Jeneva: O'zbekiston, Xalqaro Mehnat Tashkilotiga darvozani oching


Xalqaro Mehnat Tashkiloti Jenevada yillik sessiyaga yig'ilgan. Butun dunyodan vakillar to'plangan.

Xalqaro Mehnat Tashkiloti Jenevada yillik sessiyaga yig'ilgan. Butun dunyodan vakillar to'plangan.

Bugun Jenevada Xalqaro Mehnat Tashkiloti (ILO) majlisida O'zbekiston hukumatidan paxta dalalarida bolalar va kattalarni majburlab ishlatishni bas qilish so'raldi.


Vakillar yillik sessiyaga yig'ilgan. Tashkilotning Me'yorlar bo'yicha qo'mitasida (Committee on the Aplication of Standards) yangragan bayonotlarda respublika xalqaro mehnat tamoyillari va normalariga rioya qilishi shart deya eslatildi.

Majlisdan keyin "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati rahbari Vasila Inoyatova masala dunyo ahli nazaridan chetda qolmayotganini aytib, majburiy mehnatga qarshi kurashayotgan tomonlarni olqishladi.

Faol deydiki, oddiy ishchilardan tortib hukumatlargacha, bu harakatga qo'shilgan tomonlar Xalqaro Mehnat Tashkiloti O'zbekistonda bu yilgi paxta terimini yaqindan kuzatsin degan talabni qo'yib, to'g'ri ish qilmoqda.

O'tgan yili dalalarda Navro'z Muysinov, Igor Yachkevskiy, Aziz Baxtiyorov va Umid ismli fuqarolar halok bo'lgan va ularning o'limi tergov qilinishi kerak, deydi Vasila Inoyatova.

Majlisda Germaniyadan kelgan ishchilar guruhi va muallimlar O'zbekiston hukumatini sistematik tarzda xalqaro qonunlarni buzib kelayotganlikda tanqid qilgan.

Majburiy mehnat amalda man etilmaganini ayni damda ekinzorlarda ko'rish mumkin, deydi faollar. Odamlar chopiqqa zo'rlab olib chiqilmoqda. 19-aprel kuni, huquq himoyachilarining aytishicha, Namangan viloyatida yetti dehqon paxta emas, piyoz ekkani uchun do'pposlangan.

Paxta yurtning boyligi deya odamlarni ezish, ularning turmushini qiyinlashtirish, sog'lig'iga e'tibor bermaslik va ta'lim sohasini chetga surib, o'quvchi va muallimlarni dalaga yoppasiga haydash mahalliy va xalqaro qonunlarga ziddir, deya eslatadi bugun Jenevada gapirgan Indoneziya vakillari.

Yig'inda O'zbekiston rasmiylariga ham so'z berilgan. Ularning qayd etishicha, 2012-yilda paxta dalalariga bolalar umuman olib chiqilmagan. Kattalarni majburlab ishlatish borasida ular og'iz ochmagan.

Xalqaro Savdo Ittifoqi va Xalqaro Ishchilar Tashkiloti nazarida O'zbekiston asossiz raddiyalari bilan hech narsaga erisha olmaydi. Agar bu borada biror muammo yo'q bo'lsa, nega hukumat chetdan kuzatuvchi kiritmayapti, masalan, Xalqaro Mehnat Tashkilotini, deya so'raydi bugungi majlisda ishtirok etgan faollar.

BMT qoshidagi bu organ respublikaning dushmani emas, aynan mehnat masalalari bilan shug'ullanadigan tashkilot, deydi ular.

Vakillar talabi shuki, O'zbekiston 1-avgustgacha Xalqaro Mehnat Tashkilotini taklif etishi va unga paxta terimini kuzatishi uchun sharoit yaratib berishi kerak.

AQShdan borgan vakillar ham bu talabni quvvatlab, Vashingtonni Toshkentga nisbatan bosimni oshirishga undamoqda.

Xalqaro Mehnat Tashkiloti o'z vazifalarini sidqidilgan, xolis va professional ravishda bajarib, dunyo ishonchini qozongan organ, deydi Amerika rasmiylari. Tashkilot respublika bilan hamkorlik qilishga shay. Karimov ma'muriyati uni qabul qilishi lozim, deya murojaat qildi diplomatlar bugungi majlisda.

Xalqaro Mehnat Huquqlari Forumi ta'biricha, O'zbekiston hukumati mahalliy huquq himoyachilari va fuqaro jamiyatiga bemalol ishlash uchun imkon bersa, bu ilk ijobiy qadam bo'ladi.

G'arbda bugungi kunda Paxta kampaniyasi (Cotton Campaign) degan guruh vujudga kelib, bu harakat O'zbekiston paxtazorlarida majburiy mehnatga qarshi kurashishni maqsad qilgan. Unga kasaba uyushmalari, huquq tashkilotlari, kompaniya va bizneslar, shuningdek, siyosiy doiralar ham qo'shilgan.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG