HRW: O’zbekistonda inson huquqlari ahvoli hamon xarob

  • Amerika Ovozi

Nyu-Yorkda asoslangan “Human Rights Watch” (Xyuman Rayts Votch) xalqaro tashkiloti 90 dan ziyod mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog’liq ahvolni o’rganib, 650 betlik yangi hisobotini taqdim etdi. Hukumatlar xavfsizlik bahonasida inson huquqlarini toptashi jiddiy xato, deyiladi unda.

Davlat xavfsizligini ta’minlash bahonasida fuqaro huquqlarini poymol qilayotgan davlatlar qatorida Nigeriya, Iroq, Suriya, Isroil va Qo’shma Shtatlar sanab o’tiladi.

“Human Rights Watch” rahbari Kennet Rot deydiki, bugungi aksar mojarolarning kelib chiqishi yoki avj olishida aynan inson huquqlarining toptalishi katta rol o’ynagan.

Masalan, “Islomiy davlat” singari qonxo’r guruh AQSh qo’shinlari Iroqni tark etganidan keyin vujudga kelgan bo’shliq, Iroq va Suriya hukumatlari olg’a surgan mazhabchilik siyosati hamda dunyo hamjamiyatining beparvoligi mahsulidir, deyiladi tahlilnomada.

Suriyada prezident Bashar al-Assad muxolifat nazoratidagi hududlarda oddiy aholini ayovsiz qirayotgan bir paytda, BMT Xavfsizlik Kengashi jiddiy bir chora ko’rishga ojiz. AQSh va unga ittifoqchi davlatlar, deydi “Human Rights Watch”, butun harbiy salohiyatini “Islomiy davlat”ni yengishga qaratib, Suriyadagi qatliomlarga ko’z yumayotgani achinarli holat.

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi terrorda gumon qilingan shaxslarga nisbatan qiynoq qo’llagani yaqinda Senat tekshiruvida fosh etilgan edi. Xalqaro tashkilot Obama ma’muriyatini tergov va javobgarlikdan bosh tortgani uchun tanqid qiladi.

“Natijada bo’lajak prezidentlar ham qiynoqqa jinoyat emas, hukumat qo’lidagi bir qurol sifatida qaraydigan bo’ladi”, - deyiladi “Human Rights Watch” bayonotida.

Markaziy Osiyo respublikalarida inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat o’tgan bir yilda yanada og’irlashgan. Nohukumat tashkilotlar va jurnalistlar faoliyatini cheklashga qaratilgan qator qonun loyihalari ishlab chiqildi. Qiynoqlar jazosiz qolishi normaga aylangan.

“Human Rights Watch”ning Markaziy Osiyo bo’yicha yetakchi mutaxassisi Stiv Sverdlov O’zbekistonda minglab odam siyosiy sabablarga ko’ra qamoqda qolayotganini aytadi. Ular qatorida tuzumga muxolif deb ko’rilgan shaxslar, korrupsiya hollarini fosh etganlar, nozik mavzularni yoritgan jurnalistlar va taqvodorlar.

O’zbekiston rasmiylari, jumladan Inson huquqlari markazi rahbari Akmal Saidov qamoqxonalarda siyosiy mahbuslar yo’qligini, qonunchilikda hatto bunday tushuncha yo’qligini ta’kidlab keladi. Hammasi konkret jinoyatlar uchun qamalgan odamlar, deydi u.

Agar O’zbekiston hukumati inson huquqlari bobida jiddiy qadamlar tashlamasa, “Human Rights Watch” AQSh va Yevropa Ittifoqiga tavsiyalar bilan chiqqan. O’zbekistonga nistaban kuchli sanksiyalar qo’yish, mansabdor shaxslarning mol-mulkini muzlatish, BMTda bu davlat bilan alohida shug’ullanuvchi maxsus vakil tayinlash shular jumlasidan.

HRWning O'zbekiston bo'yicha tahlilnomasi bilan mana bu yerda batafsil tanishish mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG