Vengriyada ko'ngillilar qochoqlarga yordam ko'rsatmoqda

  • Amerika Ovozi

Vengriya hukumati Yevropa sari yo'lga chiqqan qochoqlarni chegaradan o'tkazmaslikka urinayotgan bir paytda ko'plab ko'ngillilar Vengiyaga kirgan qochqinlarga yordam ko'rsatmoqda. "Amerika Ovozi" muxbiri Budapesht termiyo'l vokzalidagi vaziyatni kuzatdi.

Vengriyaga yetib kelgan ko'plab muhojirlar til bilmaydi va bu yerda turish uchun puli ham yo'q. Hukumat yordami esa ancha cheklangan. Lekin ko'ngillilar ular joniga oro kirmoqda.

Vengriyada yashovchi Mustafo Sayfiy asli afg'onistonlik. U qochqinlarga yordam berayotgan ko'ngillilardan.

"Ularga tarjimonlik qilaman, doktorga borishlarida, poyezdga bilet olishlarida yordam beraman. Politsiya ularni so'roqqa tutsa ham tarjimonlik qilaman", - deydi u.

Yordamchilar orasida asli arab o'lkalaridan bo'lganlar ham bor. Ammo oziq-ovqat va kiyim-kechak bilan ta'minlayotganlarning aksariyati yevropaliklar.

"Biz bu yerda vaziyatni kuzatib, muhojirlarning yordamga qanchalik muhtojligini o'rganyapmiz. Slovakiyadan kelgan yordamni tarqatish uchun eng yaxshi joyni qidiryapmiz", - deydi slovakiyalik ko'ngillilardan biri.

Chegaralar to'silishidan oldin Vengriyadagi musulmonlar jamoasi Serbiya hududiga o'tib,u yerdagi qochqinlarga yordam berdi.

"Suriya, Afg'oniston va Iroqdan kelayotgan birodarlarimizga, opa-singillarimizga yordam berish uchun shu yerda ishlayapman", - deydi vengriyalik musulmon Sulton Bivlik.

Budapeshtdan G'arb sari yo'lga chiqadigan poyezd uchun bilet narxi 15 dollar atrofida. Ko'plab huquq tashkilotlari va boshqa faollar muhojir va qochoqlar uchun bilet olib berishga tayyor ekanliklarini bildirmoqda. Shu maqsadda xayr-ehsonlar qilinmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG