O'zbekiston qamoqlariga kirishdan foyda yo'q, deydi Xalqaro Qizil Xoch


"Jasliq" qamoqxonasida tushli payti, 28-sentabr, 2003

"Jasliq" qamoqxonasida tushli payti, 28-sentabr, 2003

Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi (ICRC) O’zbekiston qamoq va hibsxonalarini ko’zdan kechirib, mahbuslar bilan uchrashuvlarni butkul to’xtatadi.

Sabab – bu muhim va gumanitar nuqtai nazardan zarur vazifani to’laqonli bajarish uchun respublikada sharoit yo’q.

Panjara ortida o’tirganlar bilan hech qanday guvohsiz so’zlashish u yoqda tursin, hatto turma va vaqtinchalik ushlab turuvchi maskanlarga kirish mumkin bo’lmay qoldi, deydi “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan Piyer-Emmanuel Dukrue (Pierre-Emmanuel Ducruet), tashkilotning Toshkentdagi vakili.




“Avvalombor, shuni qayd etamanki, qamoqxonalarga kirmaslikka qaror qilish biz uchun juda og’ir qaror. Kamdan-kam hollarda shunday yo’l tutamiz, chunki faoliyatimiz mahbuslar huquqlarini ta’minlash uchun nihoyatda chuqur ahamiyat kasb etadi. Afsuski, so’nggi oylarda O’zbekistonda jazoni o’tash zonalari va vaqtinchalik hisbxonalarga kirish juda qiyin bo’lib qoldi va kirganda ham o’z ishimizni risoladagidek ado eta olmayapmiz”, - deydi janob Dukrue.

Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi o'z hisobotlari va qamoqxonalardan to'plagan ma'lumotlarini sir tutadi, ayniqsa mahbuslar bilan qilingan suhbatlar haqida og'iz ochmaydi.

Tashkilot qay davlatda bo’lmasin “mana shunday standart protsedura asosida ish yuritadi",- deydi mutaxassis. “Uni biror mamlakatdagi shart-sharoitga qarab moslamaymiz”.

Yana bir o'ziga xos jihati shuki, Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasi qamoqda o'tirganlarga ruhan madad ko'rsatadi, ularning dardini tinglaydi va maslahat beradi. Oilasidan yiroqda, panjara ortida yashayotganlar ko'p hollarda kuchli depressiyani boshidan kechiradi va ularning tushkunlikdan chiqishi, kelajakka umid bilan qarashi uchun bu insonlar xolis tomonlar bilan gaplasha olishi kerak, deydi ekspertlar. Qo'mita mahbuslarning oilalariga ham yordam ko'rsatadi. Turmadagi yaqinlari bilan ko'rishishi uchun yordamlashadi.

Tashkilot bir necha oylardan beri o’zi O'zbekiston qamoqlariga kirmay qo'ygan edi. Chunki, deydi Piyer Dukrue, hukumat bilan ishlash yanada murakkablashdi.

“Masalan, biror turmaga boramiz deb ruxsat so’rasak, yo yo’q deyishadi yo “mayli” deb rasman aytishsa ham u yerga borgach kira olmaymiz. Qayta-qayta shunday holatlar bilan yuzlashdik. O’zbekiston hukumati esa vaziyatni o’zgartirish uchun biror konkret qadam tashlamadi. Siyosiy iroda yo’q ekan, biz ham uzoq maslahatlashuv va muzokaralardan so’ng qamoqlarga umuman kirmaslikka qaror qildik”, - deydi janob Dukrue.

Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi O’zbekistonda 2001-2004 yillar orasida jazoni o’tash zonalari va SIZOLarni tekshirgan. Keyin esa hukumat e’tirozi sabab faoliyat to’xtab qolgan.

2008-yilda xalqaro hamjamiyat, xususan Yevropa Ittifoqi va Amerika undovi bilan olti oyga ruxsat berilgan va bu “sinov davri” sifatida qaralgan edi. Karimov ma’muriyati hamkorlik qila boshlagani ijobiy baholanib, Yevropa Ittifoqi Andijon fojiasidan keyin Toshkentga qo’ygan sanksiyalarini olib tashlagan edi.

2009-2012 yillar orasida Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi turli bosim va aralashuvlarga qaramay respublika turmalarni tekshirishga harakat qildi. Lekin 2012-yilning oktabriga kelib, tashkilot ortiq bunday qila olmasligini angladi.

Piyer Dukrue deydiki, Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi O’zbekiston hukumati bilan bu borada til topishishga urindi, ammo muloqotlar samara bermadi.

“Kelishuvga ko’ra, tashkilotimiz O’zbekistonning barcha qamoqxonalarga kira olishi kerak, Milliy Xavfsizlik Xizmati hibsxonalaridan tashqari”, - deydi janob Dukrue.

“Birinchidan qamoqqa kira olishimiz, ikkinchidan mahbuslar bilan gaplasha olishimiz va eng muhimi, ular bilan hech qanday guvohsiz, hech kimning aralashuvisiz suhbatlasha olishimiz kerak. Yana qaytib kelib, gaplashish kerak bo’lsa, buning uchun ham imkoniyat va sharoit yaratilishi shart. Bu mahbusning huquqlari ta’minlanishi va bizning ma’lumotimiz xolis bo’lishi uchun juda muhim”.

Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasi Jenevada asoslangan tashkilot

Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasi Jenevada asoslangan tashkilot

Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi bir paytlar O’zbekistonda qariyb 25 mutaxassisga ega edi. Hozir ularning aksariyati chiqib ketgan.

Qolganlar esa, Piyer Dukruening aytishicha, boshqa loyihalar, jumladan huquqshunoslik bo’yicha o’quv dasturlarini yuritish bilan band. Idora O'zbekiston Qizil Xoch jamiyati bilan yaqindan ishlaydi.

Tashkilot respublikani tark etmoqchi emas. Rasmiylar bilan muzokaralar davom etmoqda.

Toshkent hali Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi qarori yuzasidan biror munosabat bildirmadi. “Amerika Ovozi” tegishli idoralarga ma’lumot so’rab telefon qilganida javob bo’lmadi.

“Human Rights Watch” inson huquqlari tashkiloti, O’zbekistondan 2011-yilda rasman haydalgan organ, vaziyatni xavotir bilan kuzatib, G’arb davlatlari va Birlashgan Millatlar Tashkilotini xalqaro qonunlar buzilayotganiga ko’z yummaslikka chaqirmoqda.

Respublikada ahvolni yaqindan kuzatib, ishonchli axborot beradigan tashkilot qolmadi axir, deydi Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow), “Human Rights Watch”ning Markaziy Osiyo bo’yicha bosh mutaxassisi.

“Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni bekor qilganida O’zbekistonda ijobiy o’zgarishlar bor, mana Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi bemalol ishlayapti deya ro’kach qilgan edi. Vaholanki, ular qanchalik qiynalib ishlagani hammaga ayon”,- deydi Sverdlov.

“O’zbekiston xalqaro majburiyatlarini ado etmayapti, inson huquqlari va insonparvarlik bo’yicha qonunlarni buzmoqda”, - deydi himoyachi.

“Human Rights Watch” to’plagan ma’lumotlarda qayd etilishicha, respublika qamoqxonalarida qiynoq usullari muntazam ravishda qo’llaniladi va hibsxonalarda ahvol xarob.

“Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi vaziyatni tekshirib, dunyoni ogoh qilib turgan neytral kuch… Vazifani bajarish uchun sharoit yo’q deb jarayonni to’xtayotgani O’zbekiston inson huquqlari bobida oldinga siljimayotganidan dalolat beradi”,- deydi Stiv Sverdlov.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG