Majburiy mehnatga doir muhim xalqaro bitim qabul qilindi

  • Amerika Ovozi

Mehnatga majburlangal odamlar qullik sharoitlaridan qochishga harakat qilib, ko'p hollarda politsiya qo'liga tushadi.

Mehnatga majburlangal odamlar qullik sharoitlaridan qochishga harakat qilib, ko'p hollarda politsiya qo'liga tushadi.

Xalqaro mehnat konferensiyasida qatnashgan 177 davlat vakili majburiy mehnatga qarshi kurashga bag’ishlangan yangi global bitimni qo’llab-quvvatladi. Sakkiz davlat qarshi ovoz berdi. Bitimda majburiy mehnat qurbonlarini himoya qilish va ularga kompensatsiya ajratish, bunday amaliyotlarga qarshi kurashish yo’llari ko’zda tutilgan.

Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) ma’lumotlariga ko’ra, dunyo bo’ylab 21 million erkak, ayol va yosh bola mehnatga majburlanadi. Jinoyatchilikning bu turidan yiliga 150 milliard dollar daromad tushadi.

XMT 1930 va 1957-yillarda majburiy mehnatga bag’ishlangan ikkita bitimni qabul qilgan edi. Yangi hujjat esa ikki konvensiyani XXI asrga moslashtiradi.

Majburiy mehnat xalqaro qo’mitasi prezidenti Deyvid Garner bitim qullikning zamonaviy shakllariga barham berishga mo’ljallanganini aytadi.

“Eng muhimi, hujjatni imzolagan davlatlar 29-Konvensiyaga ko’ra o’ziga olgan majburiyatlarni bajarishga da’vat etiladi. Buning uchun esa qurbonlarning majburiy mehnatning oldini olish va undan himoyalanish imkonlarini oshirish, odamlarni mehnatga majburlayotgan jinoyatchilarni jazolash choralarini kuchaytirish kerak. Qo’mita a’zolari, shuningdek, jazo belginalishi muhim degan fikrda yakdil. Qurbonlarning huquqlarini himoyalash ham katta ahamiyatga ega”.

XMT rasmiylariga ko’ra, majburiy mehnatga jalb qilinganlarga ko’pincha yordamga muhtoj odamlardek emas, balki jinoyatchilardek qaraladi. Tashkilot rasmiysi Beate Andris hujjat bu adolatsizlikka chek qo’yadi, deydi.

“Eng muhim bandi shundan iboratki, qurbonlarni jinoyatchilik uchun jazolamaslik ko’zda tutilgan, chunki ba’zida bu odamlar mehnatga majburlanganida jinoyatga qo’l urishga ham majbur bo’ladi. Masalan, ayrimlar giyohvand o’simliklar ekish yoki o’zida narkotiklar olib o’tishga majburlanadi”.

XMT hisob-kitoblariga ko’ra, majburiy mehnat qurbonlarining 55 foizi – ayollar, 45 foizi – erkaklar. Umumiy raqamdan 26 foizi bolalardir. Ayrimlari ish shartnomasini imzolab, ishdan bo’shay olmayotgan bo’lsa, boshqalari qullardek sharoitlarda ter to’kadi.


Xotin-qizlar asosan uy xizmatkorlari sifatida ishlashga yoki jinsiy xizmatlar ko’rsatishga majburlanadi. Erkaklar va o’g’il bolalar esa qishloq xo’jaligi sohasi, qurilish va konlarda ishlaydi. Ular me’yordan ancha ko’p ishlaydi, ko’plari hatto ish haqi ham olmaydi.

Yangi bitimning kuchga kirishi uchun uni ikki davlat ratifikatsiya qilishi kerak.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG