Tasvirni aniqlovchi texnologiyaning istiqboli katta

  • Amerika Ovozi

Tasvirni aniqlovchi texnologiya hozircha boshlang’ich bosqichda. Masalan, Facebook foydalanuvchilarning suratini avtomatik ravishda taniy oladi. Kelajakda bu texnologiya rivojlangani sari mijozlar va korporatsiyalarning jismoniy dunyo bilan munosabati o’zgarishi aytilmoqda.

Mahsulot qutisidagi ma’lumotni ko’rish yoki yo’qolgan pulni topish kundalik hayotda oddiy holatga aylangan. Zamonaviy mashinalarda to’siqlarni aylanib o’tishga yoki aeroportda tahdidlarni aniqlashga imkon beruvchi texnologiya rivojlanmoqda.

Bunday texnologiya yordamida tasvirga aloqador ma’lumot internetda va jismoniy dunyoda aniqlanib, qayta ishlanadi. Kelasi besh yilda dunyo bo’ylab bunday texnologiyaga asoslanib ishlovchi mahsulotlar bozori kengayib, 30 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

Nyu-Yorkdagi Kornell universitetida kompyuter fanlari professori Serj Belongining aytishicha, tasvirni tanishga imkon beruvchi texnologiya teta-poya qilmoqda.

“Tesla", "Uber", "Google" kabi kompaniyalar o’zi yuradigan mashinalar va taksi ishlab chiqarishga sarmoya kiritmoqda, bu sohaning istiqboli yuksak, ammo hozircha jarayon boshlang’ich bosqichda”, - deydi olim.

Professor Belongining aytishicha, tasvirni tanishga imkon beruvchi texnologiya borgan-sari rivojlanib, Facebook kabi ijtimoiy sahifalarda foydalanuvchilar tomonidan keng foydalanilmoqda. Bu internetda reklama beruvchilar uchun katta imkoniyatlar ochmoqda.

“Sahifaga qo’yilgan barcha suratlarni o’rganish jarayonida foydalanuvchilarning sahifaga qayerdan kirayotganini bilish mumkin. Demak, reklama ham olingan ma’lumotga yarasha moslanadi”, - deydi Belongi.

Bunday texnologiyadan xavfsizlik bilan shug’ullanuvchi kompaniyalar ham foydalanmoqda. Masalan, Britaniyada ishlangan “ThruVis” skaneri ko’p sonli odamlar orasida qidirilayotgan insonni topishda yordam bera oladi.

"Yuqori sezgi salohiyatiga ega kamera hatto bir necha qatlam kiyim kiygan odamlar va puxta yashirilgan obyektlarni topib, aniqlay oladi”, - deydi "Digital Barriers" kompaniyasi rahbari Zak Doffman.

Yoki NEC kompaniyasining “NeoFace” programmasini olaylik. Nyu-Yorkning Jon Kennedi nomidagi xalqaro aeroporti xavfsizlik xizmati mamlakatga soxta ism yoki ko’rinish bilan kelgan odamlarni aniqlashda undan foydalanishi kutilmoqda.

“MarketsandMarkets” kompaniyasi ma’lumotiga ko’ra, tasvirni tanishga imkon beruvchi texnologiyadan savdoda ham keng foydalanish mumkin, masalan do’konda smartfon yordamida mahsulotni topishda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG