Huquq tashkiloti A'zam Farmonovni ozod qilishga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Ozoda Yoqubova, A'zam Farmonovning rafiqasi, farzandlari

Ozoda Yoqubova, A'zam Farmonovning rafiqasi, farzandlari

Inson huquqlari himoyasi bilan shug'ullanuvchi "Human Rights Watch" tashkiloti O'zbekistonda uzoq yillar qamoqda o'tirgan, yaqinda muhlati yana besh yilga uzaytirilgan A'zam Farmonovni zudlik bilan ozod qilishga undayapti.

Farmonov shu kunlarda turmadan chiqishi kerak edi. Biroq qamoqxona qoidalarini buzganlikda ayblanib, jazo muddati yana uzaytirilgan.

Yevropa Ittifoqi va BMTning Qiynoqlarga qarshi qo'mitasi Farmonovni qo'yib yuborishga bot-bot da'vat etib chiqqan edi. Lekin rasmiy Toshkent bu da'vatlarni e'tiborsiz qoldirib, xalqaro huquqiy majburiyatlarini qo'pol ravishda buzmoqda, deyiladi "Human Rights Watch"ning bayonotida.

Farmonov O'zbekistonda inson huquqlari faoli bo'lib ishlagan va shu faoliyati uchungina to'qqiz yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

U Sirdaryo viloyati Guliston shahrida O'zbekiston inson huquqlari jamiyatini boshqargan; dehqonlarning, nogironlarning huquqlarini himoya qilgan. Farmonov 2006-yilning aprelida hibga olingan edi.

Shuningdek, Andijon fojeasiga o'n yil to'lar ekan, "Human Rights Watch" tashkiloti BMTning Inson huquqlari kengashini O'zbekistondagi nihoyatda ayanchli huquqiy ahvolga e'tiborni oshirishga undadi.

O'zbekiston hukumati inson huquqlarini muttasil buzib keladi; BMTning huquqiy idoralari bilan hamkorlik qilishdan, tavsiyalarni inobatga olib islohotlarni amalga oshirishdan bosh tortib keladi, deyiladi huquq tashkilotining bayonotida.

"Human Rights Watch" BMT Inson huquqlari kengashini O'zbekistondagi ahvol bilan shug'ullanuvchi maxsus vakil tayinlashga chaqirmoqda.

Bu mulozim mamlakat rasmiylarini qiynoqlar, huquqbuzarliklar yuzasidan savolga tutishi, O'zbekistondagi vaziyat borasida jamoatchilikka muntazam hisobot berib borishi kerak, deyiladi huquq tashkiloti bayonotida.

A'zam Farmonov

A'zam Farmonov

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG