Odam savdosiga qarshi xalqaro kurash jadallashadi

  • Amerika Ovozi

Odam savdosi qurbonlari - Indoneziyaga olib o'tilgan va ishlashga majbur qilingan kambojalik baliqchilar. Ozod etilganidan so'ng jurnalistlar savollariga javob bermoqda.

Odam savdosi qurbonlari - Indoneziyaga olib o'tilgan va ishlashga majbur qilingan kambojalik baliqchilar. Ozod etilganidan so'ng jurnalistlar savollariga javob bermoqda.

Dunyoda millionlab erkak, ayol va bolalar odam savdosi qurboni. Xalqaro migratsiya tashkiloti va BMTning Narkotik moddalar va jinoyatchilik idorasi muammoga qarshi jadalroq kurashishga va’da bermoqda.

Ikki xalqaro tashkilot Avstriya poytaxti Venada shartnoma imzoladi. Maqsad - davlatlar chegaralari ustidan nazoratni kuchaytirish.

Lorens Xart Xalqaro migratsiya tashkiloti vakili:

“Turli manbalarga asoslanib gapiradigan bo’lsak, inson savdosi qurbonlari soni 12 milliondan 27 milliongacha bo’lishi mumkin. Konkret ma’lumot yo’q, chunki jinoiy tizim tuzog’iga tushadigan odamlarni aniqlashning global mexanizmi yaratilmagan”.

Qul bolalar

Qul bolalar

Xalqaro mehnat tashkilotining bildirishicha, inson kontrabandasi va noqonuniy migratsiya yiliga 32 milliard dollar foyda beradigan biznes.

“Yanglish tasavvur shuki, olib-sotiladiganlar asosan fohishalikka majburlangan ayollar. Vaholanki, o’ljaga aylangan odamlar orasida erkaklar ham juda ko’p. Ular bir joydan boshqa joyga qonunga xilof ravishda olib o’tiladi va ishlashga majbur qilinadi,” - deydi Xart.

Masalan, osiyolik ko’pgina erkaklar Afrika mamlakatlarida baliqchilik sanoatida qora terga botib ishlaydi. Afrikalik xotin-qizlar esa Osiyoga olib boriladi.

Erkak, ayol va bolalarni o’g’irlash, yaxshi hayot va mo’may daromad va’da qilish - keng tarqalgan amaliyot.

Bu illatga qarshi anchadan beri kurashiladi. Endi xalqaro tashkilotlar birgalashib, jadalroq ishlamoqchi.

“BMTning Narkotik moddalar va jinoyatchilik idorasi bilan hamkorlikni oshirmoqchimiz. Inson savdosi qurbonlarini aniqlash, ularga boshpana berish bilan shug’ullanamiz, sudyalar va politsiya uchun treninglar uyushtiramiz. Odam kontrabandasiga qarshi kurashayotgan fuqaroviy tashkilotlar bilan ham ishlash niyatidamiz”, - deydi Xalqaro migratsiya tashkiloti vakili.

Odam savdosiga qarshi norozilik namoyishi. Janubiy Afrika.

Odam savdosiga qarshi norozilik namoyishi. Janubiy Afrika.

Shuningdek, jinoyatchilar qo’liga tushganlarga uyiga qaytishda yordam beriladi.

Qator kompaniyalar bilan ham hamkormiz, deydi Xart. Shunday ham bo’ladiki, firmalar o’z qo’lida ishlayotgan, yollagan odamlari kontrabanda qurboni ekanidan bexabar. Nima qilaylik, xodimlarimizni, ishlab chiqarish jarayoniga jalb qilingan insonlarni bevosita kuzatish uchun nima zarur, deb yordam so’rashadi, deydi Xart.

Ikki xalqaro tashkilot o’rtasidagi shartnoma muammoga qarshi mahalliy, mintaqaviy va jahon miqyosida davlatlar va boshqa xalqaro agentliklar bilan birga kurashishni ko’zda tutadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG