Breaking News

Radikallashish - Markaziy Osiyoda 20 yillik adolatsiz boshqaruv mahsuli, deydi tahlilchi


Xalqaro inqirozlarni o’rganuvchi guruhning Qirg’izistonda bir yarim yil davomida tadqiqot olib borgan ekspertiga ko’ra, markaziy osiyoliklar orasida “Islomiy davlat”ni qo’llab-quvvatlovchilar ko’paymoqda. Hukumatlar ichki muammolarni hal qilsin, deya tavsiya qiladi Didra Taynen (Deirdre Tynan).

“Islomiy davlat” Iroq va Suriyada hokimiyat uchun kurashar ekan, uning safiga dunyoning turli chekkalaridan erkaklar va ayollar qo’shilmoqda. So’nggi uch yilda Markaziy Osiyodan 2000-4000 atrofida odam radikal oqimlarga qo’shildi, deyiladi Xalqaro inqirozlarni o’rganuvchi guruh (International Crisis Group) hisobotida.

Shu masalada izlangan tahlilchi Didra Taynen buning sabablarini tushuntiradi:

“Sovet davridan keyingi Markaziy Osiyoda aholi fuqaro huquqlaridan mahrum bo’lib kelgan. Bu mamlakatlar mustaqillikka erishganiga 20 yildan oshgan bo’lsa-da, turmush darajasi yaxshimas, fuqarolarning siyosiy jarayonlardagi ishtiroki cheklangan. Odamlar hozirgi tuzumdan charchagan. Dinga doir qonunlar uyushish erkinligini cheklaydi. Fuqarolar mahalliy va davlat miqyosida o’z siyosiy va ijtimoiy maqsadlari, intilishlarini erkin ifoda eta olmaydi. Shu sabab ular muqobil yo’llar izlamoqda. Islom mafkurasi ularni o’ziga tortmoqda”, - deydi ekspert.

Radikallashish - Markaziy Osiyoda 20 yillik adolatsiz boshqaruv mahsuli, deydi tahlilchi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:06 0:00

Mutaxassisning aytishicha, Markaziy Osiyoda iqtisodiy ahvol og’ir bo’lishiga qaramay, aholi pul uchun “Islomiy davlat”ga qo’shilayotgani yoki uni qo’llab-quvvatlayotgani yo’q. Guruh jamiyatning turli-tuman tabaqalarini o’ziga mahliyo qilishi bilan hukumatlarni xavotirga solmoqda. Erkagu ayol, o’qimishliyu o’qimishsiz – barchasi “Islomiy davlat” safida bor, deydi Didra Taynen.

“Bu hol aholida o’z hukumatlariga ishonch yo’qolganini ko’rsatmoqda”, - deydi u.

Mutaxassisga ko’ra, “Islomiy davlat” Markaziy Osiyo uchun hozircha tahdid emas, ammo mintaqa hukumatlari buning ehtimolini jiddiy ravishda nazarda tutib, tegishli chora ko’rishi kerak.

“Radikallashishga ichki muammo sifatida qaray boshlash kerak. Markaziy Osiyo hukumatlari aybni tashqi kuchlarga, uchinchi tomonga to’nkashga o’rganib qolgan. Mamlakatlardagi ahvolni yaxshilash lozim. Radikallashish 20 yillik adolatsiz boshqaruv mahsulidir. Ijtimoiy xizmatlarni yaxshilash, korrupsiyaga qarshi kurashish, qashshoqlikka barham berish zarur”, - deydi tahlilchi.

Didra Taynen qirg’iz matbuotida “Islomiy davlat” Markaziy Osiyodagi faoliyati uchun 70 million dollar ajratgani haqidagi xabarlarga ishonmaydi. Ammo tahdid mavjud, deydi u.

So’nggi 1-2 oyda O’shda Suriyadan qaytgan bir necha odam hibsga olingan. Mojaro zonalaridan qaytgan barcha odamlar ham o’z yurtida beqarorlikka qo’l urish vazifasi bilan qaytmagan, ammo Qirg’iziston hukumati ularga jiddiy e’tibor qarata boshlagan, deydi Xalqaro inqirozlarni o’rganuvchi guruh xodimi.

Tashkilot hisobotida aytilishicha, “Islomiy davlat”ga qo’shilganlar orasida o’zbeklar ko’p, ammo qirg’iz, tojik, qozoq, turkmanlar ham bor. Ba’zilari o’z mamlakatida masjidlarda, internet va ijtimoiy sahifalar orqali yollangan bo’lsa, aksariyati xorijga ishlash uchun chiqqanda “Islomiy davlat” tashviqoti bilan yuzlashib unga qo’shilgan. Tashkilot nazarida 2010-yil O’sh voqealaridan so’ng mahalliy o’zbeklar siquv ostida qolib, ularning “Islomiy davlat”ga qo’shilish ehtimoli yuqori.

Markaziy osiyoliklarning bir qismi jangchilar safidan joy olgan bo’lsa, boshqalari xizmat ko’rsatish sohasida band.

Didra Taynenning aytishicha, O’zbekiston islomiy harakati “Islomiy davlat”ga qo’shilmagan, uning nazoratiga o’tmagan, biroq bayonotlarida unga havas qilishini bildirgan.

“O’zbekiston islomiy harakati “Islomiy davlat”ning jozibasiga, qudratiga havas qiladi. Guruhga qo’shilgan markaziy osiyoliklarning yurtiga qaytishi muammo tug’dirishi mumkin. Ayniqsa Qirg’iziston janubi va Tojikiston shimoli-g’arbida”, - deydi ekspert.

Xalqaro inqirozlarni o’rganuvchi guruh Xitoy va Rossiya vaziyatning jiddiyligini anglab, Markaziy Osiyo davlatlaridan radikallashish muammosi bilan shug’ullanishni so’ramoqda, deydi. Yevropa Ittifoqi va AQSh ham muammoga jiddiy e’tibor qaratib, mintaqa mamlakatlariga xavfsizlik kuchlari tizimi va ishini isloh qilishda yordam berishi, mahalliy hukumatlar esa iqtisodiyotni yaxshilab, dindorlarni siquvga olmasligi lozim, deyiladi tashkilot tavsiyanomasida.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG