Global iqtisod inqirozdan hali chiqqani yo'q

  • Amerika Ovozi

Xalqaro Valyuta Jamg'armasi rahbari Kristina Lagard

Xalqaro Valyuta Jamg'armasi rahbari Kristina Lagard

Xalqaro Valyuta Jamg’armasi rahbari Kristina Lagard deydiki, dunyo hamon moliyaviy inqiroz asoratlari bilan kurashmoqda. Ish o’rinlari yaratish har bir davlat oldidagi ustuvor vazifa, deydi u.

AQSh va Yevropada iqtisodiyot qayta oyoqqa turayotgani sezilyapti, ammo inqiroz tugadi deyishga hali erta.

Xalqaro Valyuta Jamg’armasi direktori Kristina Lagard so’zlariga ko’ra, global iqtisodiyot hanuz zaif. Yevropaning moliyaviy ahvoli beqaror.

“Davlat va xususiy sektordagi qarzlar miqdori kamaygani yo’q. Ishsizlik yuqoriligi jamiyatni parokanda qilmoqda. Bu ham yetmagandek, neft narxi oshib borayotgani yana bir muammo”, - deydi u.

Lagardning aytishicha, iqtisodiyot bir maromda ishlashi uchun uch narsani amalga oshirish kerak.

Germaniya avtomobil zavodida

Germaniya avtomobil zavodida

Birinchidan, himoya mexanizmi ishlab chiqilishi kerak. Ikkinchidan, moliyaviy va soliqlarga doir qonunlarni ishga solib iqtisodiy o’sishni qo’llab-quvvatlash lozim. Ijtimoiy ta’minot dasturlarini ko’r-ko’rona qisqartirish xatarli, deydi kambag’al mamlakatlarga qarz beruvchi Xalqaro Valyuta Jamg’armasi rahbari.

Kristina Lagard hukumatlarga ko’proq ish o’rinlarini yaratishga diqqat qaratishni ham eslatdi.

“Hozir dunyo bo’ylab 200 million kishi ishsiz, shulardan 13 millioni Amerikada. Ish qidirayotgan yoshlarni dunyoning istalgan mamlakatida, Yevropada yoki “Arab bahori” yuz bergan o’lkalarda ham ko’rish mumkin. Ammo mehnat bozori ularga biror narsa taklif qilishga ojiz”, - deydi Lagard.

Davlatlar bir-biriga tobora ko’proq tayanar ekan, dunyoning bir joyida yuz bergan krizis boshqa mamlakatlarga ham ta’sir etmay qolmaydi. U AQShni dunyo iqtisodiga yetakchilik qilishda davom etishga chaqirdi. Chunki boshqa yurtlarda muammolar hal bo’lishidan Amerika ham manfaatdor.

Ishlab chiqarishni kengaytirish kerak

Ishlab chiqarishni kengaytirish kerak

Xalqaro Valyuta Jamg’armasi raisi fikricha, AQSh byudjet kamomadini kamaytiraman desa, soliqlarni oshirish va sarf-xarajatni kesish o’rtasida muvozanatni ta’minlashi kerak.

Ma’lumki, bu o’lkada ko’chmas mulk bozori hanuz beqaror va banklar bu borada yordam qo’lini cho’zishi kerak, chunki soliq to’lovchilar yordami bilan o’z vaqtida banklar inqirozdan saqlab qolingan, deydi u.

Kristina Lagard xalqaro tashkilot zaxira fondini oshirish lozimligi haqida ham gapirdi. Uning aytishicha, 187 davlatni o’z ichiga olgan organ qiyinchilik paytlari yordamga muhtojlarga yanada yaxshiroq xizmat ko’rsatishi uchun zaxiradagi mablag’ hajmini oshirish kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG