Insonparvarlik - oliy qadriyat, murosa - muvaffaqiyat kaliti

  • Amerika Ovozi

"Chegara Bilmas Shifokorlar" xodimi bemor bolani ko'rikdan o'tkazmoqda, Janubiy Sudan.

"Chegara Bilmas Shifokorlar" xodimi bemor bolani ko'rikdan o'tkazmoqda, Janubiy Sudan.

“Chegara Bilmas Shifokorlar” (Médecins Sans Frontières) xalqaro tashkiloti dunyoning eng qaynoq nuqtalarida, jumladan Somali, Afg’oniston va Falastinda faoliyat yuritadi. Gumanitar yordam yetkazish og’ir va mashaqqatli ish, ba’zida qurollangan to’dalar bilan murosa va muzokara talab qiladi, deydi tashkilot xodimlari.

Inson insonga yordam bermasa, kim beradi deya so'raydi ko'ngilli xizmatchilar

Inson insonga yordam bermasa, kim beradi deya so'raydi ko'ngilli xizmatchilar

“Chegara Bilmas Shifokorlar” yaqinda chop etgan kitob muzokara ahamiyati haqida. Gumanitar xizmatchilar yordam yetkazamiz deb ko’pincha o’z hayotini xavf ostiga qo’yadi.

“2004-yilda 5 xodimimiz Afg’onistonda halok bo’ldi. Yana 3 nafari Somalida. Niger va Sudandan haydab yuborishdi. Bu holatlar ko’pincha gumanitar va siyosiy- harbiy maqsadlar to’qnashuvi oqibati deb ko’riladi. Ammo ishimiz tobora qiyinlashib borayotgani ayon”, - deydi tashkilotning Parijdagi tadqiqotlar markazi rahbari Mikael Nyuman.

Xalqaro tashkilotlar xodimlari uchun xavfsiz zonalar yaratilishi kerak, deydi u.

Bu esa muzokara talab qiladi. Barcha tomonlar bilan muloqotga tayyor bo’lish, tashkilot betaraf ekanini tushuntirish zarur.

"Chegara Bilmas Shifokorlar" dunyoning eng xavfli nuqtalarida eng zarur yordam ko'rsatadi

"Chegara Bilmas Shifokorlar" dunyoning eng xavfli nuqtalarida eng zarur yordam ko'rsatadi

“Chegara Bilmas Shifokorlar" 2007-yilda Mogadishuda jarrohlik punktini ochayotganda, jangari qo’mondonlar, ularning dushmanlari, qabilalar, Islomiy jangarilar – barcha tomonlar bilan muzokara olib borishga majbur bo’lganmiz”.

"Ishimiz murosa va kelishuv talab qiladi", - deydi Mikael Nyuman, o'z tajribasiga tayanib.

“Aytaylik, Somalida ishlamoqchisiz. U yerda na hukumat, na sog’liqni saqlash tizimi mavjud. Har qadamda muzokara. Mashinani ijaraga olish, odam yollash, ham muvaqqat hukumatga, ham isyonchilarga soliq to’lash. Klinika qanday faoliyat yuritishini ham kelishib olasiz”.

“Chegara Bilmas Shifokorlar” missiyani tugatishga qaror qilgan hollar ham bo’lgan. Masalan, Liviyaning Misrata shahrida.

Sudanda ocharchilik... Xalqaro gumanitar tashkilotlar oziq-ovqat ulashish uchun urushayotgan tomonlar bilan til topishishga majbur.

Sudanda ocharchilik... Xalqaro gumanitar tashkilotlar oziq-ovqat ulashish uchun urushayotgan tomonlar bilan til topishishga majbur.

“Politsiya tomonidan qiynoqqa solingan odamlar olib kelinardi, xodimlarimiz ularga yordam ko’rsatar, oyoqqa turg’izardi. Bir necha kundan so’ng xuddi o’sha odamlar hibsxonalarda yana qiynoqqa solinar va qayta shifokorga olib kelinar edi. Biz loyihani yopishga majbur bo’lganmiz o’shanda”, - deydi Nyuman.

Insonparvarlik oliy qadriyat, deydi suhbatdosh, lekin maqsadga ba’zida erisha olmaslik mumkinligini ham tan olasiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG