Markaziy Osiyoda iqtisodiy kelajak yirik qo'shnilarga bog'liq

  • Amerika Ovozi

Xalqaro Valyuta Jamg'armasi ayni damda Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlarida iqtisodiy ahvol qanday ekanini tahlil qilar ekan, xom neft bahosi hali beri ko'tarilmaydi hamda Rossiyadagi vaziyat ham yaqin kelajakda yaxshilanmaydi, deya ogohlantirmoqda.

Jahon iqtisodiyotida o'sish kuzatilmoqda, jumladan ikki yirik tizim - AQSh va Xitoy ancha ildamlagan. Biroq mintaqa uchun hamon muhim rol o'ynab keladigan Rossiyada o'sish emas, pasayish qayd etilmoqda.

O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'iziston singari mamlakatlardan Rossiyaga borib ishlaydigan odamlardan keladigan daromad umumiy hisobda, milliardlab dollarga kamaygan.

Neft makoni Qozog'istonda moliyaviy ahvol tang. Qora oltin bahosi 2015-yilning oktabr oyidan beri yanada tushib ketgan va bu yil oxirigacha ham ko'tariladi deyish uchun asos yo'q.

Rossiya va Qozog'istonning neft daromadi pasayar ekan, bu iqtisodiyotning har bir jabhasiga o'z ta'sirini ko'rsatib, ko'plab sohalar moliyaviy yetishmovchilikdan aziyat chekmoqda.

Rossiya, shuningdek, Xitoy va Yevropa Ittifoqidek savdo hamkorlari qiynalar ekan, Markaziy Osiyo va Kavkaz kutilmagan sinovlarga tayyor turishi lozim, deydi valyuta jamg'armasi ekspertlari. Neft va boshqa mahsulotlari bahosi yanada tushishi mumkin, Global moliyaviy sharoit taranglashsa ajabmas. Mahalliy miqyosda esa mintaqa bo'ylab har bir davlatda bank tizimlari talabni qondira olmasligi tayin.

Konvertatsiya borasida qilingan qadamlar deyarli har bir o'lkada inflyatsiyani yanada oshirgan - milliy pul qadrsizlanishda davom etmoqda. Kapital yetishmasligi - har bir mamlakatda asosiy muammo bo'lib qolmoqda.

Hukumatlar iqtisodiyot va moliya tizimini haqqoniy va real tahlil qilib, zarur choralar ko'rishi kerak, deyiladi hisobotda. Birinchi navbatda qisqa muddatni ko'zlovchi reja kerak. O'sish uchun nima qilmoq zarurligi haqida jiddiy o'ylash lozim, deydi ekspertlar. Moliya va konvertatsiya siyosatini qayta ko'rib chiqing va muvozanatlash jarayoni ustida qattiqroq ishlang.

Islohotlarni jadallashtirish ham asosiy vazifalardan biri bo'lishi kerak. Iqtisodiyotda yangi yo'nalishlar ochish hamda xususiy sektor rivoji uchun zarur sharoit yaratib berish har bir davlat uchun bugungi va ertangi burch bo'lsin, deya tavsiya qiladi Xalqaro valyuta jamg'armasi.

Asosan xom ashyo sotib kun ko'rib kelgan respublikalar strukturaviy hamda tub o'zgarishlar qilish haqida bosh qotirmasa, yutqazishda davom etadi, deydi o'tgan hafta Vashingtonda yig'ilgan mutaxassislar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG