Ochiq Jamiyat Instituti: AQSh inson huquqlari bo'yicha izchil siyosat yuritsin


AQSh-O'zbekiston muzokaralari, 2-dekabr, 2010, Toshkent

AQSh-O'zbekiston muzokaralari, 2-dekabr, 2010, Toshkent

Jon Kerri AQSh Davlat kotibi sifatida ishga kirishar ekan, Ochiq Jamiyat Instituti (Open Society Institute) Yevrosiyo, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari bilan qanday ishlash bo’yicha o’z siyosiy tavsiyalarini taqdim etdi. Tashkilot nazarida Obama ma’muriyati huquq va demokratiyani targ’ib qilishda ko’zbo’yamachilikka berilgan va avtoritar davlatlar bilan hamkorligida haqiqatga ko’z yumib kelmoqda.


Amerika hukumati tashqi siyosatda erkinlik targ’ibotini hamisha yuqori o’ringa qo’yib kelgan, lekin zamon va talabga qarab, turli davlatlarning strategik ahamiyati va o’rnidan kelib chiqqan holda, inson huquqlari va demokratiyaga e’tibor o’zgarib turadi. 1997-yilda, o’sha paytdagi Davlat kotibasi Madlen Olbrayt “demokratiya urug’ini sochish asosiy maqsadlarimizdan biri”, - deya turib, shuni ham eslatib o’tganki, “AQSh o’zgarmas prinsiplarga ega, ammo taktika zamonga moslashib turadi”.

Uzoq yillar davomida huquq ahvoli ayanchli deb Birmaga qator sanksiyalar qo’yilgan edi, lekin vaziyat birdek og’ir Xitoy Amerikaning yaqin hamkoridir.

Aleksandr Lukashenko hukmron Belarus, AQSh nazarida, mutlaq diktatura, ammo deyarli chorak asrdan beri yakkahokimlikda yashayotgan O’zbekiston va Qozog’istonga kelganda, Vashingtondan “yaqin sherik”, “ishonchli hamkor” degan ta’riflarni eshitasiz. Vaholanki, Amerikaning o’zi har yili e’lon qiladigan hisobotlarda bu davlatlar inson huquqlari, masalan, so’z va matbuot erkinligi, diniy erkinlik, siyosiy va iqtisodiy erkinliklar bag’oyat cheklangan jamiyatlar deya tasvirlanadi.

Gap bu yerda ushbu davlatlarning strategik ahamiyatida, deydi Jeff Goldstin (Jeff Goldstein), Ochiq Jamiyat Institutining Yevrosiyo bo’yicha bosh mutaxassisi.

“AQSh tashqi siyosati 100 foiz barqaror va bir maromda bo’lishi kerak demayapmiz. Lekin izchil o’ylab ish yuritish kerak, vaziyatga vijdonan baho bering, deyapmiz”, - deydi ekspert.

Den Frid, uzoq yillar Yevrosiyo masalalari bilan shug’ullangan sobiq rasmiy, o’z chiqishlarida avtoritar rahbarlarning pinhona ishlariga toqat qilmaslik kerak, zolim siyosatni ochiq qoralash kerak deb aytgan. Lekin, deydi Jeff Goldstin, bugun masalan, AQShning Toshkentdagi elchisi Jorj Kroldan O’zbekistondagi ahvol yuzasidan biror tanqid eshitmaysiz. Ochiq Jamiyat Instituti o’z tahlilnomasida elchi Krol va AQShning Qozog’istondagi elchisi Kennet Feyerfeksning iqtiboslarini keltirib, ularni “yumshoq” gapirayotganlikda, arzimas o’zgarishlarni ham “progress” deya baholayotganlikda tanqid qiladi.

Ochiq Jamiyat Instituti nazarida har ikki jamiyatda hukumatlar oddiy xalq oldida o’zini javobgar his etmaydi. Shunday ekan, bu davlatlarning rahbarlari demokratiya tomon qadam tashlamoqda deyish asossiz, deydi Jeff Goldstin, “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

“Qirg’izistonda 2010-yilda Kurmanbek Bakiyev, Misrda 2011-yilda Husni Muborak hokimiyatdan ag’darilganida, shuni ko’rdikki, Amerika bu rahbarlar bilan hamkorlik qilib, ularni tanqid qilishga tortinib, o’ziga o’zi zarar qilgan. Buning strategik jihatdan salbiy oqibatlari ayon bo’ldi”,- deydi Jeff Goldstin.

AQSh diplomatlari asl vaziyatni yaxshi biladi, deydi u. Gap uni ochiq tan ola bilishda va hamkor davlatlarga buni eslatib turishda.

Tahlilnoma ustida ishlagan mutaxassis Eymi Makdono (Amy McDonough) deydiki, rasmiylar manfaatlardan kelib chiqqan holda gapiradi. Afg’oniston yuzasidan hamkorlik qilayotgan davlatlarga qattiq gapirmaslik mana shu yondashuvni aks ettiradi. Hozir, masalan, O’zbekistondek yopiq davlatlarda inson huquqlari targ’iboti cheklangani oydek ravshan.

Amerika diplomatlari erkinlik va demokratiya hech qachon chetga surilmagan va surilmaydi ham deb keladi.

Ammo, deydi ular, siyosatning boshqa muhim yo’nalishlari ham bor, masalan, xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik. Biror davlat bilan oldi-berdi qilishda bitta omilga bog’lana olmaymiz, deydi ular. Hukumatlar esa Amerika ular haqida qanday fikrda ekanini biladi, chunki bu borada muntazam hisobotlar chiqarib, butun dunyoga ma’lum qilinadi.

Obama ma’muriyati o’zaro manfaatli sohalarda birga ishlab, xalqlar bilan yaqinlashish tarafdori.

Jeff Goldstin singari tanqidchilar nazarida esa xalqlarga yaqinlashish hukumat bilan yaqindan ishlash degani emas. Oddiy odamlar dardini bilish uchun ularga murojaat qilish kerak, deydi tahlilchi. O’zbekiston va qo’shni avtoritar davlatlardagi diplomatlar mustaqil axborot vositalariga ko’proq intervyular bersin, amaldagi siyosatni vijdonan muhokama qilsin, odamlar eshitsin ularni, deydi Goldstin.

“Amerika hukumatlar bilan ishlamasin demayapmiz. Ishlasin, ammo xalq manfaatlari unutilmasin, konkret yechimlar haqida o’ylasin. Hamkorlik shartlari nimadan iborat? Amerika O’zbekiston hukumati bilan inson huquqlari haqida gaplashayapti, buni bilamiz. Lekin qay darajada? AQSh rasmiylari jamoatchilik oldida bu borada ochiq gapirmaydi. Mintaqada odamlar buni ko’rib shunday xulosa qiladiki, Amerikaga baribir”.

Markaziy Osiyo bo’ylab mustaqillik yillarida yuzlab yangi qonunlar qabul qilindi, huquq va erkinlikni kafolatlovchi hujjatlar yetarli. Ammo amalda ularga qanchalik rioya qilinmoqda?

O’zbekistondek eng yirik jamiyatda mustaqil matbuot degan narsa yo’q. Nashrlar, televideniye va radiolar ko’paydi, ammo ular xalq yuzlashayotgan muammolarni yorita olmaydi. Hukumatni, amaldagi siyosatni tanqid qilish jinoyat deb ko’riladi. Amerika buni biladi va masala Kongressga uzatiladigan yillik hisobotlarda izchil tahlil qilinadi.
Ochiq Jamiyat Institutining asosiy tavsiyasi shundan iboratki, nimaiki sohada hamkorlik qilinishidan qat’i nazar, inson huquqlari markaziy o’ringa qo’yilishi kerak. Chunki erkinliksiz hech narsaga erisha olmaysiz.

Amerika kompaniyalarini O’zbekistonga sarmoya kiritishga jalb etishmi, birga biznes qilishmi, ijtimoiy jabhalarda ko’maklashishmi, xavfsizlikni ta’minlashda yordam berishmi, xalq repressiyada yashayotgani va fuqaro erkinliklari cheklangani hisobga olinishi kerak. Vashington hamkorlik shartlarini huquqqa bog’lashi kerak, deyiladi Ochiq Jamiyat Instituti chiqargan tahlilnomada.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG