatsiz o’tmas edi. Xorijdagi o’zbeklarning muammosi bilan yaqindan shug’ullanayotgan jonkuyar faol edi. Men faqat shundan ko’raman”, - deydi Qo’ziboyev.

Hibsda Hojixonovga nisbatan qiynoq qo’llangani, undan turli ko’rsatmalar olinayotgani, faolga boshqa ayblovlar qo’yilish xavfi borligi ham aytilmoqda.

“Hibsga olingan kunining ertasiga uni surishtiruv davomida jiyani bilan uchrashtirishgan. Jiyani aytishicha, tog’asining yuz-ko’zlari shishib ketgan, bir kechada, hech narsa berishmagan, sovuqda qaltirab turgan, oyog’ida bitta tapochka, egnida bitta futbolka. Jiyani yonidagi maxsus xizmat vakiliga yalinibdi, hech bo’lmasa oyoq kiyimimni beray deb. Rozilik olgach, tog’asi yig’lab jiyanini quchoqlabdi, do’stimga ayt meni bu yerdan olib chiqsin, ilojini qilsin, meni o’ldirib qo’yishadi, debdi. O’sha kuni tunda uni juda qattiq kalkatlashgan”, - deydi Qo’ziboyev.

Hojixonov ketidan bir yilcha muqaddam Norvegiyadan O’zbekistonga qaytgan Ne’mat Oxunov ham ushlangan. Ayni paytda Oxunovga nisbatan ham davlat chegarasini noqonuniy o’tish aybi qo’yilgan.

Ayblanuvchilar bilan Milliy xavfsizlik xizmati shug’ullanayotgani, ular Marg’ilondan Toshkentga olib ketilayotgani haqida ham ma’lumotlar bor.

“Hozir ularning ikkovi ham 223-modda bilan davlat chegarasini buzishda ayblangan. Tergov jarayoni mobaynida hibsda saqlanishi haqida sanksiya chiqarilgan. Ularning yaqinlariga advokatlarni Toshkentdan yollashni maslahat berishibdi. Ularni Toshkentga MXXga olib ketar ekan, ammo MXX bunaqa mayda ishlar bilan shug'ullanib nima qiladi?” - deydi Baxtiyor Qo’ziboyev.

Faollar xorijda faoliyat yuritgan Hojixonov O’zbekistonda kuchli bosimga, qiynoqqa tutilishidan xavotir bildirmoqda. Huquq himoyachisi ustidan boshlangan tergov-surishtiruv xorijdagi o’zbek faollarini “fosh” qilishga qaratilgan siyosiy targ’ibotga aylanishi ham ehtimoldan xoli emas.

Inson huquqlariga oid vaziyat og’ir qolayotgan O’zbekistonda inson huquqlari himoyasi xavfli kasb hisoblanadi.

Mamlakatda o’ndan oshiq huquq himoyachilari turli ayblovlar bilan qamoq jazosini o’tashmoqda. Huquq faollarini ta'qib qilish, tazyiqqa olish esa davom etayapti.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG