Amerikada noqonuniy muhojirlar hayotiga nazar

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama va Senat immigratsiya tizimini isloh qilib, mamlakatda yashayotgan 11 milliondan ziyod nolegal muhojir taqdiriga oydinlik kiritish umidida.


Roza Mariya Mendoza o’zi vatani Meksikaga qaytishga qaror qildi. Ayol Amerikada 12 yil noqonuniy ravishda yashadi. Mendozaning 15 yoshli o’g’li va 18 yoshli qizi Qo’shma Shtatlarda qoladi, buvisi bilan. Bolalar shu yerga o’rgangan, vatan deb biladi.

“Juda og’ir ahvolda qoldim. Bolalarimning holi nima kechadi? Ular Amerikaga ko’nikkan, mehr qo’ygan shu yurtga. Hisoblashishga majburman”, - deydi ayol.

San-Diyegodan Meksika chegarasiga bir necha daqiqada yetish mumkin. O’rtada bahaybat devor bor, soqchilar tunu kun mijja qoqmaydi. Sobiq qonunchi Dankan Xanter xavfsizlik zarur, deydi.

“Qo’shma Shtatlarga kelmoqchimisiz? Avvalo qonunni hurmat qiling, hamma qatori oldi eshikdan kiring”, - deydi u.

Lotin amerikalik nolegal muhojirlar orasida bolaligida ota-onasi bilan kelib qolganlar kam emas.

Vendi Romero 1,7 million omadli yosh yalangdan biri. Prezident Barak Obama o’tgan yilning iyunida e’lon qilgan loyiha doirasida u Qo’shma Shtatlarda qolishi mumkin.

Deportatsiyadan qo’rqib yashash yo’q endi.

San-Diyego Universiteti talabasi Mariya Estrada ham peshonasi yarqiraganlardan:

“Men kabi hujjati yo’q yoshlar nihoyat yengil nafas oldik. Shuncha payt vahimada yashadik. Bugun umid bilan qaraymiz kelajakka”.

Kaliforniyada dehqonchilikda band ishchilarning ko’pi hujjati yo’q immigrantlar ekani taxmin qilinadi.

San-Diyego Fermer xo’jaliklari idorasidan Erik Larson:

“Muhojirlar noqonuniy bo’lgani bilan bizga ularning yordami kerak. Ular juda malakali, ishini puxta biladigan fermerlar”.

Chegarani kesayotib har yili yuzlab migrantlar nobud bo’ladi. Lora va Jon Xanter sahroda muhojirlar uchun ichimlik suvi qoldirishni odat qilgan faollar guruhini boshqaradi. Lora Meksikada tug’ilgan. Uning aytishicha, hujjatsizlar odamday muomalaga haqli.

“Ular ham fuqarolikka kira olsin. Oilalarini boqish imkoniyatiga ega bo’lsin-da”, - deydi Lora.

Turmalarda noqonuniy muhojirlar deportatsiya qilinishini kutar ekan, faol Jon Xanter nazarida siyosatchilar tezroq yechim taklif qilishi kerak:

“Bizga yordamchi ishchilar kerak. Meksikada va boshqa davlatlarda ish yo’qmi, ularni Amerikaga olib kelishning ilojini qilaylik”.

O’zgalar fikricha, fuqarolik yoki grin kartani kutayotgan qonuniy muhojirlarning huquqini hurmat qilish va chegaralarni mahkam yopish zarur. Kongress bu masalada tarqoq va murosaga erishish mushkul bo’ladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG