Inson huquqlari AQSh oliygohlarida alohida bir yo'nalish

  • Amerika Ovozi

Professor Rik Xalperin talabalari bilan

Professor Rik Xalperin talabalari bilan

Inson huquqlari balki dunyoda eng ko’p tilga olinadigan masala. Erkinlik, qonun va adolat ham shular jumlasidan. Odatda bu sohalarda ishlash uchun huquqshunoslikdan ta’lim olish talab qilinadi. Lekin aynan inson huquqlari va ular himoyasi bo’yicha bakalavrlik diplomini olishingiz ham mumkin. Bu imkoniyatni AQShda besh oliygoh taklif qiladi.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti sobiq direktori, professor Rik Xalperin nazarida inson huquqlari alohida soha.

Uni qonun va adliyaning bir qismi sifatida o’rgatish xato emas, deydi u, lekin uzviy huquqlar himoyasi bugun jiddiy bir yo’nalish.

Professor Rik Xalperin

Professor Rik Xalperin

Xalperin inson huquqlari uchun kurashga bag’ishlangan o’quv dasturi ishlab chiqdi. Uning ma’ruzalari Texas shtati Dallas shahridagi Janubiy Metodist Universitetida shu qadar shuhrat qozondiki, nafaqat talabalar, balki chetdan mutaxassislar ham yog’ilib kela boshladi.

Bugunga kelib universitetda inson huquqlaridan diplom olish mumkin. Janubiy Metodist Universiteti qatorida Nyu-Yorkdagi Bard Kolleji va Kolumbiya Universiteti, Konnektikut shtatidagi Triniti Kolleji va Ogayo shtatidagi Deyton Universiteti ham shunday imkoniyat taklif qiladi.

Bitiruvchilar inson huquqlari himoyachisi sifatida nodavlat, xalqaro va mahalliy muassasalarda ishlashi mumkin. Kamida ikkita chet tilini o’rganasiz, shuningdek, inson huquqlari tarixi, adliya, jamiyatshunoslik va boshqa sohalardan saboq olasiz.

Har bir dars dunyo bo’ylab o’sha kuni inson huquqlari qay tarzda va qanchalik poymol etilgani haqidagi ma’lumot bilan boshlanadi. Talabadan yangiliklarni kuzatish va mushohada yuritish talab qilinadi.

Inson huquqlariga hurmat qanday ekanini bilmoqchi bo’lsangiz, atrofga qarang, deydi professor Xalperin. Mahalliy vaziyatni ko’zdan qochirmang.

Darslarda nafaqat reportaj va lavhalardan, balki hujjatli va badiiy filmlardan ham keng foydalaniladi.

1994-yild Ruanda zaminida sodir etilgan genotsid yaqin tarixdagi eng dahshatli voqealardan biri. Inson huquqlari har kuni dunyoning har bir jamiyatida poymol etiladi.

1994-yild Ruanda zaminida sodir etilgan genotsid yaqin tarixdagi eng dahshatli voqealardan biri. Inson huquqlari har kuni dunyoning har bir jamiyatida poymol etiladi.

Masalan 1960-yillarda oq tanli qiz va qora tanli yigit orasidagi muhabbat haqida ishlangan kartina. Qiz yigitni uyiga, ota-onasi bilan tanishtirishga olib boradi. Film chiqqan paytda, bundan 52 yil oldin, deydi professor, ko’pchilik mana shu qiz obrazini qoralagan.

“Xo’sh, hozir-chi? Sizning ota-onangiz nima degan bo’lardi?" - deya so’raydi professor Xalperin o’z talabalaridan.

Bir necha talabalar “bugun irqning farqi yo’q”, deb javob beradi.

Ikkinchi kurs talabasi Emili Mankovski kelajak maqsadlari haqida shunday deydi:

“Nodavlat tashkilotda ishlamoqchiman, xorijda. Tibbiyot sohasini ham o’rganyapman. Kelajakda “Chegara bilmas shifokorlar” kabi nufuzli tashkilot yoki AQShning Tinchlik korpusida ishlasam deyman”.

Professor Xalperin yoshlar orasida bu sohaga qiziqish katta ekanidan mamnun. Aynan inson huquqlari bo’yicha nafaqat bakalavrlik balki magistrlik darajasini taklif qilish ustida ham o’ylash kerak, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG