Vengriya: Qochqinlarga joy yo'q, Yevropa bizga buyruq bermasin

  • Amerika Ovozi

Yevropa Ittifoqidan chiqish uchun Britaniyada o’tkazilgan referendum aks-sadosi Sharqiy Yevropaga ham tarqalmoqda. Xususan, Vengriya Yaqin Sharq va Afrikadan kelgan qochqinlarni qabul qilmoqchi emas va bu masalani ovozga qo’ymoqchi.

Poytaxt Budapeshtdan 40 kilometr narida qochqinlar lageri joylashgan. Boshpana izlab har kuni odamlar keladi.

“Bizni nima uchun Yevropada xush ko’rishmaydi? Sizga o’xshagan, haq-huquqi bor insonmiz”, - deya norozi afg’onistonlik muhojir.

Ammo bu lager atrofida yashaydigan vengerlar kelgindilarni xavf deb hisoblaydi va referendum o’tkazishga chaqirmoqda.

“Qochqinlar bizning jamiyatga qo’shilishni, madaniyatimizni qabul qilishni istamaydi. Britaniya qarorini tushunaman” , - deydi Attila Sigeti.

U o’zini irqchi deb hisoblamaydi. Ammo sochini tagidan qirib yurishga qaror qilgan.

“Taqirboshlarga o’xshab yursam, mendan qo’rqishadi. Uyimga yaqinlashtirmayman”, - deydi u.

Vengriya hukumati reklamaga millionlab dollar sarflamoqda. Referendumda saylovchilar mana bu savolga javob berishi kerak: Yevropaning buyrug’i bilan ajnabiylarga mamlakatimizda joy ajratilishiga rozimisiz?

Kuzatuvchilar fikricha, immigratsiyaga qarshi partiyalar osonlikcha yutadi.

“Bosh vazir xalqiga Bryusselni dushman qilib ko’rsatyapti. Tarixdan misollar keltirib, venger xalqi doim suverenitet uchun kurashgan deb odamlarni ruhlantiryapti”, - deydi tahlilchi Nik Sitter.

Rossiya quvvatlaydigan YOBBIK radikal o’ngchi partiya Britaniyada o’tgan referendumga ijobiy baho beradi.

“Vengerlar ovoz berishga chiqqanida Yevropa Ittifoqining migratsion siyosatiga “ha” yoki “yo’q” deb javob beradi”, - deydi partiya vakili Marton Gyongosi.

Ushbu referendum faqatgina qochqinlar masalasiga tegishli. Millatchi partiyalar keyingi saylovda Vengriyaning Yevropa Ittifoqidan ajralishini ham ovozga qo’yamiz, deya ogohlantirmoqda.

Bu maqolaning video ko'rinishi "Xalqaro hayot" dasturida:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG