Xose Antonio Vargas – mashhur jurnalist, noqonuniy muhojir

  • Amerika Ovozi

Tug’ilgan yeri Filippin, Qo’shma Shtatlarda yashab ishlaydi. “Vashington Post (The Washington Post) gazetasida muxbir bo’lib ishladi. 2008-yilda Virginia Texnologiya universitetida ro’y bergan qatliomni yoritib nufuzli Pulitzer mukofotini oldi.

Tug’ilgan yeri Filippin, Qo’shma Shtatlarda yashab ishlaydi. “Vashington Post (The Washington Post) gazetasida muxbir bo’lib ishladi. 2008-yilda Virginia Texnologiya universitetida ro’y bergan qatliomni yoritib nufuzli Pulitzer mukofotini oldi.

Yetuk muxbirlarga beriladigan nufuzli Pulitzer mukofoti sohibi, jurnalist Xose Antonio Vargas hujjati yo’q muhojir ekanini baralla aytib keladi. Tug’ilgan yeri Filippin, Qo’shma Shtatlarda yashab ishlaydi. Shu oy Vargas Amerikaga kirishga ruxsat beruvchi vizasi bo’lmagani uchun Texas shtatida ushlab qolingan.

Safarga chiqqanida u odatda Filippin pasporti va AQSh mustaqillik deklaratsiyasini yonida olib yuradi. Jurnalist immigratsiya tizimini isloh qilish kerak deb hukumatni hol-joniga qo’ymayapti. Qo’shma Shtatlarda o’qigan yoshlarga fuqarolik eshiklarini oching, deydi.

Vashingtondagi mehmonxonada yig’ilgan hujjatsiz muhojirlar o’zgarish istayapti.

Xose Antonio Vargas - jurnalist, rejissyor va immigrantlar huquqi himoyachisi. Uch yil oldin “New York Times” gazetasida e’lon qilgan maqolasida Vargas hujjatsiz muhojir ekanini tan olgan edi. “Time” jurnalining muqovasida chiqqan muxbir huquqiy maqomi bosh og’riq ekanini, hayotini og’irlashtirganini e’tirof etadi.

“Hujjati yo’q odamning vahimasi menga juda tanish. Minglab odamlar mamlakatdan haydaladi. Ularni ko’rib vijdonim qiynaladi”, - deydi u.

Huquq himoyachisi Anjela Kelli nazarida Vargas oraga tushib, immigratsion muammoga e’tiborni oshirishi aniq.

“Xose Antonio Vargas muhokamani juda qizdirib yubordi. 12 yoshida Qo’shma Shtatlarga kelgan. Onasi uni samolyotga o’tqizib, buvi va bobosi bilan yashashi uchun Amerikaga jo’natgan. Chunki vatani Filippinda iste’dodli bu bola uchun imkoniyatlar yo’q ekanini bilgan ona. Vargas o’qigan, ingliz tilini o’rgangan. 16 yoshida haydovchilik guvohnomasini olishga borsa, rasmiylardan rad javobini olgan. Chunki qarasaki, hujjati yo’q muhojir ekan”, - deydi Kelli.

Xose Antonio Vargas “Vashington Post (The Washington Post) gazetasida muxbir bo’lib ishladi. 2008-yilda Virginia Texnologiya universitetida ro’y bergan qatliomni yoritib nufuzli Pulitzer mukofotini oldi. Lekin hujjatsiz ekanini yashirish tobora qiyin bo’lib borardi.

“Buvim bilan telefonda gaplashsam, mukofot bilan tabriklash o’rniga birinchi bergan savoli - odamlar hujjating yo’q ekanini bilsa nima bo’ladi? Qaysidir payt ishxonamning hojatxonasiga kirib, alamimdan yig’lab yuborganim esimda. Chunki nima qilarimni bilmas edim, qayerga borib dardimni aytishimni bilmas edim”, - deydi Vargas.

Biroq 2013 yilda “Nyu-York Tayms” (The New York Times) jurnalida chiqqan izhori uni olamga tanitdi.

Vargas 2013-yilda Senat Adliya qo’mitasida tarixini so’zlab berdi.

“Janob Leyxi, qo’mita vakillari, e’tiboringiz uchun rahmat. Aytishim kerak, hujjati yo’q muhojir ekanimni oshkora tan olishimga 12 yil vaqt ketdi. Bunga jasorat qilish osonmas edi. Oxirgi yillarda nolegal ekanini aytib chiqayotgan yoshlar tobora ko’payib borayapti. Biz bilgan Amerika haqida haqiqatni aytayapmiz. Fuqaro bo’lishni orzu qilib yashaymiz, toki Amerika jamiyatining to’laqonli a’zosi bo’la olaylik”, - deydi jurnalist.

“Jamoatchilik oldida so’zlaganimda odatda erkinlik kuychisi Martin Lyuter Kingdan iqtibos keltiraman: Bu og’ir, murakkab damlarda tarixning yodida qoladigan narsa yomon odamlar emas, balki sukut saqlagan yaxshi insonlar. Yaxshi odamlar ortiq jim o’tirishi mumkin emas. Tarixning haqli tomoniga turing”, - deydi Vargas.

Xose Antonio Vargas nazarida immigratsiya masalasi zamonamizning fuqaroviy, inson huquqlariga doir muammosidir. Kurashni davom ettirish uchun u “Define American” – “Men ham amerikalik” nomli tashkilotiga asos soldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG