Breaking News

Alabama shtati, Birmingemda o'zbek ikatlari ko'rgazmada


Birmingem san'at muzeyida o'zbek ikatlari ko'rgazmada
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:33 0:00

Birmingem san'at muzeyida o'zbek ikatlari ko'rgazmada. Courtesy video: Alabama NewsCenter

Amerikada muzeylar va xususiy kolleksiya egalari yaqindan hamkorlik qiladi, bir-birini qadrlaydi. Kolleksiya sohiblari yillar davomida jamlagan asarlarini muzeylarga yo xayriya qiladi, yo vaqtincha tomosha uchun beradi. Muzeylar o’z navbatida bu nodir asarlarni tanitadi va asrab-avaylab saqlaydi, sayqal beradi. Kolleksiya egasi ham xursand, muzeylar ham xursand, tomoshabin ham mamnun. Alabama shtati, Birmingem shahridagi san’at muzeyida (Birmingham Museum of Art) O’zbekiston ikatlari va zeb-ziyneati ko’rgazmada (yuqoridagi video Alabama NewsCenter markazidan olindi). Ularni yillar mobaynida to’plagan va muzeyga havola qilgan inson Peggi Slappidir (Peggy Slappey).

Ikat kolleksiyasi egasi Peggi Slappi bilan suhbat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:07 0:00
Birmingem san'at muzeyi kuratori Don Vud bilan suhbat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:23 0:00

Alabama shtati, Birmingem San’at Muzeyida bahor va yoz bo’yi O’zbekiston ikatlari, zeb-ziynati tomoshada bo’ladi. XIX asr oxiri - XX boshiga oid to’n va javohirot amerikalik kolleksiyachi Peggi Slappiga qarashli. U bu buyumlarni yillar osha Pokiston, Afg’oniston bo’ylab safarlari chog’ida xarid qilgan.

Birmingem San’at Muzeyi xodimlari uning qo’lidagi bu nodir to’plam haqida xabar topdi-yu, Peggi xonim bilan do’st tutindi. O’rtada mustahkam do’stona rishtalar bog’landi va kolleksiyani tomoshaga qo’yishni taklif qildik, deydi Donald Vud (Don Wood), muzey kuratori.

“Peggi xonim bilan uch yil oldin tanishdim. U rang-barang, ajoyib ikat kiyim-boshni ko’rsata boshlagan edi, darrov ko’rgazma tashkil qilish fikri tug’ildi. Ikat matolar Amerikada kamdan-kam tomoshaga qo’yiladi. Peggi Slappining kolleksiyasini boshqa hech yerda, hech kim ko’rgan emas hali. Salkam o’ttiz dona chopon, to’n, zeb-ziynat, shuningdek, so’zana-yu maxsilarni tomoshabin maza qilib ko’rib ketayapti”, - deydi Don Vud.

Kolleksiya boshqa shtatlarga olib borilmaydi. Faqat Birmingem San’at Muzeyida ko’rgazmada.

“Liboslar juda yaxshi saqlanib qolgan. Lekin ularni joydan-joyga ko’chiraverish mumkin emas, baribir o’tgan asrning mahsuloti, nozik narsa. Oldimizdagi asosiy vazifa bu ikat matolarni boricha saqlab qolish, toki bo’lg’usi avlodlar ham ko’rib bahra olsin”, - deydi janob Vud.

Amerikalik tomoshabin uchun nimasi bilan qiziq bu ko’rgazma, deya so’raymiz.

“Alabama ahli uchun ikat yangilik. Deylik, Nyu-York kabi katta shaharlarda Markaziy Osiyo san’atiga oid ko’rgazmalar bo’lib turadi. Lekin janubi-sharqiy shtatlar bunaqangi go’zallikni kam uchratadi. Odamlar maza qilib kelib ketayapti, kirish bepul, eshiklarimiz ochiq”, - deydi Don Vud.

Muzeylar va kolleksiyachilarning hamkorligidan har ikki tomon birday manfaatdor, deydi mutaxassis. Kolleksiya egasi jamlagan xazinasini ko’rsatgisi keladi, muzeylarga esa yangi-yangi to’plamlar kerak.

“Bu do’stona aloqalar ardoqlanadi”, - deydi muzey kuratori. “Masalan, Peggi xonimga restavratsiya, ya’ni qadim matolar va buyumlarni asrash bilan shug’ullanadigan mutaxassis orqali chiqdik. Boshqa bir misol, bugun Nyu-Yorkdagi yana bir kolleksiyachi muzeyimizga qadim Xitoy buyumlarini hadya qildi. Bu kolleksiyachilar biladiki, Birmingem San’at Muzeyi kabi dargohlar mazkur to’plamlarni to’rga chiqarib tomoshaga qo’yadi. Odamlar ko’radi. Holbuki, katta muzeylarda bu buyumlar chekkada qolib ketishi hech gapmas”, - deydi Don Vud.

U yoki bu to’plam haqiqatda e’tiborga loyiq ekanini muzey kuratorlari hal qiladi. Bu mutaxassislar haqiqatan sifatli, qimmatli san’at asarlari, buyumlarni bir ko’rishdayoq biladi. Birmingem San’at Muzeyida Markaziy Osiyo san’atiga doir ilk ko’rgazma bu, deydi janob Vud. Uni qidirib topganimizdan mamnunmiz, deydi u.

Bu buyumlarni yillar mobaynida mintaqaga safari paytida to’plagan va muzeyga havola qilgan inson amerikalik san’at ixlosmandi Peggi Slappidir. Markaziy Osiyo madaniyatini Alabama ahliga tanitish, madaniyatlar va jamiyatlarni yaqinroq qilishni xohlayman, deydi u.

“Bolaligimdan san’at asarlariga ixlosim baland. O’zim san’atshunosman. Ota-bobomdan o’tgan an’ana bo’lsa kerak. Juda ko’p sayohat qilar edim. 1997-yilda Pokistonga, Peshovarga safarim paytida ilk bor o’zbek ikatlariga ro’para keldim-u oshiq bo’ldim”, - deydi Peggi xonim.

Buyumlar Pokistonga Afg’onistondan olib kelingan, deydi u. Nodir ikat chopon va so’zanalar XIX asr oxiri, XX asr boshlariga oid. Pokiston va Afg’onistondagi savdogarlar, afg’on qochqinlari Peggi xonimga o’zbek ikatlari haqida so’zlab bergani sari uning qiziqishi ortdi. Bu sohada ko’proq bilgisi keldi.

“Bilganlarimni Amerika jamiyati bilan ham o’rtoqlashgim keldi. Musulmon dunyosi va AQSh o’rtasida rishtalarni mustahkamlashga jindak hissa qo’shgim keldi. Shu sababli buyumlarni Amerikadagi muzeylarga taqdim etishga qaror qildim”, - deydi Peggi Slappi.

Ikat kiyim-boshni to’plashdan birinchi maqsad ularni asrab-avaylash va bo’lg’usi avlodlarga yetkazish. Ikkinchidan, Markaziy Osiyo madaniyati, ikatning yaralishi, bunda erkak va ayollarning mehnati haqida Amerika ahliga bilim berish, deydi suhbatdosh.

Kolleksiyachi ko’rgazmadan moliyaviy foyda olmaydi. Muzey va to’plam egasining san’atga bo’lgan ixlosi, ishtiyoqi asosida yo’lga qo’yilgan hamkorlik bu.

“Jahon madaniyatlariga hurmatim baland. Bugun Amerikada islom madaniyati, san’atini namoyish qilish nihoyatda muhim, deb bilaman. Juda boy tarixiy an’ana, bilim haqida gap ketayapti. San’at elatlarni, davlatlarni bog’laydi, bilamiz. Shuning uchun ham bu ko’rgazmalarga bosh qo’shdim”, - deydi Peggi xonim.

XS
SM
MD
LG