Odam savdosi Amerikada ham, O'zbekistonda ham katta muammo


Odam savdosi Amerikada ham, O'zbekistonda ham katta muammo

Odam savdosi Amerikada ham, O'zbekistonda ham katta muammo

AQSh Davlat departamenti Kongress buyrug’iga binoan har yili dunyo bo’ylab inson savdosi muammosini o’rganib chiqadi va hisobot taqdim etadi. Bu yilgi xulosalardan biri shuki, Qo’shma Shtatlarning o’zi odam kontrabandasi ildiz otgan jamiyatlardan biri.

Zamonaviy qullar va quldorlar… Yer yuzining qay burchagiga bormang bunday ayanchli holatga guvoh bo’lasiz. Har yili millionlab kishi qul sifatida pullanadi. Unga qarshi kurashda namuna bo’la oladigan davlatni topish qiyin. AQShda ham katta muammoga aylangan.

Har yili yer yuzi bo'ylab millionlab insonlar qul sifatida pullanadi. Ko'p hollarda ularning o'zi bu haqda bilmaydi. Chet eldan ish topaman deb qora bizneslar to'riga ilinadi.

Har yili yer yuzi bo'ylab millionlab insonlar qul sifatida pullanadi. Ko'p hollarda ularning o'zi bu haqda bilmaydi. Chet eldan ish topaman deb qora bizneslar to'riga ilinadi.

“Odamlar imkoniyat izlab Amerikaga kelishni istaydi, lekin ko’pi jinoiy to’dalar to’riga ilinadi. Qullikka sotiladiganlar orasida amerikaliklar ham bor”,- deydi Davlat kotibasi Xillari Klinton.

Davlat departamenti muammoni 10 yildan beri o’rganib, yechimlar taklif qilib keladi.

"Qaysi mamlakatda qanday chora ko’rilayotgani bilan tanishib, inson savdosiga qarshi effektiv kurash yo’llarini izlaymiz", - deydi Lu Debaka (Luis Sdebaca), maxsus elchi.

“Birinchi hisobotimizda AQSh odam olib kelib ishlatiladigan yurt deya tan olgan edik. Lekin bugunga kelib, mamlakatimiz aslida qullar manbai ekanini ham tushunib yetdik. Qullar olib kelinadi, olib chiqiladi”.

Amerika shu tariqa bugun Sloveniya, Italiya va Janubiy Koreya singari mamlakatlar qatorida, ya’ni odamlar katta sonda majburiy mehnatga jalb etiladigan jamiyatlar. Bu biznes boshida turgan shaxsarni tutib jazoga tortish, jabrdiydalarga yordam berish ishlari juda sust.

Qul sifatida davlatma-davlat olib o’tiladigan va pullanadigan insonlarning aksariyati xotin-qizlar va o’smirlar. Ularning ko’pi chet eldan ish topaman deb aldangan, butun hujjatlari va taqdirini o’zgalar qo’liga topshirgan shaxslar. Ba’zilari o’g’irlangan, olib qochilgan.

Qizlar ko’p hollarda fohishalik qilishga majburlanadi. Yigitlar esa qishloq xo’jaligi, qurilish va boshqa sanoatlarda ishlatiladi. Ularning egalari qarzni ro’kach qilib, bu odamlarga erkinlik bermaydi. Necha-necha insonlar jinoiy to’dalar qo’lida jon beradi. Bedarak ketganlar son mingta, deydi mutaxassislar.

Lekin bu balodan qutulish yo’llari bor, deydi Xillari Klinton.

“Ko’plab davlatlar bugun bu muammo ildiziga yeta boshlagan. Zarur qonunlar qabul qilinib, tegishli organlar inson savdosiga qarshi kurashni kuchaytirmoqda",- deydi u.

Amerika hisobotida O’zbekiston inson savdosi o’choqlaridan biri deya tilga olinadi.

Bu mamlakatdan o’nlab ming kishi xorijga aldab olib chiqilib, ekspluatatsiya qilinadi, har tomonlama tahqirlanadi, deydi AQSh rasmiylari. Jabrdiydalarning ko’pi Rossiya va Qozog’istonda.

Har kuni yuzlab insonlar ish qidirib, bu yurtlarga yo’l oladi. “Ular ism-sharifsiz, hujjatsiz, huquqiy himoyasiz qurbonlar”, - deydi muammoni o’rganib chiqqan mutaxassislar.

O’zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashga yetakchilik qilayotgan faollardan biri Natalya Abdullayeva, asosan, Qoraqalpog’istonda faoliyat yuritadi.

AQSh nazarida Natalya Abdullayeva butun dunyoga namuna bo’la oladigan mutaxassis. U qatorida, boshqa mamlakatlarda ishlayotgan yana yetti kishi, Obama ma’muriyati tomonidan taqdirlanib, yaqinda Vashingtonga taklif etildi.

Mukofotni AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton qo’lidan olgan Natalya Abdullayeva uni vatandagi jafokash insonlarga bag’ishlashini aytadi.

“Juda xursandman, chunki aslida bu mukofot O’zbekistonda bu baloga qarshi kurash olib borayotgan insonlarga berilmoqda. 2008 yilda mamlakatimizda qabul qilingan qonun ushbu masalani jamoatchilik diqqat markaziga olib chiqdi va zarur choralar ko’rilishini ta’minladi”, - deydi faol.

Natalya Abdullayevaning aytishicha, bugun respublika bo’ylab odamlarni inson savdosi haqida ogoh qiluvchi dasturlar olib borilmoqda, ommaviy axborot vositalari bu borada ko’proq ma’lumot bera boshlagan.

“Hozir deyarli har bir viloyatda aynan odam savdosiga qarshi kurashuvchi tizimlar ishlaydi. Nohukumat tashkilotlar huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi va bu samara bermoqda”, - deya tushuntiradi Natalya Abdullayeva.

Lekin, deya so’raymiz undan, jabrdiydalar har doim ham organlardan zarur yordam olmayotganini, aksincha, tazyiq va bozim ostida ekanini aytadi.

Ayrim hollarda hatto biror bir aybsiz hibsda qolayotgan hollar bor. Buning ustiga xorijda yurganlar, inson savdosi qurbonlari, yordam so’rab hukumatga murojaat qilishdan qo’rqadi.

“Bu noto’g’ri... Najot kerakmi, so’rash kerak. Buni kafolatlovchi qonunlarimiz bor. Biz bormiz, nohukumat muassasalar. Ayollar qo’mitalari bor, bu masala bilan shug’ullanishayapti”, - deydi u.

Tibbiy yordamdan tortib, jabrdiydalarni vatanga qaytarishgacha… “Chet davlatlarda majburan ishlatilayotgan o’zbekistonliklar yordam so’rashdan hayiqmasin”, - deya undaydi Natalya Abdullayeva.

Ishsizlik odamlarni bunday qora bizneslar changaliga tashlayotgan asosiy sabablardan biri. Vatanda imkoniyatlar cheklangan ekan, odamlar nima qilib bo’lsa-da non topishga tayyor. Hukumat buni anglashi va amaliy choralar ko’rishi, sifatli ta’lim berish va yoshlarni mehnat bilan ta’minlash masalasiga ko’proq e’tibor berishi kerak.

Ekspertlar tahlilicha, inson savdosi har bir jamiyatdagi eng fundamental muammolarga borib taqaladi: korrupsiya, ishsizlik, loqaydlik, informatsiya yetishmasligi, bilim saviyasi pastligi va hukumatning muammolarga qarshi amalda emas, faqat qog’ozda kurashishi.

Inson savdosi chegara tanlamaydi. Bu bir davlatga xos muammo emas, deydi rasmiylar, demak unga qarshi global choralar ko’rish kerak.

AQSh inson savdosiga qarshi kurash yo'lida 21 million dollar ajratishga ahd qilgan. Hozirda 65 mamlakatda 54 million dollarga teng loyihalar olib borilmoqda.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG