Huquq tashkiloti: Turkiyada avtoritarizm kuchaymoqda

  • Amerika Ovozi

Erdog'an yakka hokimga aylanishi mumkin, deya ogohlantirmoqda inson huquqlari faollari

Erdog'an yakka hokimga aylanishi mumkin, deya ogohlantirmoqda inson huquqlari faollari

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” xalqaro tashkiloti Turkiyada avtoritar tizim alomatlari kuchayayotganidan ogohlantirmoqda. Turkiya Prezidenti Rajap Toyib Erdog’an muxolifat va matbuotni siquvga oldi va bu bilan qonun ustuvorligini savol ostiga qo’ymoqda, deyiladi tashkilotning yangi hisobotida.

38 betlik hujjatda aytilishicha, Prezident Erdog’an va hukmron “Adolat va taraqqiyot” (AK) partiyasi qonun ustuvorligini savol ostiga qo’ygan holda ommaviy axborot vositalari va internet ustidan nazorat o’rnatishga, tanqidchilar va namoyishchilar ovozini o’chirishga qaratilgan jiddiy choralar ko’rmoqda. Hisobot muallifi, “Human Rights Watch” tashkilotining Turkiya bo’yicha bosh tadqiqotchisi Emma Sinkler Vebb bunday o’zgarishlar tashvishlanarli, deydi.

“So’nggi bir yil ichida Turkiya hukumati siyosiy muxolifatga qattiqqo’llik bilan yondashayotganini ko’ryapmiz. Bu qonun ustuvorligiga zid harakatlar bo’lib, mustaqil adliya tizimini ham yemirmoqda. Umuman olganda, qonunlar toptalyapti. Bu siyosiy muxolifatga qarshi qaratilgan harakatlardir,” - deydi u.

Bunday harakatlar o’tgan yili bosh vazir lavozimida bo’lgan Erdog’anga qarshi uyushtirilgan ommaviy namoyishlardan keyin avj oldi, deyiladi hisobotda.

Shu yil avgust oyida prezidentlikka saylangan Erdog’an esa namoyishlar aslida demokratiyaning bir ko’rinishi emas, balki davlatni to’ntarishga qaratilgan harakat bo’lganini ta’kidlaydi. Sinkler Vebb namoyishlardan buyon matbuot siquvga olinganini, internetni keskin cheklovchi qonunlar qabul qilinganini, mustaqil fikrlovchi jurnalist va faollar esa tazyiqlarga uchrayotganini aytadi.

“Namoyishchilarni jiddiy ta’qib qilishganiga misollar bor, ayrimlari hatto hukumatni ag’darishga uringanlikda ayblanmoqda. Ular umrbod qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin. G’ozi parki namoyishchilariga qarshi ta’qiblar bir yil o’tgan bo’lsa-da, davom etmoqda. O’sha chiqishlar paytida politsiya zo’ravonligiga uchraganlar esa adolat topmadi,” - deydi HRW xodimi.

Hisobotda, shuningdek, qonun ustuvorligi asta-sekin yemirilayotgani qayd etilar ekan, o’tgan yil dekabrida ayrim vazirlar orasida korrupsiya holatlarini taftish qilishga qaratilgan harakatlar misol sifatida keltiriladi. Davlat rahbarlari hukumatni ag’darishga urinish bo’lganini ta’kidladi. Parlamentda esa hukumatga adliya ustidan nazoratni kuchaytirishga vakolat beruvchi qonun qabul qilindi. Ammo keyinchalik hujjatning kattagina qismini Konstitutsion sud bekor qildi.

Sinkler Vebb hukumat ommaviy ravishda adliya tizimi faoliyatini cheklashga urinayotganini aytadi.

“Ular sudyalarni tayinlash huquqini qo’lga kiritish niyatida. Umuman olganda, ular faqat hukumat manfaatlarini himoya qiladigan va aytganini bajaradigan prokuror va sudyalarni tayinlamoqchi. Bu holda adliya tizimi mustaqilligini yo’qotadi, demak, qonun ustuvorligiga ham chek qo’yiladi,” - deydi u.

Rahbariyat esa demokratiyaga jiddiy tahdid tug’ilganini, hukumatga favqulodda vakolat berilishi kerakligini ta’kidlamoqda. Prezident Erdog’anga ko’ra, taniqli ulamo Fathulla Gulen tarafdorlari parallel davlat barpo etib, hukumatni ag’darishni rejalamoqda. AQShda yashayotgan Gulen esa bunday ayblovlarni inkor etadi.

“Human Rights Watch” tashkiloti Turkiya hukumatining terrorchi tashkilot deya tan olingan “Kurdiston ishchilar partiyasi” bilan 30 yildan beri davom etayotgan mojaroga nuqta qo’yishga qaratilgan harakatlarini ijobiy baholadi.

Hisobotda hukumat oz sonli guruhlar huquqlarini ta’minlashga urinayotgani alohida tilga olinadi. Ayni vaqtda tinchlikka qaratilgan harakatlar to’xtab qolgani qayd etilib, ko’p kurd faollari zo’ravonlikka qo’l urmagan bo’lsa-da, qamalgani va ozod etilishi kerakligi aytiladi. Shu bilan birga siyosiy qotilliklar va qiynoqlar qurbonlariga oid cheklovlar bekor qilinsin va yuzlab qurbonlar va ularning oilalariga tovon pulini olish imkoni berilsin, deydi “Human Rights Watch” inson huquqlari tashkiloti. Hozircha na Turkiya hukumati, na prezidenti hujjat yuzasidan fikr bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG