Nyu-York iqtisodini gullatayotganlar- muhojirlar

  • Amerika Ovozi

Nyu-York yaralibdiki, muhojirlar uchun sevimli manzil. Shaharning gullab-yashnashida immigrantlarning hissasi katta.

Nyu-York yaralibdiki, muhojirlar uchun sevimli manzil. Shaharning gullab-yashnashida immigrantlarning hissasi katta.

Muhojirlar Nyu-York iqtisodiyotini yuritayotgan asosiy kuchlardan. Shahar meriyasiga ko’ra, ular aholining 40 foizdan ko’pini tashkil qiladi.

Uch million kishi. Ularning o’zi alohida bir shaharga aylansa, AQShdagi uchinchi eng yirik markaz bo’ladi, deydi Nyu-York rasmiysi Nisha Agarval:

“Immigrantlar shaharmiz. Maktablarimizda muhojirlar ko’p. Iqtisodimizni yuritayotgan kuch ham shular. Har xil kasblardan ular muhim rol o’ynayapti. Bu holatni qo’llashimiz kerak, chunki oilalar, shahar uchun foydaning o’zi-ku”.

Amerika Jamiyati (Americas Society/Council of the Americas) nomli kengash Mustaqil tadqiqot o’tkazdi. Hisobot muhojirlar, kambag’allik va jinoyatni bog’lovchi eski qoliplarni rad etadi.

Unda immigrantlar soni o’sib borayotganiga e’tibor berilgan. 1990-2010-yillar orasida o’sha mahallalarda politsiya hisobotlari o’rganilgan.

Nyu-York iqtisodiyoti va turmush darajasi shu vaqtda sezilarli yaxshilangan. Yo’qsil mahallalarga ko’chib borib gullatgan, deydi Jeykob Vidgor, muallif:

“Immigrantlar xarob mahallalarga ko’chib boradi, chunki cho’ntagi faqat shuni ko’taradi. Boradiyu, atrofni oyoqqa turg’iza boshlaydi. Ish joylariga o’rnashadi. Obodonchilik bilan shug’ullanadi. Natijada jinoyachilik ko’lami ham kamayadi”.

Qo’shma Shtatlarga yaxshi hayot izlab kelgan muhojirlar jinoyatdan yiroq yuradi va qattiq mehnat qilishdan charchamaydi, deydi Garvard universiteti professori Robert Sampson:

“Amerikaga nega keladi odam? Ishlab, tirikchilik qilish uchun. Muvaffaqiyat qozonish uchun. Farzandlarni oyoqqa turg’izib, farovon yashash uchun keladi”.

Immigrantlar yuritadigan bizneslar ham Nyu-Yorkning ustuni. Bundan tashqari, ular Amerika ahli bajargisi kelmaydigan ishlardan qo’rqmaydi, deydi tadqiqotchi Keyt Brik:

“Qishloq xo’jaligi, sanoat va xizmat ko’rsatish sohalarida asosan ular band. Qo’shma Shtatlardan kelayotgan muhojirlar tarkiban nihoyatda boy. Masalan, kam haq to’lanadigan sohalarda ham, yuqori texnologiya, muhandislik, ilm-fan, tibbiyot kabilarda ham eng dono immigrantlar mehnat qilayapti”.

Hujjati yo’q immigrantlar ko’cha-ko’yda savdo-sotiq qilib, enaga bo’lib ishlab shahar og’irini yengil qilayapti, deydi Jeykob Vidgor:

“Har bir xarid qilingan mahsulot uchun soliq to’lanadi. Ijara haqi uchun pul to’lanadi. Biror joyni arendaga olganda unga alohida haq beriladi. Xullas, to’langan soliqlar shaharning asosiy daromad manbai-da”.

Amerika jamiyati bu so’rov yordamida boshqa shaharlarni ham shunday xulosa qilishga chaqirayapti. Chet ellik ham, amerikalik ham bundan faqat naf ko’rishini eslatayapti.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG