Qizil Xoch: Talofat ko'lami mislsiz, jabrdiydalarga yordamni oshirish kerak

  • Amerika Ovozi

O'tgan ikki kun ichida Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasi xodimlari O'sh, Jalolobod, bu shaharlar atrofidagi tuman va qishloqlar hamda O'zbekiston bilan chegaradosh joylarda vaziyat bilan tanishgan.

"O'z ko'zimiz bilan ko'rib, aniqlab, shunday xulosaga kelayapmizki, mojaro oqibatida uy-joyini tark etgan odamlar soni juda katta va bu borada aniq bir ma'lumot berish qiyin. Lekin gap o'n minglab odam haqida ketayotganiga ishonchimiz komil", - deydi Severin Chappaz, tashkilotning Qirg'zistondagi boshlig'i muovini.

O'zbekistonda, rasmiylarning bayon qilishicha, kamida 75 ming qochqin ro'yxatga olingan. Yana minglab odamlar chegarada madad kutib o'tiribdi. Respublika asosan ayollar, bolalar va keksa yoshdagilarni o'z bag'riga olgan.

Ahvol qaltis ekan, qolaversa, oziq-ovqat va ichimlik suvi taqchil, boshpana va tibbiy yordamga talab kuchli ekan, mahalla va kasalxonalarda ham vaziyat og'ir.

Qizil Xoch tibbiy xodimlarining aytishicha, jabrdiydalar orasida jinsiy tajovuzga uchragan va qattiq jarohatlangan odamlar ko'p uchramoqda.

Tashkilot O'sh yaqinida bir necha qizning dardini tinglab, ularni ko'rikdan o'tkazganida, zo'rlangani va do'pposlangani ayon bo'lgan.

"Jinsiy tajovuz inson nomusi va vujudini yakson qiluvchi jinoyat ekani sir emas. Biz bunday harakatlarni keskin qoralaymiz", - deydi Severin Chappaz.

O'shdagi bir binodan 3 ming kishi och holda topilgan. Ulardan 500 ga yaqini go'daklar. O'tgan uch kunda bu joyda uch bola dunyoga kelgan.

Notinchliklar avj olganidan beri ilk marta O'shdagi markaziy qamoqxonaga BMT tomonidan oziq-ovqat yetkazilgan. Inshootda qariyb 1000 mahbus saqlanadi.

Bugun O'shga Qizil Xochga tegishli samolyotda yirik miqdorda aholiga zarur mahsulotlar keltirilgan.

Tashkilot Andijonga yordam olib kirishga tayyor ekanini bildirmoqda. Qizil Xoch, Qizil Yarim oy va boshqa xalqaro gumanitar muassasalar birgalikda O'zbekistondagi qochqinlarga ko'makni oshirish harakatida.

Bugun Qizil Xoch ekspertlari, jumladan, favqulodda holatlar va tibbiy ekspertiza bo'yicha mutaxassislar Andijonga yetib borgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG