Jinsiy tajovuzda ayblanayotgan Dominik Stross-Kan Nyu-Yorkda sudga tortiladi

  • Amerika Ovozi

Fransiya sobiq moliya vaziri bugun sudga takroran murojaat qilib, 1 million dollar tovon puli evaziga qo’yib yuborishlarini so’ramoqchi

Fransiya sobiq moliya vaziri bugun sudga takroran murojaat qilib, 1 million dollar tovon puli evaziga qo’yib yuborishlarini so’ramoqchi

Kecha Xalqaro Valyuta Jamg’armasi direktori lavozimidan bo’shagan Dominik Stross-Kan 1 million dollar tovon to'lab ozodlikka chiqqan. Shuningdek, kafolat sifatida yana 5 ming dollar berilgan.

Jinsiy tajovuzda ayblanayotgan 62 yoshli arbob Nyu-Yorkda sudga tortiladi. Unga Nyu-York mehmonxonasida xizmatchi ayolni zo'rlashga uringanlik va bunga doir yana olti ayblov qo'yilgan.

Dominik Stross-Kan kuchli nazorat ostida bo'ladi. U pasportini ham hukumatga topshirgan.

Aybdor deb topilsa uzoq yillik qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin.

Politsiyaning bildirishicha, 62 yoshli Stross-Kan 14 may kuni “Sofitel” otelida xonani tozalashga kirgan xodimaga tashlanib, zo'ravonlik qilgan.

“Qo’yilgan barcha da’volarni rad etaman”, - deydi Dominik Stross-Kan.

Nyu-York politsiya arxiviga joylangan suratlarda g’ijim ko’ylak kiygan, toliqqan, ko’zlari deyarli yumiq arbobni ko’rish mumkin.

Bu suratlar Fransiyada g’azab hissini uyg’otishi mumkin, deydi ayrimlar. Davlat rahbari lavozimiga da’vogar, uddaburo arbob sifatida tanilgan bu shaxs omma oldida, qo’lini orqaga qilib yetaklab chiqilgani ko'plab fransuzlarga ma’qul kelmagan.

Fransiyada o’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, 57 foiz aholi Dominik Stross-Kan atayin uyushtirilgan fitna qurboni deb hisoblaydi.

Uni jinsiy zo’ravonlikda ayblayotgan gvineyalik ayol kecha sudga borib, ko’rsatma bergan. AQShdan boshpana so’rayotgan bu ayol beva bo’lib, 15 yoshli farzandi bor ekani ma’lum.

Xalqaro Valyuta Jamg’armasi rahbari kursisini endi kim egallaydi? Barchaning og’zida endi shu gap. Mana 65 yildirki Vashingtonda asoslangan bu idorani Yevropa vakili boshqarib keladi.

1945 yilda asos solinganidan beri qoida shu, lekin uni bekor qilgan ma’quldir, deydi ayrimlar. Jahon Bankiga o’z navbatida AQSh fuqarosi boshchilik qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG