Immigratsiya islohotiga ko'z tikkan muhojirlar orasida osiyoliklar ko'p

  • Amerika Ovozi

AQShda 11 milliondan ortiq noqonuniy muhojir borligi aytiladi. Qonunchilar Kongressda immigratsiya islohotiga oid yangi qonun loyihasini muhokama qilar ekan, asosiy e’tibor Lotin Amerikasidan kelgan muhojirlarga qaratilayotgandek. Vaholanki, eng ko’p hujjatsiz immigrant jo’natgan 10 ta davlatning beshtasi Osiyodan. Osiyolik muhojirlarning aksariyati Kaliforniyada yashaydi.


Entoni Nag uchun avtobus kutish odatiy hol. Chunki mashina hayday olmaydi. Hujjati bo’lmagani uchun haydovchilik guvohnomasi yo’q.

“Deportatsiya bo’lishdan, odamlar menga boshqacha ko’z bilan qarashidan, kollejda ortiq o’qiy olmaslikdan qo’rqaman. Ter to’kib ishlayman, lekin hanuz orzularimga erisha olganim yo’q”, - deydi u.

AQShda 1,5 millionga yaqin osiyolik noqonuniy muhojir borligi aytiladi.

Nag Amerikaga 12 yoshida ota-onasi bilan Filippindan kelgan.

“Filippinda biznesimiz kasodga uchragach, tirikchilik qilishga imkonimiz qolmadi. So’ng ota-onam bizga yaxshiroq hayot yaratib berish uchun bu yerga ko’chishga qaror qildi. Men ulardan minnatdorman”, - deydi Nag.

Nagning noqonuniy muhojir ekani kollejda o’qish uchun yordam dasturiga hujjat topshirganda o’rtaga chiqdi. Hujjatsiz immigrantlarga, odatda, o’qish uchun moliyaviy ko’mak berilmaydi.

“Biz huquqshunoslarga bog’lanib, hujjatimizni to’g’rilashga harakat qildik. Ular yangi qonun qabul qilingungacha kutishdan boshqa choramiz yo’qligini aytishdi”, - deydi muhojir yigit.

Noqonuniy immigrantlar masalasi Kongressda uzoq bahs qilindi. O’tgan iyun oyida nihoyat hujjatsiz bolalarni deportatsiya qilishni to’xtatib turish haqida qaror chiqdi. Unga ko’ra, AQShga bolaligida kelgan hujjatsiz muhojirlar vaqtincha ishlash huquqini qo’lga kiritishi mumkin.

Tifani Panlilio ana shunday muhojirlarning hujjatini tayyorlashga yordam beradi. Talabgorlar ariza uchun 465 dollar to’lashi va AQShga bolaligida kelganini isbotlashi kerak.

“Panada yashab yurgan odamlar uchun bu yerda bolaligidan beri yashaganini isbotlash qiyin. Chunki ular shu paytgacha hech qayerda ko’rinishni, nomlari qog’ozga tushishini istamagan”, - deydi Panlilio.

Shu kungacha 300 ming odam vaqtincha ishlash uchun hujjat oldi. Ularning aksariyati Meksikadan. Xitoy, Filippin, Hindiston, Janubiy Koreya va Vyetnamdan ham immigrantlar ko’p. Ularning 100 mingdan ortig’i ishlash uchun hujjat olishga yaroqli ekani aytiladi.

Panlilioning aytishicha, ularning ko’pi qo’rqqani uchun ham hujjat olishga shoshmaydi.

“Ayniqsa xitoyliklar orasida bu holat yuqori ekanini sezdim”, - deydi u.

Osiyolik immigrant jamoalari odamlarning huquqiy savodxonligini oshirib, ularni hujjat olishga da’vat etadi. Entoni Nag o’tgan yili hujjat topshirib, ishlash uchun ruxsat olgan.

“Men bu yerda o’rgangan Amerika qadriyatlari meni amerikalik qildi. Bu faqat bir parcha qog’oz emas. Men shu yerda o’sib ulg’aydim. Gapirishim, hatto o’ylashim amerikacha”, - deydi muhojir yigit.

Aynan amerikacha fikrlashi Entoni Nagni hujjatsiz muhojirlar huquqini himoya qiluvchi faolga aylantirdi.

Hozirda u ishlaydi. Yaqinda haydovchilik guvohnomasini olmoqchi. Kelajakda esa yurist bo’lish niyatida.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG