HRW: Avtoritar tuzumlar fuqarolik jamiyatlarini ezmoqda

  • Amerika Ovozi

Dunyo bo'ylab hukumatlar fuqaro erkinliklarini cheklash uchun qo'rquv va vahimani ishga solmoqda. Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi "Human Rights Watch" xalqaro tashkiloti yangi hisobotida bugungi ahvolni shunday tasvirlaydi.

Tashkilot rahbari Kennet Rot deydiki, so'nggi bir yilda dunyoning avtoritar tuzumlari fuqarolik jamiyatlaridan qo'rqib qolgani yaqqol ko'zga tashlandi.

Yangi internet texnologiyalar, ijtimoiy muloqot tizimlari tashqi dunyoga darvoza. Ular nafaqat axborot olish, balki fikr almashib targ'ibot olib borish va hukumatlardan o'zgarishlarni talab qilish vositasiga aylangan, deydi u.

Hisobotda Xitoy va Rossiya repressiya bobida yetakchilar deya tilga olinadi.

"Har ikki davlatda hukmdorlar o'z xalqlariga "biz iqtisodiy o'sishni ta'minlaymiz, lekin davlatni qanday boshqarish bobida bizni savolga tutmaysiz", deya uqtirib kelayotgan edi. Biroq bugun iqtisod chatoq ekan, rahbarlar xalq isyonidan qo'rqib qolgan", - deydi "Human Rights Watch" direktori.

Ikkinchi jahon urushidan beri eng yirik qochqinlar oqimi bilan yuzlashayotgan Yevropada musulmonlarga qarshi kayfiyat kuchaygan. Qit'aga kirib kelayotgan qochqinlar orasida terrorchilar bo'lishi mumkin degan xavotirlar Yevropa hukumatlarini ekstremizmning asl sabablarini o'rganishdan chalg'ityapti.

"Qochqinlar Yevropaga katta sonda va tartibsiz ravishda kirib kelayotgani muammoning bir qismi. Go'yo Yevropa o'z chegaralarini nazorat qilolmayotgandek. Buning oqibatida terrorizm yuzasidan xavotirlar kuchaygan", - deydi Kennet Rot.

"Human Rights Watch" nazarida, AQSh va Yevropaning terrorga qarshi kurashda qo'llayotgan usullari ham xavotirga molik. Bu kurash bahonasida razvedka organlariga ko'proq vakolat berish, fuqarolarni kuzatish dasturlarini tiklashga harakat bor.

90 mamlakatdagi ahvolni o'rganib chiqqan xalqaro tashkilot O'zbekistondagi tizimni tobora repressiv deb tasvirlaydi. Hukumatni tanqid qilganlar davlat xavfsizligiga tahdid solganlikda ayblanib, qamoqda.

Asossiz hibsga olishlar, qiynoqlar, korrupsiya, mas'uliyatsizlik, majburiy mehnat, jurnalistlarga bosim va tazyiqlar, xorijga chiqish uchun hukumatdan ruxsat olish tizimi hamon mavjudligi - bularning bari hisobotda tilga olingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG