Huquq tashkiloti erkinlik, demokratiya uchun e'tibor so'ramoqda

  • Amerika Ovozi

Suriya hukumatiga qarshi isyon

Suriya hukumatiga qarshi isyon

Nufuzli “Human Rights Watch” inson huquqlari xalqaro tashkiloti G’arb davlatlarini “arab bahori”ni boshdan kechirgan va hamon beqaror mamlakatlarni qo’llab-quvvatlashga chaqirdi.

“Human Rights Watch” G’arbni Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi avtoritar liderlar bilan hamkorlik qilganlikda ayblab keladi.

Bahrayn

Bahrayn

Tashkilot rahbari Kennet Rot deydiki:

“Biz ushbu mintaqadagi inqiloblarni xalq amalga oshirganini e’tirof etamiz. Shu bilan birga, xalqaro hamjamiyat regionning tinchlanishida katta rol o’ynashi mumkinligiga ishonamiz. Jahon ahlini mintaqaga jiddiyroq e’tibor berishga chaqiramiz”.

Hech bir davlat Suriyada Bashar al-Assadning dahshatli repressiyalari yoki Bahraynda siyosiy muxolifatning sistematik ravishda ta’qib qilinishiga chidab turmasligi lozim, deyiladi hisobotda.

Avtoritar rahbarlar G’arb bilan do’stona aloqalaridan foydalanib, o'z xalqiga zulmni oshiradi. Xalqaro hamjamiyat bunga ko'z yuma olmaydi, deya bildiradi Nyu-Yorkda asoslangan tashkilot.

Huquq tashkiloti erkinlik, demokratiya uchun e'tibor so'ramoqda

Huquq tashkiloti erkinlik, demokratiya uchun e'tibor so'ramoqda

“Human Rights Watch” tahlilicha, AQSh Iroqdan qo’shinlarini olib chiqqanidan buyon vaziyat yomonlashgan. Mahalliy kuchlar namoyishchilarni ta’qib qilmoqda, jurnalistlarga bosim ko’rsatmoqda va mahbuslarni qiynoqqa solmoqda, deyiladi hisobotda.

O'zbekistondagi vaziyatga baho

Hisobotda qayd etilishicha, O’zbekiston hukumati “arab bahori”dan o’zicha xulosa qilib, shahar va qishloqlarda xavfsizlik kuchlari sonini oshirgan, internet ustidan nazoratni yanada kuchaytirgan. O'zbekistonda qiynoqlar odatiy hol; rasmiylar fuqaro jamiyati faollari, muxolifat vakillari va jurnalistlarni nishonga olib kelmoqda, shuningdek, din ahli tazyiq ostida.

“O’zbekistonda huquq bilan bog'liq ahvol og'ir bo’lishiga qaramasdan, Amerika va Yevropa Ittifoqi 2011-yilda Toshkent bilan yaqinlashib, Afg’oniston yuzasidan hamkorlikni kengaytirdi”, - deyiladi hisobotda.

Huquq tashkiloti erkinlik, demokratiya uchun e'tibor so'ramoqda

Huquq tashkiloti erkinlik, demokratiya uchun e'tibor so'ramoqda

O’zbekiston qamoqxonalarida, “Human Rights Watch”ga ko’ra, hozirda 13 nafar huquq faoli saqlanmoqda, yana bir nechasiga qarshi ayblovlar olg’a surilgan. Bular: Solijon Abdurahmonov, A'zam Farmonov, Nosim Isoqov, G’aybullo Jalilov, Alisher Karamatov, Jamshid Karimov, Norboy Xoljigitov, Abdurasul Xudoynazarov, G’anixon Mamatxanov, Habibulla Oqpulatov, Yo’ldosh Rasulov, Dilmurod Saidov va Akzam Turg’unov.

“Ularning ayrimlarining sog'lig'i og’irlashgan, hibsda qiynoqqa solingan. Xususan, qarindoshlarining aytishicha, G’aybullo Jalilov qayta-qayta qiynoqqa solinib, kaltaklanish natijasida qulog’i deyarli eshitmay qolgan.

Hukumat o'tgan yili isyonkor shoir Yusuf Juma, uch faol Farhod Muxtorov, Norboy Xoljigitov va Maksim Popovni qo’yib yuborgan bo’lsa-da, deya bildiradi “Human Rights Watch”, o’z tanqidchilariga qarshi zulmni to’xtatmagan.

O’tgan yilning iyun oyida Oliy sud Adliya vazirligiga “Human Rights Watch”ning Toshkentdagi idorasini yopishga izn bergan. 15 yil davomida ma’muriyat bilan tortishib ishlagan tashkilot mamlakatni tark etishga majbur bo’lgan.

Huquq tashkiloti erkinlik, demokratiya uchun e'tibor so'ramoqda

Huquq tashkiloti erkinlik, demokratiya uchun e'tibor so'ramoqda

Erkin e’tiqod himoyasi O’zbekiston konstitutsiyasida alohida bir banddir. Lekin, deyiladi inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot hisobotida, 2011-yilning o’zida diniy ekstremizmga doir ayblovlar bilan 100 dan ziyod odam qamoqqa tashlangan.

Noyabrda Jasliq turmasida ekstremizm aybi bilan saqlanayotgan mahbuslarning qarindoshlari “Human Rights Watch” bilan bog’langan. Ularning aytishicha, mahbuslar ochlik e’lon qilgach, qiynoqqa solinib, boshqalar oldida yechinishga majbur qilingan, kaltaklanib, jinsiy hamiyatiga tegilgan.

Paxta terimida bolalar ekpluatatsiyasi eng jiddiy muammolardan, deyiladi tashkilot hisobotida: "Yilda ikki oy 1,5-2 million bola dalaga olib chiqiladi. Iflos bir sharoitda yashab, maktabga bormay, har kuni arzimagan pulga yoki tekinga ter to’kishga majbur ular”.

“O'zbekiston hukumati xalqaro tashkilotlar bilan ishlashdan bosh tortib keladi, lekin shu paytgacha biror jiddiy jazo olmagan. Yevropa Ittifoqining bu boradagi pozitsiyasi o’ta zaif. Prezident Islom Karimov o’tgan yilning yanvarida Yevropa Komissiyasi prezidenti Joze Manuel Barrozo taklifi bilan Bryusselga bordi. 2005-yilgi Andijon voqealaridan keyin Karimovning Yevropaga birinchi tashrifi edi bu. Yaqin Sharqdagi inqiloblar ketidan avtoritar rahbarlar bilan aloqasini qayta ko’rib chiqishini aytgan Yevropa Ittifoqi O’zbekistonga mulozamat qilishi g’alati”, - deya bildiradi “Human Rights Watch”.

“2011-yilda Qo’shma Shtatlar Toshkent bilan hamkorlikni oshirish yo’lini tanladi. Andijondan keyin, inson huquqlari va erkinlik bilan bog’liq vaziyat bois Kongress O’zbekistonga yordamni keskin cheklab kelgan edi. Lekin Obama ma’muriyati moliyaviy madad va harbiy ko’makni jonlantirishni ma’qul topdi".

Sabab – AQSh Afg’onistonga noharbiy yukni Markaziy Osiyo, jumladan O'zbekiston orqali tashimoqda. Pokiston o’ta beqaror ekan, Vashington yana diktatorlar bilan ishlashga rozi, deya baholaydi "Human Rights Watch.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG