Xalqaro jinoiy sud Janubiy Afrikani Sudan rahbarini hibsga olishga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Sudan Prezidenti Umar Bashir

Sudan Prezidenti Umar Bashir

Xalqaro jinoiy sud Janubiy Afrika hukumatidan Afrika Ittifoqi sammitida qatnashish uchun bu mamlakatga borgan Sudan Prezidenti Umar Bashirni hibsga olishni so'ramoqda.

Sud Bashirni hibsga olish uchun ikkita qaror chiqargan. Sudan rahbari urush jinoyatlarida hamda 2003-yilda Darfurdagi qurolli isyonni bostirishga armiyani tashlaganlikda ayblanmoqda.

BMT hisobiga ko'ra, Darfur mojarosi 300 ming odamning yostig'ini quritgan, ikki milliondan ziyodi qochqinga aylangan.

Xalqaro jinoiy sud prezidenti Sidiqi Kabaning aytishicha, Janubiy Afrika sudni kuchayishiga ko'p hissa qo'shgan, endi ham uning qarorini ijro etishi lozim.

Janubiy Afrika sud a'zosi sifatida qamoqqa olishi buyurilgan shaxslarni sudga topshirish majburiyatini olgan, ammo kuzatuvchilar nazarida Afrika Ittifoqi sammiti mezboni sifatida Janubiy Afrika bunga jur'at etolmaydi. Afrika Ittifoqi Xalqaro jinoiy sudni noxolislikda, Afrika rahbarlarini nishonga olayotganlikda ayblab keladi.

Agar Janubiy Afrika Bashirni hibsga olmasa, deydi yoxannesburglik inson huquqlari bo'yicha huquqshunos Gabriel Shumba, u ham inson huquqlarini poymol etayotgan Afrika davlatlari qatoridan joy oladi.

"Bu Janubiy Afrika uchun jiddiy sinov", - deydi Shumba.

Sal avval janubiy afrikalik sudya Gans Fabrisius hukumatga Bashirni hibsga olishni buyurgan.

"Masalasi ko'rib chiqilmaguncha Bashir mamlakatni tark etolmaydi", - deydi sudya.

Biroq Sudan Tashqi ishlar vaziri Kamol Ismoilning aytishicha, prezident sammitdan so'ng vataniga qaytadi.

Xabarlarga qaraganda, Umar Bashir bugun qit'a rahbarlari bilan ommaviy suratga tushgan.

Sudanni 1993-yildan beri boshqarayotgan 71 yoshli Bashir oy boshida yangi besh yillik muddatga qasamyod keltirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG